Jamg’arma mablag’lari quyidagi maqsadlar uchun foydalaniladi:
avvalo yoqilg’i-energetika kompleksi, kimyo sanoati, mashinasozlik, rangli metallurgiya va iqtisodiyotning boshqa bazaviy tarmoqlarida, shuningdek transport va telekommunikatsiya sohasida Davlat investitsiya dasturiga kiritilgan g’oyat muhim loyihalarni moliyalashtirish, shu jumladan xalqaro va xorijiy moliyaviy institutlar ishtirokidagi loyihalarda O‘zbekiston Respublikasi ulushini qo’shma moliyalashtirish;
kelajakda, birinchi navbatda qishloq hududlarida, yangi sanoat ishlab chiqarishlarini joylashtirish uchun ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish va tiklash loyihalarini moliyalash maqsadida, shu jumladan Davlat byudjeti mablag’lari hisobidan qoplanadigan imtiyozli kreditlar berish;
yangi tashkil etilayotgan moliyaviy institutlar hamda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarida xorijiy investitsiyalar ishtirokida strategik ahamiyatga ega bo’lgan korxonalarning ustav kapitaliga investitsiya kiritish;
davlatning tashqi qarzlari bo’yicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy kreditorlar oldidagi majburiyatlarni muddatidan oldin to’lash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash dasturlari doirasida tijorat banklariga xorijiy valyutada ochilayotgan kredit liniyalari orqali investitsiya loyihalarini jadal moliyalashtirish hamda amalga oshirish;
ayrim loyihalarning dastlabki yoki yakuniy texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni grant asosida yoki foizsiz kreditlar ajratish yo’li bilan moliyalashtirish;
yangi zamonaviy xorijiy texnologiyalar, texnika va uskunalar hamda strategik ahamiyatga ega bo’lgan boshqa tovarlarni
tasdiqlangan davlat dasturlariga muvofiq xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar berish;
birinchi navbatda istiqbolli, ammo etarlicha rivojlanmagan hududlarda ishlab chiqarish va noishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirish bo’yicha ijtimoiy jihatdan ahamiyatli milliy davlat dasturlari va loyihalarini, Davlat byudjeti va investitsiya dasturining tasdiqlangan parametrlari doirasida, grant asosida moliyalashtirish (qo’shma moliyalashtirish);
tijorat banklari bilan birgalikda qarz oluvchi korxonalarning investitsiya dasturi (biznes-rejalari)ni, shu jumladan ishlab chiqarishni texnik jihatdan qayta jihozlash, ishlab chiqarish quvvatlarining ishlatilishini ko’paytirish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va uni eksport qilish hajmlarini oshirish hamda qo’shilgan qiymat o’sishini ta’minlashga imkoniyat beruvchi loyihalarni qo’shma moliyalashtirish;
Jamg’arma boshqaruvi va ijro etuvchi apparatining ta’minoti bilan bog’liq bo’lgan xarajatlarni qoplashga.
Mablag’larni berish muddati va shartlari Jamg’armani boshqarish bo’yicha Kengash qarori bilan belgilanadi. Jamg’arma tomonidan beriladigan kredit resurslari bo’yicha foiz stavkasi yiliga 6 foizgacha tabaqalashtirilgan miqdorlarda belgilanadi.
Jamg’armaning kredit resurslari shartnomada belgilangan chet el valyutasida ajratiladi.
Tijorat banki marjasining eng yuqori chegarasi Jamg’arma va tijorat banki o’rtasida tuziladigan kredit shartnomasida har bir loyiha bo’yicha alohida belgilanadi.
Jamg’arma mablag’lari hisobidan birgalikda
moliyalashtiriladigan import kontraktlari bo’yicha avans to’lovlarini to’lash, qoidaga ko’ra, etkazib beruvchi tomonidan qayta moliyalashtiruvchi tijorat bankiga birinchi darajali xorijiy bank tomonidan, avans to’lovini qaytarishga berilgan kafolatnomani taqdim etgan holda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |