Hindiston yarim oroli.
Hindiston yarim oroli Janubiy Osiyonining Himolay
tog’lari va Hind-Gang pastekisligi o’lkalariga nisbatan o’zining qadimiyligi bilan
farq qiladigan tabiiy geografik o’lkadir. U Osiyoning janubiy qismida joylashgan
bo’lib, shimolda Hind-Gang pastekisligi bilan chegaralangan. Yarim orolning
g’arbiy qirg’og’i Arabiston dengizi, sharqiy qirg’og’i Bengal qo’ltig’i suvlari bilan
yuvilib turadi. O’lka hududi shimoldan janub tomon torayib kelib uchburchak
shaklni hosil qiladi. Maydoni 2 mln. km
2
atrofida. Qirg’oqlari ko’p joylarda tekis,
kam parchalangan.
Hindiston yarim orolining poydevori eng qadimgi kristall jinsli Hindiston
platformasidan tarkib topgan. Uning yuzasi ayrim joylarda yoshroq kontinental va
vulkanik jinslar bilan qoplangan. Ko’pchilik joylarda qristall jinslar yer yuzasiga
chiqib, peneplenlashgan platolar hosil qilgan. Daryo vodiylari platolarni kesib
parchalab, tik yonbag’irli qismlarga ajratgan. Yarim orolning shimoli-g’arbiy qismi
mezozoyning oxiri va kaynozoyning boshida otilib chiqqan bazalt lavalari bilan
332
qoplangan. Bu lavalardan keng maydonlarni egallab yotgan yassi platolar hosil
bo’lgan. Sharqidagi qadimiy tektonik cho’kmalar laguna va kontinental yotqiziqlar
bilan to’lgan. Normada daryo vodiysi cho’kmasi Hindiston yarim orolini shimoliy
va janubiy qismlarga - Markaziy Hindiston va Dekan yassi tog’ligiga ajratib turadi.
Markaziy Hindistonning g’arbiy chekkasida Katxiyavar yarim orolidan Dehli
tomon submeridional ravishda Aravalli tizmasi cho’zilgan. Uning eng baland
nuqtasi 1722 m. Undan sharqda o’rtacha balandligi 500 m atrofida bo’lgan va
qadimiy kristall jinslardan tarkib topgan Malva platosi joylashgan. Ba’zi joylarda
platoning yuzasi lavalar bilan qoplangan. Platoning shimoliy chekkasi Hindiston
yarim orolining shimoliy chegarasi bo’lib xizmat qiladi. Bu hududda eng so’nggi
tog’ hosil bo’lish jarayoni mezozoyda bo’lib o’tgan. Malva platosining janubiy
ko’tarilgan qismida Vindxya (881 m) va Kaymur past tog’lari cho’zilgan. Normada
vodiysi tektonik cho’kmasidan janubda maksimal balandligi 1325 m bo’lgay
Saptura tog’i joylashgan.
Hindiston yarim orolining janubiy katta qismi Dekan yassi tog’ligi bilan band.
Uning o’rtacha balandligi 800 m atrofida bo’lib, zaminini Hindiston platformasi
tashkil etadi. Yassi tog’likning sharqiy va janubiy qismlarida qadimiy kristall jinslar
yer yuzasiga chiqib qolgan. Uning g’arbida dengiz qirg’og’i bo’ylab katta masofaga
cho’zilgan G’arbiy Gat tog’lari va sharqida Sharqiy Gat tog’lari joylashgan. G’arbiy
Gat tog’lari Arabiston dengizi qirg’og’i bo’ylab 1800 km masofaga cho’zilgan,
daryo vodiylari, kanonsimon daralar bilan kesilgan. G’arbiy yonbag’ri zinapoya
bo’lib sohil tomon tik tushgan. Uning o’rtacha balandligi 1300 m, baland nuqtalari
Dodabetta cho’qqisida 2633 m, Mulaynagiri tog’ida 1923 m va Kalauba tog’ida
1646 m. G’arbda sohil bo’ylab cho’zilgan kambar, qumoq va lagunali dengizbo’yi
pastekisligi Malabar qirg’og’i deb ataladi. Dekan yassi tog’ligining sharqiy
ko’tarilgan qismi Sharqiy Gat tog’lari deb ataladi. Bu tog’lar G’arbiy Gatga nisbatan
ancha past, daryo vodiylari bilan kuchli parchalangan va bir necha massivlarga
bo’lingan. O’rtacha balandligi 1000 m dan oshmaydi, eng baland joyi Devodi-
Munda tog’ida 1680 m. Sharqiy Gat tog’ etaklariga tutashgan dengizbo’yi
pastekisliklari Koromandel qirg’og’i deb ataladi.
Yassi tog’likning janubiy qismida G’arbiy va Sharqiy Gat tog’lari bir-biri bilan
tutashib, Nilgiri tog’ massivini hosil qiladi. Massivning eng baland nuqtasi
Dodabetta tog’ida 1633 m ga teng. Undan janubda Palni tog’lari joylashgan, Uning
okean sathidan 2698 m qad ko’tarib turgan Anaymudi cho’qqisi Hindiston yarim
orolining eng baland nuqtasi hisoblanadi. Dekan yassi tog’ligining ichki hududlari
rel’efi uchun bazaltli yassi platolar, tekislangan gryadalar xarakterli. Ularni chuqur
daryo vodiylari kesib o’tgan. Sharqiy va janubiy hududlarda peneplenlashgan
kristall jinsli yuzalar rel’efi u yer bu yerda ko’tarilib turgan balandliklar, kryajlar
bilan murakkablashgan. O’lka hududida xilma-xil foydali qazilmalar mavjud. Uning
shimoli-sharqiy qismidagi Damodar daryo vodiysida toshko’mir, Chxota-Nagpur
platosida temir va marganes rudalari, boksit, slyuda konlari joylashgan. G’arbiy Gat
tog’laridan temir rudasi, boksit, monatsit qumi qazib olinadi. Dekan yassi
tog’ligining janubidagi Maysura platosi oltin koni bilan mashhur. Yarim orolda
olmos, neft, grafit va boshqa konlar ham bor.
333
Hindiston yarim orolining iqlimi subekvatorial musson iqlim. Yozda ekvatorial
dengiz havo massalari - nam mussonlar, qishda kontinental tropik havo massalari -
quruq mussonlar hukmronlik qiladi. Havo massalarining almashinishi termik
ekvatorning mavsumiy siljishiga bog’liq. Himolay tog’lari yarim orolni shimoldan
kirib keladigan sovuq havo massalaridan to’sib turadi. Himolayning janubiy yon
bag’iri ustida shakllanadigan shimoli-sharqiy passat yuqori haroratga ega. Shuning
uchun yanvarning o’rtacha harorati o’lkaning shimolida +20°+21°S ni, janubida
+27°+29°S ni tashkil etadi. Eng issiq kunlar mart-may oylariga to’g’ri kelib,
o’rtacha harorat +32°S ga yetadi. Markaziy hududlarda o’rtacha maksimal harorat
+40°S dan ham oshadi. Yarim orolga tushadigan atmosfera yog’inlarining 90% dan
ko’prog’i yozgi musson mavsumiga to’g’ri keladi. O’lkaning g’arbiy qismida yillik
yog’in miqdori 2500 mm dan oshadi. G’arbiy Gatning ayrim joylarida 6000-7000
mm ga yetadi. Sharqiy sohillarda g’arbga nisbatan yog’in kamroq bo’ladi. Bu yerda
yiliga 1000 mm dan ko’proq, shimoli-sharqiy qismida 1200-1300 mm yog’in
tushadi. Quruq iqlim ichki hududlar uchun xarakterli. Dekan yassi tog’ligining
markaziy va shimoli-g’arbiy hududlariga 500 mm atrofida yog’in tushadi.
Qurgoqchil davr o’lkaning janubida 3 oy, shimoliy qismida 6-7 oy davom etadi.
Hindiston yarim orolining ko’pchilik daryolari - Gadavari, Bxima, Krishna,
Tungabxadra, Kaverilar G’arbiy Gat tog’laridan boshlanib sharqqa tomon oqadi va
Bengal qo’ltig’iga quyiladi. Yirik daryolardan Narmada, Tapti va Maxi g’arbga
tomon oqib Arabiston dengiziga quyiladi. Barcha daryolarning vodiylari tor va
chuqur. Ularning gidrologik rejimi musson xarakterga ega. Daryolar musson
yomg’irlaridan to’yinib yozda toshib oqadi, qishda esa juda kamayadi. Daryo
suvlaridan qishloq xo’jalik ekin maydonlarini sug’orishda foydalaniladi.
Tuproqlarning geografik tarqalishi bevosita ona jinslar litologiyasi bilan
bog’liq. Yassi tog’likning ichki hududlarida qizil rangli savanna tuproqlari, bazaltli
lava qoplamlari ustida tropik qora tuproqlari-regurlar, dengiz sohillarida va
del’talarda allyuvial tuproqlar keng tarqalgan. Regurlar vulkanik jinslar ustida
shakllangan
bo’lib, namlikni yaxshi saqlaydi. Shuning uchun paxta
plantasiyalarining asosiy maydoni ana shu tuproqlarda barpo etilgan. Hindiston
yarim orolining o’simlik qoplami antropogen omil ta’sirida kuchli o’zgargan. Dekan
yassi tog’ligi uchun ko’proq savannalar va siyrak o’rmonlar xarakterli. Ko’p
joylarda kesib yuborilgan o’rmonlar o’rnida ikkilamchi yoki antropogen savannalar
vujudga kelgan. Savannalarda baland bo’yli o’tlar, soyabon shakldagi akasiyalar, sal
daraxti, finik palmalari o’sadi. G’arbiy Gatning shamolga qaragan yonbag’irlarida
palma, bambuk, kameliya, sandal daraxti, epifitlar va lianalar ko’pchilikni tashkil
etadi. Nilgiri tog’ining yuqori mintaqasida mo’tadil mintaqaga xos o’simlik turlari -
emanlar, kashtanlar ko’p uchraydi. Malabar qirg’og’i bo’ylab kokos palmazorlari
cho’zilgan. Torpik o’rmonlarning katta maydoni o’zlashtirilib, ularning o’rnini kofe,
choy va sholi plantasiyalari egallagan. Qishloq xo’jaligida shakarqamish,
makkajo’xori, araxis, tariq ham yetishtiriladi.
Hindiston yarim orolining hayvonot olami nihoyatda xilma-xil. O’rmonlarda
maymunlarning gibbon, langur, xanuman, makak kabi turlari, lemurlar keng
tarqalgan. Savannalarda Hind bo’yvoli, gayal, banteng, yovvoyi echki, yovvoyi
334
qo’y, antilopa, bug’u, karkidon, yovvoyi ho’kiz-gaur va boshqalar yashaydi.
Yirtqich hayvonlardan yo’lbars, sirtlon, qoplon, bo’ri, yovvoyi it, chiyabo’ri,
mangusta, viverlar ko’p uchraydi. Sudralib yuruvchilardan zaharli ilonlar, ayniqsa
kobralar ko’p tarqalgan. Qushlardan kakku, to’ti, kaptar, qarg’a, turna, oddiy tovus,
bankiv xo’rozi va yirtqich qushlar ko’pchilikni tashkil etadi. Qalin o’rmonlarda
hozir ham yovvoyi fillar uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |