MUNDARIJA
KIRISH 1
I-BOB ERTA TURMUSH QURISHNING SALBIY OQIBATLARI 3
1.1 Oila qurish masalalari muammolari. 3
1.2 Erta turmush qurishning salbiy oqibatlari. 6
1.3 Nikoh sabablari. 12
1.4 Eng erta nikohlar 18
II-BOB ERTA TURMUSH QURISH HAQIDA PSIXOLOGLAR FIKRLAR 18
2.1Erta turmush qurish haqida psixologlar fikri 18
2.2 Erta turmush qurishning afzalligi va kamchiliklari 20
2.3 Erta turmush qurish psixologiyasi 22
2.4Erta nikohning asosiy sabablari 25
XULOSA 26
ADABIYOTLAR 27
KIRISH
Har bir oila mustahkam poydevorga ega bo‘lishiga erishish, jamiyatda har bir go‘dakning sog‘lom tug‘ilishi va yashab ketishini to‘la kafolatlaydigan zarur shart-sharoitlarni yaratishga e’tibor qaratilmoqda.
Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, oila hayot abadiyligi, avlodlar davomiyligini ta’minlaydigan, xalqimizning muqaddas urf-odatlari sayqal topadigan, kelajak avlod kamolotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan tarbiya o‘chog‘idir. Asosiy qonunimizning 63-moddasida “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”, deya belgilab qo‘yilgan. Mazkur tamoyil asosida mamlakatimizda oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, unga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish choralari ko‘rilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, yigit-qizlarning turmush qurish yoshi oila mustahkamligiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillardan biridir. Afsuski, ayrim ota-onalar ko‘pincha farzandining kelajak taqdiri, baxt-saodati haqida o‘ylamay, hali balog‘at yoshiga yetmagan qizini uzatish yoki qarindoshimning qizi begona bo‘lmasin, deb o‘g‘il uylantirish taraddudiga tushadi. Buning oqibatida qizlarni o‘n olti, hatto undan kichik yoshda turmushga uzatib yuborish hollari uchrab turadi. Ammo bu ko‘p hollarda bo‘lg‘usi onaning salomatligi va ruhiyatiga, qolaversa, yosh oilaning mustahkamligi, tug‘ilajak farzandning sog‘lomligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
– Viloyatimizda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, tibbiy madaniyatni oshirish va yoshlarning nikohga oid tushunchalarini kengaytirish, qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohlarning oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotir, – deydi “Oila” ilmiy-amaliy markazining Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Zulfiya Oxunova. – Afsuski, ushbu sa’y-harakatlarga qaramay, reproduktiv salomatlik talablariga zid ravishda qizlarni barvaqt turmushga uzatish hollari kuzatilmoqda.
Har bir ota-ona o‘z farzandining baxtli bo‘lishini istaydi, albatta. Lekin qizimni tezroq turmushga bersam, xotirjam bo‘lardim, degan noto‘g‘ri qarash bilan qaysidir ma’noda o‘z halovatini o‘ylaydigan, farzandining o‘qishni davom ettirishi yoki egallagan kasbi bo‘yicha ishlashiga to‘sqinlik qiladigan ota-onalar ham yo‘q emas. Mana shunday ota-onalarga tushuntirish maqsadida barcha shahar va tumanlar, qishloq va mahallalarda mutaxassislar ishtirokida aholi vakillari bilan muntazam davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlarda qiz bolani barvaqt turmushga berish va erta farzand ko‘rish, qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari, nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishning zarurligi borasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar tomonidan qizlarning 16-18 yoshlarda ona bo‘lishi jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi aniqlangan. Ko‘p hollarda bunday yoshdagi qizlarning sog‘lom farzandni dunyoga keltirishida turli muammolar kelib chiqadi. Qizlarning jismonan va ruhan onalikka tayyor bo‘lmasdan oila qurishi ko‘pincha tug‘ruq jarayonida o‘lim xavfi ortishiga sabab bo‘ladi. Binobarin, erta homiladorlik yosh ona hamda bo‘lajak farzand uchun har tomonlama xavflidir.
– Ayol qancha yosh bo‘lsa, homiladorlik davridayoq turli patologik, ekstragenital xastaliklar kuchayadi, yo‘ldosh yetishmovchiligi, suyaklar tizimida ro‘y beradigan o‘zgarishlarning salbiy oqibatlari ko‘p bo‘ladi, – deydi Farg‘ona shahridagi 5-oilaviy poliklinika akusher-ginekologi Nasiba Asqarova. – Erta homiladorlik ko‘pincha bola tushishi yoki o‘lik tug‘ilishi bilan tugaydi, bu holat homilaning nuqsonli rivojlanishi sababli ham ona, ham bola salomatligiga katta xavfdir. Bunday asoratlar keyingi homiladorlikning normal kechishi va tug‘ruqning tabiiy ravishda amalga oshishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois yosh turmush qurgan ayollarning farzandlari jarrohlik amaliyoti orqali dunyoga keltiriladi. Surunkali kislorod yetishmasligi tufayli ona qornida sust rivojlangan chaqaloqlarning vazni ancha kam bo‘ladi va, afsuski, ularning aksariyati ko‘p yashamaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |