Kurs ishining maqsad va vazifalari. Ko’rilayotgan davr ichida O’rta Osiyo xalqlari madaniy hayoti murakkab va mashaqqatli yo’lni bosib o’tdi. Uzaro qirg`inbarot urushlar, tez-tez bo’lib turadigan chet el bosqinchilarining talon-torojlari ba’zida xalqning asrlar bo’yi yaralgan ma’naviy va moddiy madaniyati boyliklarini bir uyum xaroba va kulga aylantirar, faqat mo’jiza bilan saqlanib qolgan urug`largina madaniyatning yangi nihollarini etishtirardi. Xalqning fidoyi o’g`il-qizlari ularni sevib parvarishlar, shogirdlar va o’rinbosarlar tayyorlashar, o’zlaridan oldin o’tgan ajdodlarning an’analarini davom ettirar edilar. Temur o’limidan keyin ham shunday bo’ldi. Temurning ulkan feodal davlati qilich va qalqon itoatida edi. Xalq ommasi esa feodallarning jabr-zulmi ostida yashardi. Temur vafotidan so’ng (5.02.1405 yil) hokimiyat uchun kurash boshlanadi va to’rt yildan so’ng Temurning o’g`li Shohruh bu kurashda g`olib chiqadi. U otasi idora qilgan hokimiyatni ikki kismga bo’ldi: markazi Qirotda bo’lgan, o’zi boshqargan Xuroson davlati va markazi Samarqandda bo’lgan, o’g`li Ulug`bek boshqargan Movarounnahr davlati.
Temurning nabirasi Shohruhning to’ng`ich o’g`li Ulug`bek 1394 yil 22 martda (796 yil) Sultoniya shahrida, Shohruhning 17 yashar xotini Gavharshodbegimdan tug`ildi. Gavharshodning otasi Chig`atoy zodagonlari vakili, Chingizxon hayotini saqlab qolgan Kishliqning o’g`li Giyosiddin Tarxon edi. Temur vafotidan so’ng Shohruhning xotini erining hukmronlik yillarida muhim rol o’ynadi. Yangi tug`ilgan chaqaloqqa Muhammad Tarag`ay nomi berildi. Lekin hali Temur hayotligi davridayoq uni Ulug`bek deb atashardi.
I BOB SHOHRUH MIRZO VA MIRZO ULUG‘BEK SHAXSIYATI.
Shohruh Mirzo temuriylar saltanati davomchisi.
Shohrux Mirzo Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li bo‘lib, 1377 yil 20 avgust, payshanba kuni olamga kelgan. Tarixchi Xondamirning bergan ma’lumotiga qaraganda, Shohruxning onasi Tag‘oy Turkon og‘o Sohibqironning xos kanizaklaridan bo‘lib, Amir Temur keyinchalik uni o‘z nikohiga kiritgan. Shunday bo‘lsa ham Shohruxni Saroymulk xonim tarbiyalab voyaga yetkazgan.
Shohrux Mirzo yoshligidanoq ahkomi shariatga qattiq rioya qilib, diniy kitoblarga qiziqqan. U 20 yoshigacha otasi Sohibqiron qavatida bo‘lib, harbiy yurishlarda, jumladan, Falastin yurishida ham faol qatnashgan. Amir Temur 1397 yilda unga Xuroson, Seyiston va Mozandaron hokimligini bergach, to 1405 yilgacha Xuroson hukmdori degan nom bilan kifoyalanadi.
Fasih Xavafiyning yozishiga qaraganda, Shohrux Mirzo Hirotning nufuzli xo‘jazodalari rahnamoligida Xuroson hokimligini boshqargan. Amir Temur vafotidan so‘ng Shohrux Mirzo taxtga da’vogarlar qatorida valiahd Pir Muhammad Mirzo bilan ittifoq tuzib, samarqand hukmdori Xalil Sultonga qarshi kurashadi. 1407 yili Pir Muhammad Mirzoning fojiali o‘limidan so‘ng yakka o‘zi kurashni davom ettirib, 1409 yili Xalil Sulton ustidan qo‘li baland kelib, taxtni qo‘lga kiritgach, Movarounnahrni to‘ng‘ich o‘g‘li Ulug‘bek Mirzoga, Balxni ikkinchi o‘g‘li Sulton Ibrohim Mirzoga, Hisorni marhum Muhammad Sulton Mirzoning o‘g‘li Muhammad Jahongir Mirzoga, Farg‘onani esa marhum akasi Umarshayx Mirzoning o‘g‘li Ahmad Mirzoga in’om qilib, o‘zi Hirotga qaytib ketadi.
Shohrux Mirzo asta-sekin o‘z akalari Jahongir, Umarshayx va Mironshohlarning avlodini har xil yo‘llar bilan o‘ziga tobe qilib, Movarounnahr, Ozarbayjon, Iroq, Xuroson va Shimoliy Afg‘onistondan iborat katta bir davlat jilovini o‘z qo‘liga kiritib, Hirotni o‘zining poytaxti deb e’lon qiladi va «ulug‘ xoqon» sifatida saltanatni boshqarishga kirishadi.
Shohrux Mirzo ko‘p vaqtini toat-ibodat va kitob mutolaasiga sarflarkan, devon va saltanatni boshqarishda o‘ktam va tadbirkor xotini Gavharshod begim faol ishtirok ettan.
Shohrux Mirzo ixlos va niyozmandlik yuzasidan darveshlar hamda go‘shanishinlarga iltifotlar ko‘rsatib, Hirotning Jome’ masjidida juma namozini xaloyiq bilan birga o‘qirdi. Juma namozlarining birida (1427 yil 21 fevral) Ahmad nomli kimsa masjid ichida Shohrux Mirzoga pichoq sanchadi. Ahmad o‘sha zahoti qatl etiladi. Tabiblarning jonbozligi bilan qilingan muolajadan so‘ng zaxm bitib, Shohrux Mirzo tuzalib ketadi. Shohrux Mirzo umrining oxirigacha o‘z o‘rniga valiahd tayinlashga ikkilanib yuradi. 1446 yili Shohrux Mirzo o‘z nabirasi, Qazvin, Ray va Qum viloyatlari hukmdori Sulton Muhammadga qarshi yurish boshlaydi. Chunki Sulton Muhammad bobosi Shohrux Mirzoga qarshi bosh ko‘tarib, Hamadon va Isfahonni bosib olib, Sherozni qamal qilgan edi. Shohrux Mirzo qo‘shini g‘arbiy Eronda hech qanday qarshilikka uchramaydi. Nimagaki, bobosining kelayotganini eshitgan Sulton Muhammad Sheroz qamalini bo‘shatib, toqqa qochgan edi. Qo‘zg‘olon aybdorlari ayovsiz jazolanadilar. Mazkur harbiy yurishdan qaytayotganda Shohrux betoblanib, 1447 yili Ray viloyatida, 70 yoshida vafot etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |