davlatning Jamg’armaga yo’naltiriladigan moliyaviy mablag’larini jamlash;
iqtisodiyotni rivojlantirish hamda ishlab chiqarishni tarkibiy jihatdan o’zgartirish va modernizatsiya qilishdagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’lgan g’oyat muhim loyihalarni moliyalashtirish;
strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega bo’lgan korxonalarni, birinchi navbatda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini yangilash va texnik jihatdan qayta qurollantirish dasturlarini kreditlash;
yoqilg’i-energetika kompleksi, kimyo sanoati, mashinasozlik va rangli metallurgiya tarmoqlarini texnik jihatdan qayta qurollantirishga hamda ishlab chiqarish sur’at va hajmlarini oshirishga yo’naltirilgan loyihalar moliyalashtirilishini ta’minlash;
yetakchi tarmoqlarni modernizatsiya qilish uchun muhim ustuvor ahamiyatga ega investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish, eksportga mo’ljallangan va import o’rnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun xorijiy texnologiyalar va uskunalarni sotib olishga mablag’larni maqsadli yo’naltirgan holda respublikaning tijorat banklariga Jamg’armani boshqarish bo’yicha Kengash qarori bilan belgilangan tartibda kredit liniyalarini ochish.
birinchi navbatda istiqbolli, ammo etarlicha rivojlanmagan hududlarda ishlab chiqarish va noishlab chiqarish infratuzulmasini shakllantirish bo’yicha ijtimoiy jihatdan ahamiyatli milliy davlat dasturlari va loyihalarning amalga oshirilishini moliyalashtirish;
kelajakda, birinchi navbatda qishloq hududlarida, yangi sanoat ishlab chiqarishlarini joylashtirish uchun ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish va tiklash loyihalarini imtiyozli asosda, shu jumladan keyinchalik Davlat byudjeti mablag’lari hisobidan qoplash yo’li bilan moliyalashtirish;
respublikaning xalqaro kommunikatsiyalar tarmog’iga integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratadigan, xalqaro transport yo’laklari va jahon bozorlariga eng qisqa yo’l bilan chiqishni ta’minlaydigan transport hamda telekommunikatsiyalar infratuzilmasini modernizatsiyalash va rivojlantirishni moliyalashtirish;
davlatning tashqi qarzlari bo’yicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy kreditorlar oldidagi majburiyatlarni muddatidan oldin to’lashni moliyalashtirish;
xalqaro moliya institutlari, respublika va xorijiy mamlakatlarning kredit muassasalari bilan loyihalarning qo’shma moliyalashtirilishini tashkil etishni ta’minlash.
Yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda Jamg’arma quyidagi funksiyalarni bajaradi:
navbatdagi yil uchun mo’ljallangan makroiqtisodiy va pul-kredit ko’rsatkichlari, Davlat byudjeti hamda Davlat investitsiya dasturining asosiy parametrlari bilan bog’liq holda Jamg’arma mablag’larining kelib tushish va ulardan foydalanish prognozlarini ishlab chiqadi va belgilangan muddatlarda Jamg’armani boshqarish bo’yicha Kengashga taqdim etadi;
kelajakda, birinchi navbatda qishloq hududlarida, yangi sanoat ishlab chiqarishlarini joylashtirish uchun ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish va tiklash loyihalarini tuziladigan shartnomalar asosida kreditlaydi;
davlatning tashqi qarzlari bo’yicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy kreditorlar oldidagi majburiyatlarni muddatidan oldin to’lash uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga qaytarib bermaslik asosida mablag’larni beradi;
yangi tashkil etilayotgan moliyaviy institutlar hamda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarida xorijiy investitsiyalar ishtirokida strategik ahamiyatga ega bo’lgan korxonalarning ustav kapitaliga investitsiya kiritadi (korxona yoki tashkilot ustav kapitali (fondi)ning 25 foizidan ko’p bo’lmagan miqdorda);
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bo’yicha va Iqtisodiyot vazirligi buyurtmanomalariga binoan ayrim investitsiya loyihalarining dastlabki yoki yakuniy texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun grantlar hamda foizsiz kreditlar beradi, ajratilgan kreditlar miqdori keyinchalik loyihaning umumiy qiymatiga va loyiha Jamg’arma kreditini jalb qilish yo’li bilan amalga oshirilgan taqdirda, ajratilayotgan kreditning umumiy qiymatiga qo’shiladi;
yangi zamonaviy xorijiy texnologiyalar, texnika va uskunalar hamda strategik ahamiyatga ega bo’lgan boshqa tovarlarni tasdiqlangan davlat dasturlariga muvofiq xarid qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari bo’yicha imtiyozli kreditlar beradi;
moliyalashtirish shartlari va Jamg’arma mablag’larini qaytarish mexanizmi to’g’risida imzolanadigan bosh bitimlar asosida, har bir tijorat banki uchun har yili belgilanadigan limitlar doirasida tijorat banklarini moliyalashtirishni amalga oshiradi;
Jamg’arma mablag’laridan maqsadli va samarali foydalanilishi va tijorat banklariga berilgan mablag’larning o’z vaqtida qaytarilishi ustidan doimiy ravishda monitoring olib boradi hamda kelib tushish manbalari va ulardan foydalanishning asosiy yo’nalishlari bo’yicha Jamg’arma mablag’larining hisobini yuritadi;
tijorat banklarida ochilgan hisobvaraqlar va ular bo’yicha amalga oshirilayotgan operatsiyalar to’g’risidagi har qanday ma’lumotni olish huquqiga ega bo’lgan holda, tijorat banklari va qarz oluvchi korxonalar zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan ularning faoliyatini o’rganadi.
Jamg’arma mablag’larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish bo’yicha aniq maqsadli ishlarni amalga oshiradi;
Jamg’arma faoliyatini takomillashtirish yuzasidan o’z vakolatlari doirasida choralar ko’radi yoki belgilangan tartibda takliflar kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan Jamg’arma mablag’larining bo’sh qoldiqlarini ishonchli boshqarish to’g’risida shartnomalar tuzadi;
Jamg’arma zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bog’liq bo’lgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
Jamg’armani boshqarish bo’yicha Kengash Jamg’armaning yuqori boshqaruv organi hisoblanadi, uning tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.