Lizin ishlab chiqarish
Ma’lumki, lizinning ikki xil optik faollikdagi (D-L)- shakllari mavjud:
Lizin (α-ε- diaminkapron kislota) C6H14N2O2
NH2
│
NH2-CH2-CH2-CH2-CH2-CH
│
COOH
Lizin odam va hayvonlar organizmida qator o’ta muhim biokimyoviy funktsiyalarni bajaradi: hujayrada kaltsiy transporti, ovqat hazm qilish fermentlarini sekretsiyasi va umumiy azot nisbatini oshirishni ta’minlaydi va h.k.
Lizinning oziq-ovqat sanoatida qo’llanilishi mahsulotlarning sifatini yaxshilab, ularni biologik qiymatini oshiradi. Shuningdek, lizin hayvonlar ozuqasidagi eng tanqis aminokislotalardan biri hisoblanadi. Hayvonlarni ozuqa ratsioniga lizinning 0,1-0,4% miqdorda qo’shilishi, ozuqaning qiymatini keskin oshiradi va shu bilan birga ularning sarf bo’lish miqdorini qisqartirish imkonini beradi.
Lizin sintez qiluvchi produtsent-mikroorganizmlar, auksotrof bakteriyalar Brievibacterium, Micrococcus, Corynebacterium kabi gomoseringa muxtoj mutant turkumlari hisoblanadi.
Rossiya va Litvada lizin produtsenti sifatida Brievibacterium turkumiga kiruvchi bakteriyalardan foydalaniladi. Lizin produtsenti-auksotrof-biotin, tiamin, treonin va metioninga talabchan bo’ladi. Sanoat asosida lizin va boshqa xil aminokislotalarni olish qat’iy rejimdagi aseptik sharoit, steril ozuqa muhiti va produtsentning toza kulturasidan foydalanishni talab etadi.
Lizin olishning texnologik jarayonlari quyidagi bosqichlardan iborat:
Ozuqa muhitini tayyorlash va sterilizatsiyalash
Lizin produtsentlarini o’stirish uchun tarkibida melassa, makkajo’xori ekstrakti yoki bo’r va o’stirish moddalarini saqlovchi muhitdan foydalaniladi. Uglerodning asosiy manbasi melassa bo’lib, tarkibida termolabil komponent bo’lgan saxaroza saqlaydi, shuning uchun uni alohida sterillash talab etiladi. Melassa reaktorga solinib, doimiy aralashtirilgan holda 80ºC gacha haroratda qizdiriladi va zarur miqdordagi saxaroza miqdori hosil bo’lguncha suv solinadi.
Maxsus uskunalardagi hosil qilingan melassa eritmasiga tezda 120-122°C haroratgacha bo’lgan bug’ yuboriladi va bu harorat aniq vaqt oralig’ida ushlab turiladi. Ozuqaning boshqa komponentlari aralashtirilib, aralashtirgichli reaktorga quyiladi va qizdiriladi, so’ngra maxsus uskunada, sterilizatsiya haroratida, zarur vaqt oralig’ida ushlanib, keyin sovutiladi.
Ko’pikni bosuvchi moddalar ba’zan alohida sterillangan bo’lganligi sabab, ular ozuqa muhitlariga nisbatan yuqoriroq harorat va rejimda sterillanadilar.
Lizin olish jarayonlari qat’iy aseptic sharoitni talab qilganligi uchun barcha uskunalar, reaktorlar, kommunikatsiyalar va fermentatsiyaga beriladigan havo sterillanishi zarur. Havoni sterillash usuli 4-bobda berilgan. Uskunalar va kommunikatsiyalar 135-140ºC haroratda o’tkir bug’ bosimi ostida amalga oshiriladi. Bunda sterilizatsiyaning “sovutish” usulidan, ya’ni bakteriotsid gazlar (etilen) va kimyoviy reagent eritmalaridan (formalin, xlor saqlovchi birikmalar va h.k.) foydalanish mumkin. Sovuq sterillash amalgam oshirilgandan so’ng kimyoviy reagentlarning qoldiqlari steril suvda yuvib tashlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |