O`qituvchining bilimi
O`qituvchi bo`lish uchun kasbni sevishdan tashqari, o`z predmeti bo`yicha chuqur, yondosh fanlar bo`yicha keng bilimga ega bo`lishi kerak. O`quvchi bilimdon o`qituvchini hurmat qiladi.
Hozirgi davr rivojlanishida o`ziga xos jihatlar mavjud. Axborot oqimi nihoyatda kuchaygan, fan sohasida muttasil yangiliklar yuz berayotgan, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda o`zgarishlar bo`lib turgan davrda yashayotganligimiz har bir kishidan faollik, e’tibor, voqyea va o`zgarishlarga ziyoli darajasida munosabat bildirishni talab etadi. Ayniqsa, axborot olish imkoniyatlarining kengayganligi, ya’ni ommaviy axborot vositalarining nihoyatda ko`payganligi, Internet orqali muloqot jarayonining shiddat bilan rivojlanayot-ganligi o`qituvchining o`z ustida tinmay ishlab, doimiy ravishda bilimini oshirib borishi lozimligini ko`rsatadi. Aks holda barcha imkoniyatlardan bemalol foydalanayotgan o`quvchilar va talabalarning ehtiyojini qondirish qiyin kechadi, eng muhimi, o`qituvchi o`z obro`-e’tiborini yo`qota boshlaydi, bu esa ta’lim sifati va samaradorligiga jiddiy salbiy ta’sir ko`rsatmasdan qolmaydi.
Afsuski, oliy o`quv yurtida olgan bilimi bilan chek-lanayotgan, bilim doirasi darslikdan nariga o`tmaydigan, yangiliklarga befarq, o`z ustida ishlamaydigan o`qituvchi-lar ham ozmi-ko`pmi topiladi. Bunday o`qituvchi o`z o`quvchi va talabalaridan orqada qolmoqda. Chunki hozirgi yoshlar juda katta axborot oqimidan xabardor.
O`qituvchi o`z ustida ishla-masligining yomon oqibati shundaki, unday o`qituvchi o`quvchilar umrini zoye ketkazadi, o`quvchining oltin vaqtini zoye ketkazgan o`qituvchi esa bir umr ziyo bermay dudlab yotgan chiroqni eslatadi. Ziyokor o`qituvchi esa mudom porlab nur bermog’i, o`z ziyosidan avlodni bahramand qilishi lozim.
Inson boshqa birovni nurlatish uchun o`zi porlashi kerak. Uz ustida ishlamay hayotdan orqada qolayotgan ayrim o`qituvchilarning ishlari ko`ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin92.
O`qituvchi o`z bilimini o`quvchilarga bera bilishi, eng muhimi, ularda bilimga qiziqish uyg’ota olishi, mustaqil o`qish ko`nikmalarini tarbiyalashi va bu borada o`quvchi faoliyatini tashkil etishga rahbarlik qilishi kerak. Buning uchun o`qituvchi pedagogika, psixologiya va o`z fanining metodikasini chuqur egallashi zarur.
O`qituvchining o`z mutaxassislik fanini puxta bilishi, mavzu bo`yicha chuqur bilimga egaligi, darslik va qo`llanmalardagi materiallarni o`z so`z va jumlalari bilan asosli, ilmiy, mantiqli, ravon, tushunarli bayon etishi dars samaradorliginiing oshishiga asosiy sabab bo`ladi. Darslik materialini qanday yozilgan bo`lsa, shundayligicha so`zma-so`z, qo`shimcha materiallarsiz bayon qilish ham o`quvchilarni zeriktirishi, darsga e’tiborsiz qoldirishi mumkin. Shuning uchun o`qituvchi bilimini uzluksiz oshirib borib, darslikka kiritib ulgurilmagan materiallar, yangiliklardan ham unumli foydalanishi lozim. Buning uchun o`qituvchi davr bilan hamnafas bo`lishi, axborotlardan o`z vaqtida xabardor bo`lishi, ularni yetkaza olishning zamonaviy usullarini qo`llay olish ko`nikmalariga ega bo`lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |