Huquq normalarini sharhlash hujjatlari
Huquq normalarini sharhlash maxsus faoliyat bo’lib, u rasmiy ko’rinishga, shuningdek, hujjatlardagi matnli shaklda ifodalanishi mumkin. Bunday hujjatlar rasmiy hujjat bo’lib, ular vakolatli davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan qabul qilinadi. Ushbu hujjatlar huquq normalarining mazmunini to’g’ri va aniq shaklda o’rnatishga qaratilgan bo’ladi.
Huquq normalarini sharhlash aktlari huquqiy hujjatlarning bir turi bo’lib, u quyidagi o’ziga xos xususiyatlarga ega:
u yangi huquq normalarini yaratmaydi, ularni bekor qilmaydi va amaldagi huquq normalariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritmaydi;
mazkur hujjatlar amaldagi huquq normalarini aniqlashtiradi, ularni qanday tushunish va qo’llash lozimligini ko’rsatib beradi;
ushbu hujjatlar mustaqil ahamiyatga ega bo’lmasdan, balki o’zi sharhlayotgan huquq normalari bilan birgalikda amalda bo’ladi;
mazkur hujjatlar hatti-harakatlari sharhlanayotgan huquq normalari bilan tartibga solinadigan sub’ektlarga emas, balki ularni qo’llayotgan organlarga qaratilgan bo’ladi;
huquq normalarini sharhlash aktlari majburiy xarakterga ega bo’ladi, chunki ularni qabul qilgan davlat organlari va mansabdor shaxslar davlat hokimiyati vakolatiga ega va boshqalar.
Huquq normalarini sharhlash hujjatlarini quyidagi mezonlar bo’yicha tasniflash mumkin:
huquq sohalari bo’yicha (konstitutsiyaviy-huquqiy, jinoyat huquqiy, ma’muriy huquqiy);
qabul qilgan subyektga ko’ra (autentik, ya’ni huquq normasini qabul qilgan organning o’zi tomonidan, legal, ya’ni vakolat berilgan subyekt tomonidan, masalan, jinoyat kodeksi normalarini O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan sharhlanishi);
ifoda etish shakliga ko’ra (yozma shakldagi huquqni sharhlash aktlari muayyan rasmiy rekvizitlarga ega bo’ladi va og’zaki);
yuridik ahamiyati bo’yicha (normativ sharhlash aktlari va aniq kazual holatlarga nisbatan chiqariladigan sharhlash hujjatlari) va boshqalar.
Xulosa
O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda tub o’zgarishlar o’tkazish, huquqiy demokratik davlat qurish davriga kirdi. O’zgarib borayotgan shart-sharoitlarni
hisobga olib, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi va shu asosda huquqiy islohot o’tkazilib, ko’pgina yangi qonunlar qabul qilinmoqda. Bu haqda Prezident I.A.Karimov shunday deganlar: “Qabul qilingan bu muhim qonunlar milliy davlatchilikni barpo etishga, erkin bozor iqtisodiyotini rivojlantirishga, jahon hamjamiyatidagi mamlakatlar bilan faol hamkorlik qilishga qaratilgandir”.
1
Huquqiy davlatni shakllantirish vazifasini yuksak huquqiy madaniyatsiz amalga oshirib bo’lmaydi.
Xuddi shuningdek, huquq o’ziga munosib oliy qadriyat o’rnini olmas ekan, demokratik fuqarolik jamiyatini yaratib bo’lmaydi. Hozirgi vaqtda xalqaro huquqning jahonda tan olingan prinsiplari va normalarining ustunligi e’tirof etilmoqda, xalqaro huquq o’z ifodasini topgan umuminsoniy qadriyatlar va ideallar huquqiy munosabatlarimiz rivojlanishi uchun mezon va mo’ljal sifatida tasdiqlamoqda.
SHuningdek, bugun mamlakatimizda mukammal qonunchilik mexanizmining shakllanganligi mavjud huquq tizimini takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Shu boisdan ham qonunchilik tizimi va huquq tizimi huquqiy hodisalarini o’zaro aloqadorlikda o’rganish mavjud ijtimoiy munosabatlarni samarali tartibga solish imkonini beruvchi muhim ilmiy yondashuv hisoblanadi.
Ushbu kurs ishini tayyorlash davomida shunga amin bo’ldimki, huquqiy normalarni sharhlash o’rganilayotgan hodisa to’g’risida ilmiy asoslangan xulosa chiqarishga ko’maklashadigan, hayot sinovlaridan o’tgan usullar orqali amalga oshiriladi. Huquqni sharhlash usullari orqali sharhlovchi subyekt huquq normasi haqida to’liq tasavvur hosil qiladi va u haqida batafsil ma’lumotlar to’playdi, huquqiy munosabatlar ishtirokchilariga yetkazadi. Huquqni sharhlash usullarini yaxshi bilish huquq normalarining mazmunini to’g’ri anglash va tushuntirishga hamda ushbu normalarni kelajakda tatbiq etishga xizmat qiladi.
Ijtimoiy hayotning turli sohalarida olib borilayotgan islohotlardan ko’zlangan
asosiy maqsad, albatta, adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish hamda huquqiy demokratik davlatni barpo etishdir.
Qabul qilinayotgan qonunlar, farmonlar, hukumat qarorlarini hamda davlat tomonidan olib borilayotgan siyosatning mohiyatini
fuqarolarga yetkazish, aholining iqtisodiyot, siyosat va davlat qurilishi sohalarida olib borilayotgan islohotlarning mazmunini teran tushunib yetishlariga hamda jamiyatda qonun normalarini hurmat qilish va unga qat’iy rioya qilishni ta’minlashga erishish huquqiy davlatning, siyosiy va huquqiy tizimlar samarali faoliyat ko’rsatishining asosiy omillaridan biri bo’lib
hisoblanadi1