P.Buagilberning iqtisodiy ta‟limoti. Jamiyatdagi yuqori ijtimoiy mavqe P.Buagilberda mamlakatning iqtisodiy muammolarini bilishga, XVII asrning oxiri XVIII asr boshida Fransiya viloyatlaridagi aholi turmush darajasining pastligi sabablarini aniqlashga qiziqish uyg’otdi. U o’zining birinchi islohotlar to’g’risidagi mulohazalarini (merkantilistlarga qarshi) 50 yoshida yozgan «Fransiya holatining mufassal tavsifi, uning farovonligining pasayishi sabablari va qayta tiklanishining oddiy usullari...» asarida e‘lon qildi. P.Buagilber bu asarida merkantilizm iqtisodiy siyosatini qattiq tanqid qildi. Bu siyosatning boshida o’sha davrdagi Lyudovik XIV qirolligida moliya vaziri lavozimini egallab turgan Jan Batist Kolber turar edi. U Fransiya tovarlari eksportini rag’batlantirishni, Fransiyaga keladigan import tovarlarni esa cheklashni, qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishiga yuqori soliq belgilashni qonunlashtirgan. Bu sanoat ishlab chiqarishiga hamda bir butun milliy iqtisodiyotga salbiy ta‘sir ko’rsatdi. Iqtisodiyotdagi salbiy holatlarni bartaraf etish yo’llarini aniqlash P.Buagilberning keyingi, XVIII asrning boshida chop etilgan asarlarining ham asosiy vazifasi hisoblanadi. Ularda P.Buagilber merkantilizmni tanqid qilishni davom ettirdi, islohotlar zarurligini asoslab berdi, iqtisodiy o’sishning va davlat boyligining asosi deb bilgan qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish muammolariga alohida e‘tibor qaratdi. Bunday qarash Fransiya iqtisodiy qarashlarida XVIII asrning yarmigacha saqlanib qoldi. Chunki o’sha davrda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishining hal qiluvchi mavqeyini targ’ib qiluvchi fiziokratizm ancha kuchaygan edi. 1707-yili P.Buagilberning «Fransiyani qoralash» asari chop etildi. Unda Fransiyaning kambag’allik holati ko’rsatildi, merkantilistik siyosat qoralandi. Iqtisodiy islohotlar o’tkazish to’g’risida yangi g’oyalar ilgari surildi. Biroq ular o’zi ishongan va umid qilgan hukumat vazirlari tomonidan ham e‘tiborga olinmadi, qo’llab-quvvatlanmadi. Iqtisodiy fikrlarning rivojlanishida va Fransiyada bozor munosabatlarining shakllanishida P.Buagilberning hissasi katta bo’ldi. Aynan uning asarlari merkantilistik g’oyalarning batamom obro’sizlanishi va Fransuz klassik iqtisodiy maktabining shakllanishi uchun nazariy-metodologik asos bo’lib xizmat qildi. P.Buagilber mamlakatning boyligi pul miqdoridan iborat emas, balki barcha foydali narsa va ne‘matlardan tashkil topadi, degan konsepsiyani ilgari surdi.