Hurmatli biznes vakillari!
Men sizlar tomoningizdan ko'tarilgan masalalar bilan atroflicha tanishib chiqdim. Shu bois sizlarni qiynayotgan barcha muammo va savollardan to'la xabardorman.
Bugungi kunga qadar eng dolzarb muammolarni tizimlashtirib, ularni hal etishga qaratilgan 7 ta muhim yo'nalish bo'yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdik. Bugun sizlar bilan birgalikda ularni batafsil muhokama qilib olmoqchimiz.
Birinchi yo'nalish. Sizlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog'liq. Ushbu murojaatlarning asosiy qismida kredit stavkalarining yuqoriligi va ko'plab kreditlarning qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan.
Masalan, Urgutda elektr texnikasi mahsulotlarini ishlab chiqaradigan “Sam Elektro Servis” korxonasi ikki yarim milliard so'm kreditni 3 yil muddatga olgani, korxona foyda bilan ishlashi uchun esa, unga kamida 5 yil muddat kerakligini ta'kidlagan.
Haqiqatan ham, tan olib aytishimiz kerak, tadbirkorlarga bugungi kunda berilayotgan aksariyat kreditlarning muddati 3 yildan oshmaydi.
Shuningdek, banklar tomonidan 18 mingga yaqin tadbirkorga yillik 8-10 foizda xorijiy valyutada berilgan kredit, valyuta kursining muntazam o'sishi hisobidan, qo'shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda. Bu haqda mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgani ham ushbu masalalar tadbirkorlikni rivojlantirish yo'lida og'ir yuk, to'siq bo'lib turganini ko'rsatmoqda. Shu bois tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasi va kreditlarning maqbul foiz stavkalarini shakllantirish bo'yicha kechiktirib bo'lmaydigan choralarni ko'rishimiz talab etiladi.
Birinchidan, banklarning kapitalini oshirish bo'yicha qo'shimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasidan bozor tamoyillari bo'yicha qo'shimcha 600 million dollar ajratiladi. Bu mablag'lar tanlov asosida, ham davlat, ham xususiy banklarga joylashtiriladi.
Qaysi bank eng yaxshi biznes reja, qaytimi yuqori va eng ko'p ish o'rni yaratadigan loyihalarni taqdim etsa, ushbu mablag'lar ana shu banklarga ajratiladi.
Ikkinchidan, yuqorida qayd etilgan mablag'larni jalb etmoqchi bo'lgan bankning o'zi ham tashqi va ichki moliya bozorlaridan kamida 30 foiz qo'shimcha resurslar jalb qiladi. Jumladan, banklar tomonidan kelgusi yili xalqaro moliya bozorlarida milliy valyutada 5 trillion so'mlik yevrobondlar chiqariladi.
Shuningdek, O'zbekiston bozorida ishlashga tayyor, zamonaviy texnologiyalarga ega bo'lgan yirik xorijiy banklarning yurtimizga kirib kelishi uchun keng imkoniyatlar yaratamiz. Bu ham, o'z navbatida, tadbirkorlarimiz uchun qulay sharoitlar taqdim etadi va bank tizimida biz uchun nihoyatda kerak bo'lgan sog'lom raqobat paydo bo'ladi.
Bugungi yig'ilishda qatnashayotgan har bir bank rahbari “tobora kuchayib borayotgan raqobatga munosib bo'lish hamda tadbirkorlarni rozi qilish uchun nimani o'zgartirishim kerak”, degan savolni o'ziga berishi va jiddiy xulosa qilishi lozim.
Uchinchidan, banklar chetdan resursni qanday valyutada jalb etishidan qat'i nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta – “so'm”da va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo'lga qo'yiladi.
Xorijiy valyutada kredit olgan va bugun qiyin ahvolga tushib qolgan yuzlab tadbirkorlarimiz ushbu masalani o'z murojaatlarida ko'targanlar. Shu bois Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladi. Ushbu kompaniya banklar tomonidan chet el valyutasida jalb qilinayotgan mablag'larni so'mga o'tkazib, kreditni ichki bozorda faqat milliy valyutada berish uchun zarur sharoit yaratadi.
Lo'nda qilib aytganda, bundan buyon dollar yoki yevro kursining oshishi tadbirkor uchun qo'shimcha muammo yoki ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmaydi. Mazkur kompaniya barcha hudud va tarmoqlar bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi.
To'rtinchidan, bundan buyon Hukumat tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinayotgan imtiyozli mablag'lar hisobidan banklarga beriladigan kreditlarning muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinadi.
Ushbu masala yechimiga Bosh vazir o'rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vaziri J.Qo'chqorov, moliya vaziri T.Ishmetov, Markaziy bank raisi M.Nurmurodov shaxsan mas'ul bo'ladi.
Beshinchidan, joriy yil 1 oktyabrdan boshlab ilgari 1 million dollargacha xorijiy valyutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning jami 1 milliard dollarga yaqin kreditlari, tadbirkor va tijorat banklari o'rtasidagi kelishuvga asosan milliy valyutaga o'tkazib beriladi.
Umuman, yuqorida taklif etilayotgan mexanizmlar hisobidan tijorat banklarida har yili o'rtacha 30-40 trillion so'mlik milliy valyutadagi uzoq muddatli qo'shimcha resurslar shakllanadi. Buning hisobidan tadbirkorlar milliy valyutadagi kreditlarni uzoq muddatga va hozirgi stavkalardan kamida 5 foiz arzon olish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
O'ylaymanki, bunday yangi imkoniyatlar mamlakatimizda tadbirkorlikning rivojiga kuchli turtki beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |