24. Gapda shakl va mazmun birligi. Har qanday gap shakl va mazmun birligidan iborat. Gapning lisoniy sathdagi shakliy va mazmuniy jihati uning nutqiy sathdagi shakliy va mazmuniy jihatidan farqlanadi.
Gapning eng kichik qurilish qolipi – [WPm = fikr ifodalovchi eng kichik birlik] lisoniy sathda o‘rnashgan. Bunda LSQning chap tomoni shakliy va o‘ng tomoni mazmuniy jihati.
Nutqiy sathda esa shakliy va mazmuniy jihat lisoniy sathdagidan farqliroq. Gapning nutqiy sathdagi shakliy-mazmuniy munosabatini tilshunoslikning mazmuniy sintaksis yo‘nalishi o‘rganadi.
Mazmuniy sintaksis ma’lum bir sintaktik birlik nimani ifodalaydi va ma’lum bir voqea qanday ifodalanadi degan muammoni ochib berish bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Sintaktik birlik (SB, gap bo‘lagi, gap)da ifodalangan borliq bo‘lagi, voqelik, vaziyat mazmuniy sintaksisda propozitsiya deb yuritiladi. Masalan, borliqda kitob ustida harakat bajarildi – kitob o‘qildi. Bu propozitsiyadir. Propozitsiya SB bilan ham (kitobning o‘qilishi), gap bilan ifodalanishi ham mumkin (Кitob o‘qildi). Lekin turli sintaktik birlikda turlicha – SBda muayyanlashgan tushuncha, gapda esa nisbiy tugal fikr sifatida aks etgan. Demak, ko‘rinadiki, ma’lum bir propozitsiya gap sifatida namoyon bo‘lishi uchun unga boshqa narsalar – so‘zlovchining kommunikativ maqsadi, modallik belgilari ham qorishadi – bu esa gapga xos grammatik kategoriyaning nutqiy namoyon bo‘lishini taqozo etadi va tegishli sintaktik mavqe bilan ta’minlanadi. Boshqacha aytganda, birinchi sintaktik birlik (kitobning o‘qilishi)da propozitsiya tushuncha tarzida berilib, u so‘zlovchining buni hukm sifatida bermaslik maqsadiga bo‘ysundirilgan. Maqsad esa ifodalovchi sintaktik birlikda grammatik shakllar (-ning, -i) va ohang (ko‘tariluvchi – tugallanmagan) bilan ta’minlangan. Ikkinchisida esa so‘zlovchi propozitsiyani nisbiy tugal fikr sifatida berishni maqsad qilganligi tufayli u nutqda tegishli grammatik vosita (kesimlik kategoriyasi) va maxsus (pasayuvchi, tugallangan) ohang bilan ta’minlangan.
Ma’lum bo‘ldiki, mazmun va shakl muvofiq emas. Bir mazmun (propozitsiya) turli shakl (SB va gap) bilan ifodalangan. Shuningdek, bir shakl turli mazmunlarni ifodalashi mumkin. Masalan, Men o‘quvchiman gapi sintaktik shakl sifatida ikki mazmunni ifodalagan. Qiyoslang:
1. Men o‘quvchiman – I am schoolboy.
2. Men o‘quvchiman – I am readineer.
Mazmuniy sintaksisda gap mazmuni ikki unsur – obyektiv va subyektiv mazmundan iborat deb qaraladi. Obyektiv mazmun gapda aks etgan propozitsiya (u diktum ham deyiladi), subyektiv mazmun esa bu voqelikka so‘zlovchining munosabati (u modus deb yuritiladi). Masalan, Halim keldi, Halim kelmoqchi, Halim kelsa edi, Halim, balki kelar gaplarida diktum bir xil, ammo har bir gapda modus turlicha.
Do'stlaringiz bilan baham: |