2.1. Bozor muvozanat kontseptsiyasi
Klassik maktab namoyondalari bozorlar va baholarning umumiy muvozanati nazariyasini yaratdilar. Ularning umumiy muvozanat kontseptsiyasiga koʼra iqtisodiyotda faqatgina toʼliq bandlilik sharoitidagi muvozanat mavjud boʼlishi mumkin. Bunday xulosa J.B.Seyning bozorlar qonuniga tayanadi. Bu qonunga koʼra mehnat taqsimotiga asoslangan iqtisodiyotda har bir subʼektning ishlab chiqarishi bir vaqtning oʼzida boshqa subʼektlarning ishlab chiqarish natijalariga talab hisoblanadi. Oxir-oqibat yalpi talab yalpi taklifga teng boʼladi. Klassik iqtisodchilar fikriga koʼra АD ≠ AS holati roʼy bermaydi, umumiy xarajatlar miqdori yetishmay qolgan, yaʼni АD< AS holati roʼy bergan sharoitda ham baho, ish haqi va foiz stavkasi kabi dastaklar ishga tushadi va natijada xarajatlar miqdorining kamayishi ishlab chiqarishning real hajmi, bandlik va real daromadlar miqdorining kamayishiga olib kelmaydi.
Makroiqtisodiy muvozanatning klassik modeli ishlab chiqarish hajmi resurslarning bandliligi va ishlab chiqarish texnologiyalarining funktsiyasi hisoblanadi, va egiluvchan baholar mexanizmi tomonidan potentsial darajada tutib turiladi degan shartlarga tayanadi. Egiluvchan baholar mexanizmi hisobiga bozor iqtisodiyoti barcha mavjud resurslarning toʼliq bandlilgini taʼminlab turadi.
Klassik makroiqtisodiy muvozanat modelining oʼziga xos xususiyati pulning neytralligi printsipini koʼzda tutishidir. Bu model pul massasi real ishlab chiqarishga hech qanday taʼsir koʼrsatmaydi degan printsipga asoslanib tuziladi. Klassiklar modelida pul bozor agentlariga faqatgina bitimlarga xizmat qilishi, yaʼni oldi-sotti jarayonida sof texnik vazifalarni bajarishi uchungina kerak. Bu asosga koʼra klassiklar tomonidan klassik dixotomiya kontseptsiyasi shakllantirilgan. Klassik dixotomiya kontseptsiyasida – ikki parallel bozor, real va pul bozori alohida-alohida amal qiladi, ular oʼrtasidagi muvozanat avtomatik barqarorlashtirgichlar orqali taʼminlab turadi deb hisoblanadi.
Pul bozori investitsiya va jamgʼarmalar tengligini hamda toʼliq bandlik sharoitini taʼminlaydi. Faqatgina, ishsizlikning tabiiy darajasida «ixtiyoriy» ishsizlik boʼlishi mumkin, deb hisoblashadi. Bu shuni bildiradiki, АD va AS ning muvozanat nuqtasida ishlab chiqarish hajmi (Y) uning potentsial hajmiga esa (Y*) teng. Iqtisodiyotda yaratilgan daromadlaning bir qismi jamgʼarilishi yalpi talabning yalpi taklifni qoplashi uchun yetishmasligiga olib kelmaydi, chunki har bir jamgʼarilgan soʼm tadbirkorlar tomonidan investitsiyalanadi, deb taʼkidlashadi.
Аgarda, tadbirkorlar uy xoʼjaliklarining jamgʼarmalari miqdorida investitsiya qilishsa, ishlab chiqarish hamda bandlik darajalari doimiy boʼlib qoladi.
Klassik iqtisodchilar taʼkidlashlaricha, kapitalizmning oʼziga xos pul bozori mavjud va bu bozor jamgʼarma va investitsiyalarning tengligini taʼminlaydi. Bunda tenglashtiruvchi omil rolini foiz stavkasi oʼtaydi. Shuning uchun ham toʼliq bandlik mavjud boʼladi. Bu iqtisodchilar davlatning iqtisodiyotga aralashuvi qisqa muddatli samara bersada, uzoq muddatga, oxir-oqibat bozor iqtisodiyotining tabiiy harakat mexanizmiga notabiiy aralashilganligi uchun, salbiy oqibatlarga olib keladi deb hisoblashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |