II.Bugungi zamonaviy kunda komil insonni tarbiyalash yo’llari
2.1.Hozirgi yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalash yo’llari
Kishilik tarixidan ma’lumki, komillik sifati faqatgina insonga nisbatan qo‘llaniladi. Zero yer yuzidagi tirik mavjudotlar orasida faqat odamzodgina aqlga ega bo‘lgan yagona bunyodkor hisoblanadi. Bundan tashqari inson – tafakkur va tasavvur sohibi, fikr-tuyg‘ular, g‘oya va orzularga ega bo‘lgan, ularni amalga oshira oladigan zotdir. Aniq fanlar uchun odam – bu biologik yoki fiziologik vujud va moddiy ehtiyojlar sohibi bo‘lsa, ijtimoiy-gumanitar fanlar uchun u madaniy borliq, ma’naviy boyliklar yaratuvchi bo‘lib hisoblanadi. Ana shu bois, insonni ijtimoiy jihatdan baholaganda bo‘y-basti, shaklshamoyili, og‘irligi emas, balki uning intellektual imkoniyatlari, yarata olish qobiliyati, faoliyati, xatti-harakati, fe’l-atvoriga ko‘proq e’tibor beriladi. Boshqacha qilib aytganda, insonning qadr-qimmati va hurmat-e’tibori uning moddiy emas, balki ijtimoiy sifatlari va aniq faoliyat mezonlari bilan belgilanadi.
Ana shu sababdan ham insoniyat asrlar davomida jismoniy sihatsalomatlik bilan birga, ma’naviy komillik va yetuklikni orzu qilib keladi. O‘zining aql kuchi, tafakkuri qudratini, bilimlari darajasini oshirishga harakat qiladi. Bu yo‘lda qanchadan qancha kitoblar yozilgan, kashfiyotlar qilingan, olamshumul yutuqlarga erishilgan. Komil inson azal-azaldan xalqimizning ezgu orzusi, ma’naviyatining uzviy bir qismi bo‘lib kelgan. U islom falsafasidan oziqlanib, yanada kengroq ma’no-mazmun kasb etgan. Barkamol inson haqidagi yuksak g‘oyalar Abu Nasr Forobiy va Alisher Navoiy kabi mutafakkirlarimizning asarlarida, ayniqsa, teran ifodasini topgan.
Madaniy merosimizning ilk namunalaridan biri «Avesto»dayoq g‘oyaga alohida e’tibor bilan qaralganini ko‘ramiz. Asarda «ezgu fikr», «ezgu so‘z» va «ezgu ish» tamoyillarini o‘z qiyofasida ifodalagan kishi komil bo‘lishi mumkinligi misollar orqali ko‘rsatilgan. Ana shu uch xususiyat aslida eng yetuk inson qiyofasining asosiy belgisi emasmi? Haqiqatan ham inson ezgulikni o‘ylasa, unga intilsa, ezgulikdan so‘ylasa va kuylasa, unga amal qilsa, bu jarayonda ezgu ishlarni amalga oshirsa, shuning o‘zi komillik emasmi?
Vatanimiz tarixidan ma’lumki, umuman ta’lim va tarbiya muammolari va xususan komil inson masalasi doimo ulkan ma’rifiy vazifa sifatida qaralgan. Bu masala ayniqsa tasavvufning bosh mavzularidan biri bo‘lgan va o‘tmish allomalari ijodida o‘z aksini topgan. O‘rta asrning yirik namoyandalari Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino, Unsurulmaoliy Kaykovus, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Mahmud Koshg‘ariy, Lutfiy, Alisher Navoiy va boshqa ko‘plab allomalar ham o‘z asarlarida komil inson tarbiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan qimmatli fikrlarni bayon qilganlar.
Misol uchun Unsurulmaoliy Kaykovusning 44 bobdan iborat bo‘lgan «Qobusnoma»sini olaylik: 63 yoshida, ya’ni muayyan hayotiy tajriba to‘planganidan so‘ng, yozishni boshlagan mutafakkir, bu asarda o‘z o‘g‘liga murojaat orqali, kelajak avlodning mukammal qiyofasini yaratishni maqsad qilib qo‘ygan.
Kitobda jumladan shunday fikrni o‘qiymiz: «Ey farzand, ogoh bo‘lki, hamma maxluqotdan (ko‘ra) odam yaxshiroq yaratilgan va o‘zga jonivorlardan odam o‘n daraja ziyodadir». Komillik g‘oyasi zaminimizda chuqur ildiz otgan, uning ta’sirini barcha zamon olimlari ijodida, mutafakkirlari faoliyatida yaqqol ko‘rish mumkin. Masalan: insonga ta’rif berar ekan, Abu Nasr Forobiy jumladan shunday yozadi: «Barcha hayvonlardan inson o‘z alohida xossalari bilan farq qiladi, chunki unda jon bor. Ana shu jondan kuch paydo bo‘lib, bu kuch tana a’zolari vositasi bilan harakat qiladi va bundan tashqari unda shunday kuch borki, bu kuch tana a’zolari vositasisiz harakat qiladi. Bu kuch aqldir. Aql faqat insongagina xos bo‘lgan tug‘ma quvvat, ruh bilan bog‘liqdir».
Odamning qadr-qimmati, aql-zakovati, ijodiy va bunyodkorlik imkoniyatiga yuksak baho bergan Forobiy uchun inson – shunchaki tirik mavjudot emas, balki o‘z mohiyatiga ko‘ra, aqlidrokining kuchi orqali komillikka daxldor bo‘lgan ijtimoiy xususiyatlar sohibidir. Olim fikricha inson – ijtimoiy faol mavjudot. Uning hayoti, yashash tarzi mazmun-ma’nosiz kechmasligi lozim. Bu hayot, avvalo, aql orqali boshqarilishi, tashkil qilinishi, aniq maqsadga yo‘naltirilishi va albatta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lishi zarur.
Forobiy o‘zining «Aflotun qonunlarining mohiyati» asarida komillik ma’nosiga uyg‘un bo‘la oladigan «Oliyjanoblik» sifatiga quyidagicha izoh beradi: «Oliyjanob (kishi) o‘z go‘zalligi, kuchi, zaifligi, sog‘lomligi yoki semizligi uchun oliyjanob emas, balki qonunlarga mos hayot tarzi bo‘yicha ma’qul ko‘rilgan odatlarga rioya qilgani uchun oliyjanobdir».
Ko‘rinib turganidek, Forobiy uchun komillik tushunchasining eng muhim sifati va asosiy mezoni insonning o‘zi yashab turgan davrdagi xatti-harakatlari va jamiyatdagi qabul qilingan qonunqoidalarga rioya etishi bilan bog‘liq deb hisoblaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |