I-BOB. Qadimgi davr insonlarning urf-odatlari va axloqning shakllanishi.
11.Qadimgi davr ma'naviyatining shakllanishining ilk nishonalari.
Ma’lumki, yurtimizdagi bizga ma’lum ilk shakllangan yaxlit ma’naviyat tizimi “Avesto” kitobida o’z aksini topgan. Bu kitob mustaqillik sharofati bilan hozirgi o’zbek tiliga to’liq tarjima qilinib nashr etildi. Bir paytlar bu kitob muqaddas “mazdayasna” diniga asos bo’lgan bo’lsa, bugun biz unga yirik adabiy yodgorlik sifatida qaraymiz. “Avesto” matnlari shakllangan, yig’ilgan va qayta yig’ilgan davrlar asotir tafakkur davri bo’lgani sababli bu kitobda bayon etilgan ma’naviy qadriyatlar tizimi keyinchalik boshqa yurtlarga tarqalib, turli siyosiy, g’oyaviy ta’sirlar ostida ko’p joylarida mushriklik aqidalari bilan chalkashib ketdi. Masalan, Zardusht gohlarida tilga olingan 7 amshosipandlar mohiyatiga e’tibor qaratadigan bo’lsak, qadim avesto tilida Spinta Maynyu (Sipand Miynu) - “tafakkur olami”, Ashah Vahishta (Ardabehesht) – “go’zal haqiqat”, “mukammal nizom”, Vuhuvmana (Bahman)– “ezgu niyat”, Spinta Ormaitiy (Ispandormaz) - “komil aql”, Zashra Vayrayah (Shahriyor)– “umid dunyosi”, Amirmitota (Amurdod) – “umrboqiylik”, “abadiyat”, Xavravatot (Xo’rdod) – “komillik”, “to’g’rilik” ma’nolarini anglatib kelgan. Keyinchalik kohinlar talqinida bularning harbiri ilohiy xilqat sifatida tasavvur qilinib, ularga sig’inish qoidaga aylangan, ya’ni Zardusht da’vatidagi yagona Parvardigor - Axura Mazda(ilohiy bilim egasi, ma’nosida)ga e’tiqod qilish o’rniga yuqoridagi kabi ma’naviy qadriyatlarni ilohlar, ya’ni sig’inish ob’ektlariga aylantirish holati yuz bergan. Islom dini bu sohada masalani oydinlashtirdi. Qur’oni karimning nozil bo’lishi bilan umumbashariy miqyosda uzil-kesil asotir tafakkurdan ilmiy tafakkurga o’tishning e’tiqodiy asoslari mukammal tus oldi. Keyinroq borib ma’naviyatga oid fanlarning umummetodologik asosi - naqliy va aqliy bilimlar uyg’unligi mustahkam poydevorga ega bo’ldi. Nega deganda, insoniylik, mehr-oqibat, halollik, oxiratni o’ylab yashash, yaxshilik, mehr-shafqat singari xalqimizga mansub bo’lgan fazilatlar aynan shu zaminda ildiz otadi va rivojlanadi”.3 Kitobda yana shunday deyiladi: “... xalqimizning ma’naviyatini shakllantirishga, har qaysi insonning Olloh marhamat qilgan bu hayotda to’g’ri yo’l tanlashi, umrning mazmunini anglashi, avvalambor, ruhiy poklanish, yaxshilik va ezgulikka intilib yashashida uning ta’sirini boshqa hech qanday kuch bilan qiyoslab bo’lmaydi”.4 Ma’lumki, sho’rolar davrida “din xalq uchun afyundir” degan haqoratli tamg’a ostida xalqimizning imon-e’tiqodi, ming yillik ezgu qadriyatlari toptab kelindi, imon ilmga zid qo’yildi. Afsuski, bunday qarashlar bugungi kunda ham ba’zi o’zini “ziyoli” hisoblovchilar, hatto ma’naviyat sohasiga aloqador kishilar ongini to’liq tark etgani yo’q. Ular bugun ham Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Abu Iso Termiziy, Burhoniddin Marg’inoniy, Mahmud Zamahshariy kabi butun jahon tan olgan zotlarning e’tiqodi, demakki, islom ma’rifatiga qo’shgan beqiyos hissalariga bepisand nazar bilan qarashga, ya’ni shunday ulug’ zotlardan ko’ra o’zlarini “bilimdonroq”, “ongliroq” hisoblashga uyalmaydilar. Hanuz diniy bilimlarni dunyoviy bilimlarga zid qo’yishga moyillik bildiradilar. Agar biz bu e’tiroflarni I.Karimovning yana Ahmad Yassaviy, “shayxi valitarosh” deb nom taratgan Najmiddin Kubro kabi buyuk ma’naviyat pirlari haqida turli sabablar bilan bildirgan mulohazalari bilan qiyoslaydigan bo’lsak, umuman Buyuk murshidlar ishlab chiqqan irfoniy takomilning 4 bosqichi (shariat, tariqat, ma’rifat, haqiqat) haqidagi tasavvurlar tizimi, darhaqiqat, shaxs ma’naviyatini shakllantirish borasida katta siljishlarga olib keldi. Agar Forobiy, Biruniy, Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib singari islom ma’rifatchiligi namoyandalarining yosh avlod tarbiyasiga oid qarashlarida aqlga, bilimga tayanish ustunlik qilgan bo’lsa, tasavvuf ta’limoti ko’ngilni poklash, ilm va amal uyg’unligi, umumbashariy mehr, har ishda niyat xolisligi masalalariga e’tibor qaratdilar. G’azzoliydan boshlab “inson vujudida ko’ngil – podshoh, aql – vazir” degan qarash etakchi o’ringa o’ta boshladi va Alisher Navoiy ijodida bu tamoyil o’zining mukammal ifodasini topdi. Shuningdek, Prezident asarida islom ma’rifati va diniy aqidaparastlik jaholati butkul ikki qarama-qarshi qutb ekanligining juda ishonarli isbotlari keltirilgan. Darhaqiqat, ulug’ ajdodlarimiz doimo taqlidiy imonga, aqidaparastlik jaholatiga ayovsiz tanqidiy munosabat bildirib kelganlar. Yurtimizda 70-80 yillardan boshlab kommunistik aqidaparastlikdan “nusxa ko’chirish” asosida yuzaga kelgan ba’zi oqimlarning kelib chiqish makonlari surishtirib borganda xorijiy ta’sirlarga borib taqalishi bejiz emas, bizning yurtimizda ularning “ildizlari” mutlaqo topilmaydi. Shunday qilib, birinchi prezident I.A.Karimov milliy ma’naviyatimizni shakllantiruvchi asosiy mezonlar haqida gapirar ekan, oldingi asarlarida ham qat’iy turgan printsipini rivojlantirib, ulug’ ajdodlarimiz merosida aks etgan diniy va dunyoviy bilimlar majmuiga teng ko’z bilan qarash, ularni uyg’unlikda olib o’zlashtirish lozimligini, faqat shundagina ma’naviy mukammallikka erishish mumkinligini qayta-qayta ta’kidlaydi. Chunki bundan boshqacha yondoshuv albatta biryoqlamalikka, demakki, ma’naviy noto’kislikka sabab bo’lishi aniq. Kitobda xalqimizning o’tmishda islom ilmlari rivojiga qo’shgan ulkan hissalarini jahon tan olgan ulug’ allomalari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg’inoniy, buyuk tasavvuf pirlari Abduxoliq G’ijduvoniy va Bahouddin Naqshband kabi tabarruk siymolarning millatimiz ma’naviy takomiliga qo’shgan xizmatlari bilan bir qatorda, matematika va astronomiya singari aniq fanlar; meditsina, farmakognoziya , mineralogiya kabi tabiiy fanlar; logika, filologiya va jamiyatshunoslik fanlari sohalarida jahon ilmi rivojiga barakali ta’sir ko’rsatgan qomusiy allomalar Muhammad ibn Muso Xorazmiy, Ahmad Farg’oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug’bek kabi mo’’tabar zotlarning har biri xususida alohida to’xtalib, ularning nafaqat milliy ma’naviyatimiz, balki bashariyat ma’naviy takomiliga ko’rsatgan ta’sirlarini birma-bir qayd etib o’tilishi bu soha olimlari uchun muhim nazariy-metodologik namuna sifatida qabul qilishga arziydi. Birinchi prezident I.A.Karimov bu buyuk siymolar shaxsiyatiga nega bunchalik ahamiyat qaratayotganligini shunday izohlaydi: “Bizning o’z oldimizga qo’ygan maqsadimiz bunday ulug’ zotlarning hayot yo’li va qoldirgan merosini to’liq tasvirlash emas, balki ularning eng buyuk namoyandalari timsolida ma’rifat, ilmu fan, madaniyat, din kabi sohalarning barchasini o’zida uyg’unlashtirgan xalqimizning ma’naviy olami naqadar boy va rang-barang ekanligini isbotlab berishdan iboratdir. Bunday noyob va bebaho boylikni har tomonlama chuqur o’rganish, uning ma’no-mazmunini farzandlarimizga etkazish masalasi barchamiz, birinchi galda, ziyolilarimiz, butun jamoatchiligimiz uchun ham qarz, ham farz bo’lishi shart, deb hisoblayman”.5 Kitobda “tengsiz azmu shijoat, mardlik va donishmandlik ramzi bo’lgan” Sohibqiron Amir Temurning mumtoz siymosi, uning nabirasi olim va hukmdor Mirzo Ulug’bekning ilmiy jasorati chuqur ehtirom bilan yodga olinadi. Kitob muallifi o’z hissiyotlarini shunday bayon qiladi: “Shaxsan men “Temir tuzuklari”ni har gal o’qir ekanman, xuddiki o’zimga qandaydir ruhiy kuch-quvvat topgandek bo’laman...” Ma’lumki, o’z vaqtida 1991 yil Alisher Navoiy yili deb e’lon qilingan va o’sha yil to’kin kuzning birinchi oyida o’zbek milliy ma’naviyatining quyoshiga bag’ishlanadigan asosiy tantana va tadbirlarni o’tkazish belgilangan edi. Ollohning inoyatini qarang-ki, xuddi ushbu tantanalar boshlanishi oldidan mamlakatimiz siyosiy mustaqillikni qo’lga kiritdi va sentyabrning birinchi kuni Mustaqillik bayramiga aylandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |