Fermentatsiya
Lizin produtsentlarini sanoat asosida o’stirish 50-100 m3 hajmli fermentyorlarda, davriy o’stirish usulida amalga oshiriladi. Fermentyorga steril ozuqa muhitining 5-6 % miqdorida steril ekish materiali solinadi. Fermentyorning umumiy bandlik birligi 0,75 ni tashkil etishi lozim. Fermentatorga ekilgandan so’ng birdaniga steril havo yuboriladi va 50°C haroratgacha qizdiriladi. 1 hajm havo 1 l ozuqa muhiti hajmiga minutiga 0,12- 0,13 MPa bosimda berib turiladi. Fermentatsiya jarayoni 28-29ºC haroratda uzluksiz aralashtirish va aeratsiya sharoitida 48-72 soat davom etadi.
Ko’pikni bosuvchi vositalar davriy, vaqti-vaqti bilan qo’shib turiladi, ozuqa muhiti pH ko’rsatkichi esa vaqti-vaqti bilan 25% ammiak eritmasi yoki 15% o’yuvchi kaliy eritmasidan qo’shish orqali mo’tadillashtirilib turiladi. Fermentatsiya oradan 58-72 soat vaqt o’tgach tugallanadi va kultural suyuqlik maqsaddagi mahsulotni ajratish uchun keyingi bosqichga yuboriladi.
L- lizinni ajratish
Yuqoridagi tartibda tayyorlangan kultural suyuqlikdan qo’yilgan maqsadga bog’liq holda, turli xil ko’rinishdagi mikrobiologik preparatlar: lizinning suyuq kontsentrati (LSK); lizinning quruq ozuqa kontsentrati (LOK) va kristall xolatdagi lizin olish mumkin. Ushbu preparatlarni tayyorlash texnologiyasi har xil.
Kultural suyuqlikdan 10-13% quruq modda saqlovchi mikrobiologik kontsentratlar (SLK va LOK) olish uchun xlorid kislota yordamida pH ko’rsatkichi 5,0 gacha nordonlashtiriladi va lizinni barqarorlashtirish uchun 0,15% natriy bisulfit eritmasi qo’shiladi.
So’ngra vacuum-bug’lantirish uskunasida barqarorlashtirilgan kultural suyuqlik 35-40% quruq modda miqdori qolguncha bug’lantiriladi. Olingan suyuq lizin kontsentrati hayvon ozuqalarining ozuqa birligini oshirish uchun qo’llanilishi mumkin.
Lizinni quruq kontsentratini (QLK) olish uchun, suyuq kontsentrat (SLK) issiqlik ostida purkab, quritgich moslamasida, 5-6% namlik qoguncha quritiladi. Lizinning quruq ozuqa kontsentrati juda gigroskopik bo’ladi, shuning uchun quritilgandan so’ng tezda polietilen qopchalarda qadoqlash tavsiya qilinadi. Suyuq lizin kontsentratini suyak uni, ozuqa achitqilari, bug’doy kepagi va boshqalar bilan birgalikda quritilganda, gigroskopik xususiyati kamroq bo’lgan va sochiluvchan shakldagi lizinning ozuqa kontsentratini olish mumkin.
Kristall lizin kultural suyuqlikdan ion almashinuv usullaridan foydalanilib, ajratiladi. Kultural suyuqlikdan biomassa sentrifugalash yoki filtrlash orqali ajratiladi.
Lizin filtratdan KU-2 yoki KB-4P-2 markali ion almashinuv smolasida sorbtsiyalanadi. Ion almashinuv kolonkasi suv bilan yuvilgandan so’ng, lizin 0,5-5,0% li ammiak suvida elyuirlanadi. 1-2% lizin saqlovchi elyuat xlorid kislota yordamida pH 4,9-5,0 gacha nordonlashtiriladi va lizin miqdori 30-50% bo’lguncha vakuum-bug’lantirish uskunasida quyuqlantiriladi. Lizinga xlorid kislota ta’sir ettirilganda, monoxlorgidrat lizin hosil bo’ladi va 10-12°C haroratgacha sovutilganda, sarg’imtir rangli kristallar ko’rinishini namoyon qiladi. Monoxlorgidrat lizin kristallaridan yuqori darajada toza lizin olish uchun aralashmalardan va rang beruvchi moddalardan qutulish maqsadida ko’p bosqichli xromatografiya usulidan foydalaniladi va lizin etil spirtida perekristallizatsiyalash jarayonlari yordamida kristall xolatga keltiriladi.
Toza lizin oziq-ovqat sanoatida, meditsinada va boshqa har xil maqsadlar uchun qo’llanilishi mumkin. Kristall lizin qog’oz qutilarda qadoqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |