2.2. Ommaviy axborot vositalari – mafkuraviy markazlarning asosiy quroli sifatida.
Ommaviy axborot vositalari eng asosiy, qudratli va ta’sirchan mafkura vositasidir. Chunki ommaviy axborot vositalari ommaning o‘ziga xos tarbiyachisi, muhim tadbirlarning tashkilotchisi, dolzarb muammolarni hal qilishning ta’sirchan quroli bo‘lib xizmat qiladi. Aynan ommaviy axborot vositalari orqali milliy qadriyatlarimiz va umuminsoniy qadriyatlar, milliy g‘oya va demokratik tamoyillar targ‘ib-tashviq qilinadi. Ommaviy axborot vositalari doimo demokratiya va so‘z erkinligining o‘ziga xos o‘lchovi, ko‘rsatkichi bo‘lib kelgan. Erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalari demokratik taraqqyotni rag‘batlantiradi va mustahkamlaydi.
Hayotiylik - bugungi kunda ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga quyilayotgan asosiy talab hisoblanadi. Berilayotgan axborotlarning asosan yutuqlarni ko‘rsatish, maqtovlardan iborat bo‘lishi targ‘ibotga qanchalik foydali yoki zararli ekanini chamalab ko‘rish lozim. Hayot bor ekan, muammolar, kamchiliklar, nuqsonlar bo‘lishi tabiiy. Bu - isbot talab qilmaydigan aksioma. Shunday ekan, muammolarning mavjudligiga fojea sifatida emas, odatdagi narsa deb qarashga o‘rganish kerak. Ularning borligini ko‘rib, o‘zini ko‘rmaganlikka olish bilan faqat zarar keltirishi mumkin. Demak muammolarni o‘z vaqtida tan olish, ularni hal qilishga kirishish lozim.
Ta’kidlash joizki, targ‘ibotning negizida faqatgina g‘oyaga ishonch emas, g‘oyani targ‘ib qilayotgan insonga ishonch ham yotadi. Shu bois, maqtash targ‘ibotning yagona va hatto eng to‘g‘ri usuli ham emas. Demak mafkurani hayotni faqat maqtash, uni benuqson tasvirlash orqali targ‘ib qilish mumkin emas.
G‘arbda ommaviy axborot vositalariga qo‘pol bo‘lsa ham jamiyat manfaatlarini “qo‘riqlovchi kuchuk”, deb nisbat beradilar. Yetuk demokratik davlatlarda ular jamiyatning “ko‘zlari”, “quloqlari” vazifasini bajaradilar. Ogohlantiruvchi tizim sifatida ular jamiyatdagi illatlardan xabar beruvchi, muammolarni dadil kutarib chiqib, ularning turli echimlarini taklif qiluvchi qudratli kuchga aylangan. Ta’kidlash joizki, ommaviy axborot vositalari faoliyatining plyuralizm tamoyili asosiga qurilishi demokratiyaning taraqqiyotiga xizmat qiladi. Buning uchun qarama-qarshi nuqtai nazarlardan iborat bo‘lgan dasturlarni yaratish, muqobil fikrlar to‘qnashuviga erishish lozim. Shundagina ommaviy axborot vositalari jamoatchilik fikrini shakllantirish va rag‘batlantirishga qodir bo‘ladi.
Biz demokratiyani qanday tushunsak, ommaviy axborot vositalariga ham shunday vazifalarni yuklaymiz. Biz demokratiyani mustaqillik, erkinlik va mas’uliyat deb tushunar ekanmiz, ommaviy axborot vositalaridan ham mustaqillik, erkinlik va mas’uliyatni kutamiz. Demak, jurnalistlar bu tushunchalarini anglashi, ularga ehtiyoj sezishi, ularni qadrlashi, ulardan foydalana bilishi va ular uchun kurashishi zarur.
Ommaviy axborot vositalari orqali milliy g‘oyani singdirishning yana bir muhim jihati mavjud. Bu jihat - axborot terroriga, mafkuraviy tahdidlarga munosib javob berish, ma’naviy-mafkuraviy jihatdan xalqimizni tobe etishga intilishlarning payini kesish va O‘zbekiston fuqarolarida kuchli mafkuraviy immunitetni shakllantirish bilan bog‘liq. Ommaviy axborot vositalarining ta’sir kuchini ko‘rsatadigan shunday bir gap bor: “Har qanday puch g‘oya, uydirma haftasiga uch martadan to‘rt yil davomida takrorlansa – “haqiqat” tayyor bo‘ladi, odamlar unga chippachin ishonadilar”.
Oxirgi paytlarda informatsion xurujlarning tez-tez uyushtirilayotgani aslida urushga munosabatning o‘zgarganligidan, qurolning yangi turi kashf qilinganidan darak beradi. Bu qurol - axborotdir. Bunday qurol yordamida olib boriladigan informatsion urushlarda insonning ongi va qalbi nishonga olinadi. Garchi u daydi o‘q singari insonni jismonan yo‘q qila olmasa-da, uning qo‘poruvchilik kuchi, keltiradigan talofotlari har qanday ommaviy qirg‘in qurolinikidan kam emas. Chunki bu qurol yordamida inson ongiga berilgan zarbalar kishini adashtiradi, uni o‘z manfaatlariga zid harakat qilishga undaydi va demak insonni boshqarish, uning ustidan hukmronlik qilish imkonini beradi.
“Kerakli axborotga ega bo‘lish – bu boylik, axborotlarni muhim va ayni damda nomuhim turlarga ajrata olishlik – kattaroq boylik, muhim axborotni zarur vaqtda yetkaza olish yoki sir saqlay bilish - bu eng katta boylikdir”. Mazkur fikr Germaniya Oliy ta’lim tizimida o‘qitiladiga Politologiya darsligidan olingan. Bundan ham ko‘rsa bo‘ladiki, rivojlangan jamiyatlar o‘z yoshlariga axborot masalasida qanday tushunchalar berishayotganini.
Aslida, axborot maqsadga erishishning eng arzon vositasi ham sanaladi. Haqiqatan ham, informatsion xurujlar uyushtirish uchun u qadap ko‘p mehnat, u qadap ko‘p harakat, u qadap ko‘p harajat talab etilmaydi. Garchi bunday mafkuraviy ekspansiya otishmalar va qon to‘kishlarni keltirib chiqarmasa-da, milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini zaiflashtirish evaziga raqib jamiyatni tanazzulga yetaklaydi.
Birinchi Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bunday informatsion qo‘poruvchilikdan maqsad - mamlakatimiz aholisiga axborot orqali va mafkuraviy yo‘l bilan tazyiq o‘tkazish, jahon afkor ommasida O‘zbekiston haqida noto‘g‘ri tasavvur tug‘dirishga intilishdan iborat14. “Milliy istiqlol g‘oyasi asosiy tushuncha va tamoyillar” risolasidagi ba’zi fikrlar ham bugungi xurujlarning maqsadini oydinlashtiradi. Ushbu risolada aytilishicha, geopolitik maqsadlar - davlatning o‘zga hududlarda o‘z mavqei va ta’sirini kuchaytirishga qaratilgan siyosatdir15. Ochig‘i, bu ta’rif ayrim ommaviy axborot vositalarining faoliyati nimaga yo‘naltirilganligini fosh etib qo‘ymoqda.
Yirik siyosatchilardan biri Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri Margaret Tetcher “Ommaviy axborot vositalari terrorchilar uchun kislorod vazifasini o‘taydi”, degan edi. Bu gapning mag‘zini chaqqan odam “ommaviy axborot vositalari terrorchilar uchun havodek zarur ekan”, degan xulosaga keladi. Bir qarashda bu fikr mantiqsizday tuyuladi. Chuqurroq o‘ylab ko‘rsak-chi? Aslida, terrorchilar bir qancha insonlarni shafqatsizlik bilan o‘ldirish orqali millionlab insonlarda qo‘rquv va dahshat uyg‘otishga intiladilar. Demak ularning maqsadlari - o‘ldirish emas, jamoatchilikka kuchli ta’sir qilishdir. Taassufki, ba’zi ommaviy axborot vositalari o‘zlari bilmagan holda terrorizmning buzg‘unchilik, qo‘poruvchilik ta’sirini yanada oshirishga “xizmat” qilib qo‘yadi. Ularning terror oqibatlari haqidagi vahimali axborotlari insonlardagi qo‘rquvni, daxshatni, himoyasizlik hissini yanada kuchaytirib yuboradi. Bu kabi axborotlarga qarshi aksiltarg‘ibotni uyushtirish zarurati tug‘iladi.
Ommaviy axborot vositalari jamoatchilik fikrini shakllantirish, milliy istiqlol mafkurasini xalqimiz, avvalo yosh avlod ongiga singdirishda alohida o‘rin tutadi. Ular Ma’naviy-ma’rifiy islohotlar jarayoni, bu boradagi muammolarni, jamiyat hayotining turli qirralarini tezkorlik bilan aks ettiradigan eng samarali vositadir. “To‘rtinchi hokimiyat” hisoblangan OAVlari turli xil fikrlar, rang-barang qarash va yondashuvlarga keng yo‘l ochib berishi, hayotimizda yuz berayotgan yangilanish va o‘zgarishlarga odamlarning ongli munosabatini uyg‘otishi, xolislik va haqqoniyat tamoyillariga tayanib faoliyat yuritishi lozim.
Shu bilan birga OAV lari o‘z faoliyat hududini to‘liq ta’minlaydigan axborotlar bilan mutassil faoliyatda bo‘lishi talab etiladi. Agar xxborot xizmati o‘z aurasini, veb-saytini zarur axborotlar bilan to‘ldirib bormasa, o‘ziga yarasha “mafkuraviy bo‘shliq” paydo bo‘lishi va bu bo‘shliqmni albata qaysidir mafkuraviy markaz axborot xizmati to‘ldiradi, albatta faqat o‘zining manfaatiga xizmat qiluvchi axborot bilan.
Har kuni turli ma’lumotlar, yangi-yangi axborotlar bilan to‘ldirib borilgan veb-saytlarni birinchi galda OAV xodimlari kuzatadilar va o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlar, yangiliklarni olib, hozirjavoblik bilan yoritib boradilar. Bundan tashqari har bir Axborot xizmati o‘z tashkiloti haqida ma’lumotlar beruvchi kitoblar, risolalar, bukletlar chop qilishi va OAV vakillariga, turli anjumanlarda mehmonlarga, umuman, jamoatchilikka taqdim etishi maqsadga muvofiqdir.
Shiddatkor davr har bir jamiyatdan OAVlari vakillari oldiga ulkan vazifalar qo‘ymoqda. Shu bois zamon talablariga to‘liq javob beradigan raqobatdosh kadrlar tayorlash tizimiga ham lozim darajada e’tibor qaratish lozim.
XULOSA
OAV jamiyatimiz barcha jabhalarida muhim rol bajarmoqda. Shu jumladan, OAV ning O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni ham tezlik bilan mustahkamlanib bormoqda. Ommaviy axborot vositalarining mamlakatimizdagi faoliyatining tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 1991-yili mamlakatimizda bor yo‘g‘i 395 ta OAV faoliyat yuritgan. 2016-yilga kelib ularning soni 1437 taga yetgan bo‘lsa, bugun ularning soni 2 mingga yaqinlashdi va ularning aksariyati xususiydir. O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari uchun zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi. O‘zbekistonda yetakchi xorijiy OAV vakillari, jumladan Reuters, France Press, BBC, The Economist, Xinhua, “Amerika Ovozi”, “Fergana.Ru”, Eurasianet muxbirlari erkin ishlamoqdalar. O‘zbekistonda jamoatchilik bilan aloqalar, xalq bilan muloqot muhim ijtimoiy institutga aylanmoqda. Jamoatchilik fikri – fuqarolik jamiyatini o’zida aks ettiradigan bamisoli bir ko‘zgu ekanligi hayotda o‘z isbotini topmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga yo’llagan tabrigida ta’kidlanganidek, ―Xalq bilan muloqot, odamlarning orzu-intilishlari, dardu tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayotgan bugungi kunda har bir ommaviy axborot vositasi chinakam muloqot maydonchasiga, erkin fikr minbariga aylangan taqdirdagina biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erisha olamiz16.
Hozirgi kunga kelib O‘zbekistonda ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga jalb qiluvchi muammoning yoki voqeaning xabari matbuotda chiqqanidan so‘ng omma ichida qanday ijtimoiy rezonans yaratganini talqin qilish jarayoni OAV lari xodimlaridan ulkan kasbiy mahorat talab qiladigan eng muhim ishlardan biri bo‘la boshladi. O‘zbekistonlik jurnalistlar tomonidan mustaqil jurnalistik tadqiqotlar olib borilib, jamiyatimizdagi mavjud muammolarning tafsiloti mutasaddilar oldiga ko‘ndalang qo‘yish ishlari qanday amalga oshirilishini ommaga yoritish evaziga aholi orasida huquqiy savodxonlik rivojlanishi turgan gap. Natijada jamiyatimizdagi vaziyat hozirgidan mutlaqo boshqacha ijobiy tus olishi aniq.
Mamlakatimizda “Uchinchi RENESANNS” davri poydevorini yaratishga kirishgan ekanmiz, bu o‘rinda avvalo amalga oshirilayotgan islohotlar, joriy qilinayotgan o‘zgarish-yangiliklardan aholining xabardorlik darajasini ta’minlash, ana shu islohotlardan ko‘zlangan natijaga erishishimizda ko‘mak vazifasini bajaradi.
Qolaversa, kuchli fuqarolik jamiyatini qaror toptirishimizda, “jamoatchilik nazorati” institutining yuksalishida, faol fuqarolik pozitsiyasining shakllanishida OAV lari hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Yuksak ma’naviyatli, chuqur bilim va keng dunyoqarashga ega bo‘lgan Vatanparvar avlodni tarbiya qilishimizda, xalqimiz milliy qadriyatlarini, ma’naviy merosini targ‘ib qilishimizda OAV lari yaqin ko‘makchi bo‘ladi, albatta. Yetuk ma’naviy salohiyatli kadrlarga ega davlat va jamiyat taraqqiyoti barqaror va kelajagi buyuk bo‘ladi!
Do'stlaringiz bilan baham: |