1.2. Zamonaviy jamiyatda ijtimoiy tarmoqlarning nazariy va amaliy tavsifi, inson ma’naviy olamiga ta’siri
Bugungi zamon shiddati hayotimizni OAVlari, ayniqsa internet yoki ijtimoiy tarmoqlarsiz aslo tasavvur etib bo‘lmasligini namoyon etmoqda. Aksariyat odamlarning faoliyati internet, ijtimoiy tarmoqlar va telegram kanallari orqali dunyoda sodir bo‘layotgan kundalik yangiliklardan xabardor bo‘lish, ularni bir-biriga uzatish bilan bog‘liq.
Mamlakatimiz va dunyo miqyosida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar, voqea-hodisalar, yangiliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar barcha ijtimoiy tarmoqlarda aks etib boryapti. Bu yangiliklardan xabardor bo‘lishda esa internet tizimi, mobil telefonlar va kompyuter texnologiyalaridan foydalanish ancha qulay hisoblanadi. Bundan tashqari, o‘zaro ma’lumot almashish yoki biror voqea-hodisaga munosabat bildirish, o‘z fikrini bayon etish yoki o‘zaro muloqot qilishda ijtimoiy tarmoqlar juda qulay vositadir.
Bularning bari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar uchun o‘z fikrlari, qarashlari va tuyg‘ularini bayon qilishda tengsiz imkoniyat ekanligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun ham ijtimoiy tarmoqlar har qanday yoshdagi odamni bemisl darajada o‘ziga “maftun” qilib turadi.
Ijtimoiy tarmoqlar quyidagi hollarda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi:
bizning axborot, tajriba almashishimizga, yuzlab kilometr masofadagi do‘stlar, maslakdoshlar bilan aloqada bo‘lishimizga hamda ular hayotida kuzatilayotgan voqea-hodisalardan xabardor yurishimizga yordam beradi;
ular yangi bo‘sh ish o‘rinlari haqida tezroq ma’lumot olishimizni ta’minlaydi;
ijtimoiy tarmoqlar sharofati bilan ko‘p odamlar yangi do‘stlar orttirishadi;
ular sayohat qilish, transport va joy topish xarajatlarini tejashga ko‘maklashadi;
ko‘plab iste’dodlarning tanilishiga, kuch olishiga, mutlaqo begona kishilar e’tirofiga sazovor bo‘lishiga yordam beradi;
kimlar uchundir telegram, feysbuk, instagram daromad manbaiga aylangan, ular ehtiyojmandlarga davolanish uchun pul to‘plash uchun ham qulay;
hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarning huquq tartibot organlari xodimlariga ham yordami tegyapti.
Bunday xizmatlar ro‘yxatini uzoq davom ettirish mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarning ijobiy samarasi o‘laroq minglab foydalanuvchilarining faol fuqarolik pozitsiyasi shakllanmoqda. Fuqarolarning fikrlari, konstruktiv takliflari, garchi ular ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilgan bo‘lsa-da, inobatga olinmoqda, bu bilan davlat va jamoatchilik boshqaruvida aholining keng ishtiroki ta’minlanmoqda.
Bugungi kunda dunyo aholisining qariyb yarmi – ya’ni 3 mlrd.ga yaqin kishi turli ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqda. Shulardan eng katta qismi – 2.5 mlrd. odam “Facebook”da. https://napoleoncat.com sayti bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda “Facebook” tarmog‘idan foydalanuvchilar 1 millionga yaqinlashib qolgan. Ular o‘rtacha 25-34 yoshda bo‘lib, 65,5 foizini erkaklar, 34,5 foizini xotin-qizlarimiz tashkil etar ekan.
Ayni paytda dunyoda 1 mlrd.lik auditoriyaga ega Instagram O‘zbekistonda 1.586.500 nafar foydalanuvchiga ega. 2.476.590 lik Facebook esa mamlakatimizda 686.400 kishini birlashtirgan. 200 mln.lik Telegram – O‘zbekistonda 18 mln. kishiga xizmat ko‘rsatmoqda. Pandemiya, karantin qoidalari esa bu raqamlarning yanada keskin o‘sishiga olib keldi.
Yakka tartibdagi muloqot chin ma’noda ommaviy tus oldi. Boshqacha aytganda, mashhur olim E.Tofflerning axborot asrida barcha ishlab chiqarishlar, jumladan axborot vositalari ham ommalashuvdan noommalashuv tomon, ya’ni individullashuv tomon yuz tutadi degan bashorati bir qadar o‘z isbotini topmoqda.11 Mana shunday xususiyatlari bilan ommaviy kommunikatsiya zamonaviy sivilizatsiyaning o‘ziga xos ko‘rinishiga aylanib ulgurmoqda.
Nazariy jihatdan, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini uchta asosiy guruhga ajratish mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |