SLK (suyuq lizin konsentrati) preparatini sanoat miqyosida ishlab chiqarish
SLK ni sanoat miqyosida ajratib olish texnologiyasi mikrob o`stirilgan suyuqlikni mutloq quruq modda darajasining 40 % darajasigacha bug`lantirishga asoslangan. Buning uchun muayyan suyuqlikni oldindan 95-100 0C gacha qizdiriladi so`ng ko`p korpusli vakuum-bug`latkqich qurulmaga yo`naltiriladi va 3,5-4 soat mobaynida bug`lantiriladi. Uzoq muddat bug`lantirilganda lizin kamayishi mumkin, shuning uchun aralashmani oldin suyuq fazani uning hajmiga nisbatan 0,4 % miqdorda 25 % li natriy giposulfit yordamida stabillanadi, keyin esa xlorid kislota yordamida pH ni 4,5-5,0 ga yetkaziladi. Bunda lizinning monoxlorgidrati termik ta`sirga chidamli bo`lib qoladi. Shu xildagi stabilizatsiya va nordonlashtirish tadbiri lizinni 5-15 % gacha yo`qotmasdan saqlab qolish imkonini beradi. Bu texnologiya asosida ajratib olingan SLK ni qayshqoqligi 0,65x10-3 kg (m.s) ga, muzlash harorati -18 0C, solishtirma og`irligi 1,15-1,30 ga pH 4,5-5,0 ga teng bo`lib, o`zining xossalarini o`zgartirmasdan 3 oy saqlanishi mumkin ekan. Bu mahsulot LQK ga nisbatan biologik qimmati yuqoriroq sanaladi. Tayyor mahsulot temir yo`l sisternalariga solib ist`emolchiga yuboriladi
LEOK (lizinning yem-oziqa konsentrati) preparatini sanoat miqyosida ishlab chiqarish
LEOK preparatini sanoat miqyosida ishlab chiqarish SLK asosida amalga oshiriladi.
Buning uchun suyuq konsentrat purkagich quritqichda 90 0Cdan oshiq bo`lmagan issiq havoda 4-8 % namlik darajasigacha quritiladi, 20 kg dan etib polietilen xaltachalarga joylashtiriladi. Bu xil konsentrat quruq modda hisobiga 15-20 % gacha lizinning monoxlorgidrati, 14 % gacha boshqa aminokislotalar, 15-17 % gacha oqsil, 10-13 % gacha betain va 20-25 % gacha kul moddalaridan tashkil topadi, o`zining tarkibi bo`yicha amaliy jihatdan SLK dan farq qilmaydi. Lekin bu texnologiya asosida ajratib olingan LEOK juda gigroskopik bo`lib saqlash jarayonida yirik bo`lakchalarga aylanadi va undan kombinatsiyalab yem-oziqa tayyorlashda qiyinchilik tug`iladi. Bu kamchilikdan xolis bo`lish uchun SLK ni bug`lantirib quritish vaqtida unga suyak uni, so`ndirilmagan ohak, bentonit, bug`doy kepagi qo`shiladi. Ko`pincha bug`doy kepagi qo`shiladi. Buning uchun SLK ni 35-40 % gacha konsentrlab unga kepakni shunday hisobda qo`shiladiki, aralashmaning namligi 70 % ga yetsin va hosil bo`lgan massa granula hosil qilish darajasida bo`lsin. Shu xil qo`shimcha qo`shilgan LEOK tarkibida 7-10 % gacha lizin bo`ladi, u sepilib ketadigan va nogigroskopik xossaga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |