2.Interaktiv ta’lim va uning o‘ziga xosliklari.
O‘qitish jarayonida e’tiborni, birinchi navbatda, tinglovchilar o‘zlarini o‘quv materiali bilan birday xis etishlariga, o‘rganilayotgan vaziyatga kirishadigan, faol harakatlarga undaydigan, muvaffaqiyatlarga intilishga chorlaydigan metodlarni qo‘llashga qaratmoq lozim. O‘qitishning interfaol metodlari aksariyat hollarda bu talablarning barchasiga javob beradi.
O‘qitishning interfaol metodlariga tayangan o‘quv jarayoni, o‘quv guruhning barcha tinglovchilarini bilish jarayoniga jalb qilishni inobatga olgan holda tashkil etiladi. Birgalikdagi faoliyat deganda, har bir kishi o‘zining alohida, o‘ziga xos hissasini qo‘shishi tushuniladi, ish jarayonida bilim, fikr, faoliyat usullari bilan o‘zaro almashuv amalga oshiriladi. Individual, juftlik va guruh bilan, hujjatlar va boshqa axborot manbalari bilan ishlash tashkil etiladi. Interfaol metodlar o‘zaro aloqadorlik, tinglovchilarning faolligi, guruh tajribasiga tayanish, qaytma aloqa prinsiplariga asoslanadilar . O‘zining ochiqligi, qatnashchilarning o‘zaro aloqadorligi, ular keltirgan dallilarning tengligi, bilimlarni birgalashib to‘planganligi, o‘zaro baholash va nazorat qilish imkoniyatlari bilan tavsiflanadigan ta’lim muloqoti muhiti yaratiladi.
O‘qituvchi yangi bilimlar berish bilan birgalikda tinglovchilarni mustaqil izlanishlarga chorlaydi. O‘qituvchining faolligi tinglovchilarning faolligiga yon beradi, tinglovchilarning tashabbuskorligi uchun sharoit yaratish o‘qituvchining vazifasi hisoblanadi. O‘qituvchi o‘quv axborotini o‘zidan o‘tkazuvchi o‘ziga xos filtr rolidan voz kechib, ma’lum bir axborot manbai bilan ishlashda yordamchi vazifasini bajaradi.
Shu o‘rinda har bir o‘qituvchi tinglovchilarning o‘quv materialini eslab qolish, tahlil qilish, amalda qo‘llash yoki bajarish qobiliyatlarini shakllantirishda quyidagilarga e’tibor qaratishi lozim:
Ta’lim jarayonida o‘qituvchi va tinglovchilar o‘zaro munosabatining umumiy uchta shakli mavjud bo‘lib, keng qo‘llanilib kelinmoqda. Ular quyidagilardir67:
1) sust metodlar;
2) faol metodlar;
3) interfaol metodlar.
Bularning har biri o‘ziga xos xususiyatga ega.
Sust (passiv) metod– bu o‘qituvchi va tinglovchi o‘zaro munosabatining shunday shakliki, unda o‘qituvchi harakatdagi asosiy shaxs bo‘lib, darsning borishini boshqaradi, tinglovchi esa o‘qituvchining ko‘rsatmalariga bo‘ysunuvchi darsning sust qatnashchisi rolida ishtirok etadi. Sust shakldagi darslarda o‘qituvchi va tinglovchi o‘rtasidagi o‘zaro aloqa so‘rovlar, mustaqil nazorat ishlari, testlar va boshqalar vositasida amalga oshiriladi. Tinglovchilarning o‘quv materialini o‘zlashtirish samaradorligi va zamonaviy pedagogik texnologiyalar nuqtai nazaridan sust metod kam samarali hisoblanadi, biroq shunga qaramay ushbu metodning ham bir qator afzal tomonlari mavjud. Bu o‘qituvchining mashg‘ulotga nisbatan osonroq tayyorgarlik ko‘rishi va tinglovchilarga mashg‘ulotning chegaralangan vaqti doirasida nisbatan ko‘proq o‘quv materialini yetkazish imkoniyatining mavjudligidir.
Faol (aktiv) metod– bu o‘qituvchi va tinglovchi o‘zaro munosabatining shunday shakliki, unda tinglovchi va o‘qituvchi mashg‘ulot jarayonida birgalikda harakat qiladi va tinglovchi bu yerda sust qatnashchi emas, balki faol ishtirokchidir. Agar sust metod birgalikda harakat qilishning avtoritar uslubini taqozo qilsa, faol metod demokratik uslubni taqozo qiladi.
Ko‘pchilik faol va interfaol metodlarni teng deb hisoblashadi, biroq ularning o‘zaro o‘xshash jihatlari borligiga qaramay ular bir biridan farq qiladi. Interfaol metodni faol metodlarning zamonaviy shakli sifatida ko‘rib chiqish mumkin.
Interfaol metod. Interfaol («Inter» – o‘zaro, «act»– harakat qilmoq) – birgalikda harakat qilmoq. Faol metodga qaraganda interfaol metod tinglovchilarning nafaqat o‘qituvchi, balki o‘zaro faol faoliyatiga va tinglovchilarning mashg‘ulot jarayonida faolligini oshirishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Interfaol mashg‘ulotlarda o‘qituvchining o‘rni tinglovchilar faoliyatini mashg‘ulot maqsadiga erishish uchun yo‘naltirishga qaratilgan bo‘ladi.
O‘qitishning interfaol shakllarining vazifalari quyidagilar:
— tinglovchilarda qiziqish uyg‘otish;
— o‘quv materialini samarali o‘zlashtirish;
— tinglovchilar qo‘yilgan o‘quv vazifalarini yechish uchun yo‘nalish va variantlarini mustaqil izlashlari (berilgan variantlardan birini tanlash yoki shaxsiy variantini ishlab chiqish va qarorini asoslantirish);
— tinglovchilar orasida o‘zaro ta’sirni o‘rnatish, guruh bo‘lib ishlashga, har qanday nuqtai nazarga sabrli bo‘lishga, boshqalarning fikrini hurmat qilishga o‘rgatish;
— tinglovchilar dunyoqarashini kengaytirish va fikrlash qobiliyatini shakllantirish;
— hayotiy va kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish.
Interfaol shakllardan foydalanishda o‘qituvchining roli keskin o‘zgarib, u faqatgina jarayonni boshqaradi va uni tashkillashtirish bilan shug‘ullanadi, oldindan kerakli topshiriqlar tayyorlaydi va guruhda muhokama qilish uchun savol va mavzularni shakllantiradi, maslahatlar beradi, vaqtni va mo‘ljallangan rejaning bajarilish tartibini nazorat qiladi. Tinglovchilar – o‘zlarining va boshqa insonlarning tajribalariga murojaat qiladilar, shu bilan birga ular birbiri bilan fikr almashinishga kirishadilar, qo‘yilgan vazifalarni birgalashib yechadilar, nizolarni yengadilar, ularni o‘zaro bog‘laydigan umumiy nuqtalarni izlaydilar, murosaga keladilar.
O‘qitishning interfaol shakllari asosida o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida o‘qituvchining oldida nafaqat aniq mavzu bo‘yicha o‘qitishning eng qulay va samarali shaklini izlash masalasini turishiga, balki tinglovchilarning yaxshiroq o‘zlashtirishlariga ko‘maklashadigan o‘qitishning bir nechta metodlarini mujassamlashtirish imkoniyatlarining mavjudligiga alohida etibor qaratmoq lozim. Qo‘yilgan vazifalarni bajarish borasida o‘qitishning turli xil interfaol shakllarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz.
Interfaol mashg‘ulotlarda ishlash prinsiplari:
— mashg‘ulot – ma’ruza emas, balki umumiy ish;
— barcha ishtirokchilar yoshi, tajribasi, ish joyidan qat’iy nazar teng;
— har bir ishtirokchi har qanday savol bo‘yicha shaxsiy fikrga ega bo‘lish huquqiga ega;
— shaxs tanqid qilinishga yo‘l qo‘yilmaydi (faqatgina g‘oya tanqid qilinishi mumkin);
— mashg‘ulotda aytilgan fikrlar – faoliyat uchun asos emas, balki fikrlash uchun ma’lumot.
Interfaol mashg‘ulotni o‘tkazish algoritmi:
1. Mashg‘ulotga tayyorgarlik ko‘rish.
O‘qituvchi mavzuni, vaziyatni, definitsiyalarni (ta’rif) tanlaydi (barcha ibora, tushunchalar va h.k.lar tinglovchilarning barchasi uchun tushunarli bo‘lishi lozim), mazkur guruhda va mazkur mavzu bo‘yicha samarali ishlash uchun interfaol mashg‘ulotning aniq shaklini tanlaydi.
Interfaol mashg‘ulotlarni o‘tkazishda quyidagi holatlarga alohida e’tibor qaratishni tavsiya qilamiz:
1) mashg‘ulot qatnashchilari, mavzu:
— qatnashchilarning yoshi, ularning qiziqishi, bo‘lg‘usi mutaxassisligi;
— mashg‘ulot o‘tkazishning vaqt chegarasi;
— ushbu guruhda ilgari mazkur mavzu bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilganligi;
— guruhning ushbu mashg‘ulotdan manfaatdorligi;
2) zaruriy sharoitlar ro‘yxati:
— mashg‘ulot maqsadi aniq belgilab olinishi shart;
— tarqatma materiallar tayyorlangan;
— texnik vositalar bilan ta’minlangan;
— qatnashchilar belgilangan;
— asosiy savollar va ularning ketmaketligi belgilangan;
— hayotdan amaliy misollar tanlab olingan;
3) har bir mashg‘ulotga tayyorgarlik ko‘rishda:
— yechilishi lozim bo‘lgan muammoni aniqlashtirib olish;
— olingan bilimni amalda qo‘llash istiqbollarini belgilash;
— mashg‘ulotning amaliy qismini belgilash (guruh mashg‘ulotda nima bilan shug‘ullanadi);
4) tarqatma materiallar:
— mashg‘ulot dasturi;
— tarqatma materiallar tinglovchilar auditoriyasiga moslashtirilgan bo‘lishi shart;
— material tizimlashtirilgan bo‘lishi shart;
— grafik, sxema va belgilardan foydalanilishi.
2. Kirish.
Mashg‘ulot mavzusi va maqsadi haqida axborot berish:
– tinglovchilar taqdim etilgan vaziyat bilan, hal etilishi kerak bo‘lgan muammo bilan, shuningdek ko‘zlanayotgan maqsad bilan tanishadilar;
– o‘qituvchi barcha tinglovchilarni vaqt chegarasi, guruhda ishlash qoidalari bo‘yicha xabardor qiladi, mashg‘ulotda tinglovchilar harakatlanishi mumkin bo‘lgan doira bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar beradi;
– zarur hollarda tinglovchilarni birbiriga tanishtirishi lozim (agar mashg‘ulot guruhlararo yoki fanlararo o‘tkazilayotgan bo‘lsa);
– ibora, tushunchalarni va boshqalarni yagona semantik (ma’noviy) tushunilishiga erishish. Buning uchun savol va javoblar yordamida o‘qitilayotgan mavzuga oid ishchi ta’riflar va tushunchalar apparatini aniqlashtirib olish lozim. Tushunchalar apparatini aniqlashtirib olish tinglovchilarda faqatgina tushunarli bo‘lgan iboralar bilan ishlash, yaxshi tushunib bo‘lmaydigan so‘zlardan foydalanmaslik, muntazam ravishda turli ma’lumotlar beradigan yordamchi adabiyotlardan foydalanish odatini shakllantiradi.
Guruhda ishlashning namunaviy qoidalari:
— faol bo‘lish;
— qatnashchilarning fikrini hurmat qilish;
— xayrixoh bo‘lish;
— puxta va mas’uliyatli bo‘lish;
— fikrni bo‘lmaslik;
— hamkorlik uchun ochiq bo‘lish;
— manfaatdor bo‘lish;
— haqiqatni aniqlashga intilish;
— belgilab berilgan vaqt (reglament)ga rioya qilish;
— ijodkorlik qobiliyati (kreativlik);
— guruhda ishlash qoidalarini hurmat qilish.
3. Asosiy qism.
Asosiy qismning o‘ziga xosligini interfaol mashg‘ulotning tanlangan shakli belgilab beradi va o‘z ichiga quyidagilarni oladi:
3.1. Tinglovchilarning fikrlarini aniqlash;
3.2. Auditoriyani kichik guruhlarga bo‘lish (segmentatsiya) va guruhlararo (segmentlararo) aloqadorlikni tashkillashtirish. Bunda har bir guruhning fikrlarini umumiyligi bo‘yicha maqsadli guruhlar shakllantiriladi, turli tinglovchilar orasida muayyan masala yuzasidan o‘xshash fikrlarni umumlashtirish amalga oshiriladi, mashg‘ulot mavzusi doirasida ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha yagona yo‘nalishlar shakllantiriladi va auditoriya tarkibidan turli fikrlarga ega bo‘lgan guruhlar tashkil qilinadi , so‘ng guruhlararo aloqadorlik o‘rnatiladi. Agar mashg‘ulot katta auditoriyada o‘tkazilsa, ushbu bosqich eng samarali deb hisoblanadi: bu holatda kichik guruhlarga bo‘linish aloqadorlikning samaradorligi va unumdorligini oshirish vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
3.3. Interfaol yo‘nalish to‘rt bosqichni o‘z ichiga oladi: 1) auditoriyaning fikrlarini aniqlash ; 2) ushbu fikrlarning umumiy mazmunini anglab olish; 3) ularga yangicha mazmun berish; 4) yangi mazmun asosida yangi fikrlarni shakllantirish.
4. Xulosa (refleksiya).
Refleksiya (fikr yuritish) mashg‘ulot davomida qatnashchilarning emotsional holati, xis etgan tuyg‘ulariga tinglovchilarning e’tibrini qaratishdan boshlanadi. Mashg‘ulotning refleksiv tahlilining ikkinchi bosqichi – baholovchi (tinglovchilarning mashg‘ulot davomida foydalanilgan metodlarning mazmuni, tanlangan mavzuning dolzarbligi va boshqalarga bo‘lgan munosabatini aniqlash) bosqich. Refleksiya o‘qituvchining umumiy xulosalari bilan yakunlanadi.
Refleksiya o‘tkazish uchun namunaviy savollar ro‘yxati:
— sizda nima ko‘proq taasurot qoldirdi;
— mashg‘ulot jarayonida vazifani bajarishda nimalar sizga yordam berdi, nimalar halaqit qildi;
— mashg‘ulot davomida sizni nimadir hayratga soldimi;
— qaror qabul qilish jarayonida siz nimalarga tayandingiz;
—guruh qatnashchilarining fikrlarini o‘zingizning harakatlaringizda hisobga oldingizmi;
— o‘zingizni va guruh harakatlarini qanday baholaysiz;
— agarda siz mazkur o‘yinda yana bir bor qatnashsangiz xulqingizda nimani o‘zgartirgan bo‘lar edingiz.
Interfaol o‘qitish bir vaqtning o‘zida bir qancha vazifalarni hal etish imkonini berib, eng muhimi, tinglovchilarning o‘zaro fikr almashinuv qobiliyati va ko‘nikmalarni rivojlantiradi. Mazkur o‘qitish tinglovchilar orasida emotsional aloqalar o‘rnatishga yordam beradi, tarbiyaviy vazifalarni ta’minlaydi, chunki jamoada ishlashga, o‘rtoqlarning fikrlariga quloq solishga o‘rgatadi, bilimlar mustahkamligini, ijodkorlikni, faol hayotiy pozitsiyasini, o‘zini namoyon qilish erkinligini, o‘zaro hurmatni ta’minlaydi. Amaliyotning ko‘rsatishicha, o‘qitish jarayonida interfaol shakllardan foydalanish tinglovchilarning ruhiy zo‘riqishini yo‘qotadi, ularning faoliyat shaklini o‘zgartirish imkonini beradi, diqqate’tiborini mashg‘ulot mavzusining asosiy tayanch savollariga qaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |