Mavsumiy marosimlar folklori
Dunyodagi boshqa xalqlar qatori o‘zbeklarning hayoti
ham ko‘p jihatdan tabiatdagi o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lgan.
Yil fasllarining o‘zgarishi, har bir faslning o‘z vaqtida xalq
tasavvurida shakllangan tarzda kelishi oxir pirovardida hosilning
mo‘lligini yoki dehqon mehnatining zoye ketishini belgilagan.
Shuning uchun yil boshlanishi — bahor biz
o‘zbeklarda umidlar fasli sifatida kutib olingan. ≪Har
152
faslning o‘z xislati bor. Har faslning o‘z fazilati≫ — deganlaridek,
xalqimiz boshqa fasllarni ham o‘ziga xos ravishda
qabul qilgan va har qaysisiga alohida-alohida marosimlar
o‘ylab topgan. Bir fasldagi udumlar ikkinchisida takrorlanmagan.
Jumladan, bahorda ≪Loy tutish≫, ≪Shox moylar≫,
≪Navro‘z≫, ≪Sust xotin≫ marosimlari o‘tkazilgan. Loy tutishda
ariqlar tozalangan, butun aholi bu ishda faol ishtirok
etgan. Bevosita ariq tozalash ishini bajarayotganlar, ularning
yonidan o‘tib ketayotgan odamga ketmon yoki belkurakda
loy tutishgan. Yo‘lovchi o‘ziga loy tutilgandan so‘ng yo
biron qo‘shiq, yo boshqa hunarini ko‘rsatib, ishlayotganlarni
mamnun qilishi lozim hisoblangan. Aks holda u ham
odamlar bilan ariq tozalashga majbur qilingan. Ariq tozalash
ishlarining tugashi odatda maxsus uyushtirilgan sayil, holi
baqudrat tayyorlangan ziyofat bilan nihoyasiga yetgan. Shox
moylar esa bahorda birinchi yer haydash ishlarining boshlanishi
bilan o‘tkazilgan. Bo‘lajak hosilning mo‘l bo‘lishiga
niyat qilib, qo‘shga qo‘shilgan ho‘kiz shoxi yog‘ bilan moylangan
va dastlab piri badavlat, uvali-juvali bobo dehqon
qo‘sh haydab bergan. Keyinchalik ishni yoshlar davom ettirgan.
Bu marosim ham gavjum to‘plangan odamlar ishtirokida
sayil o‘tkazish, xursandchilik bilan amalga oshirilgan.
Bahor quruq kelgan kezlarda ≪Sust xotin≫ marosimi tayyorlangan.
Bu marosimda mahalla, qishloq ayollari yig‘ilib
mo‘la (poliz qo‘riqchisiga o‘xshagan qo‘g‘irchoq) yasashgan
va uning ustidan suv sepib, qo‘shiq aytishgan:
Sust xotin, suzma xotin
Ko‘lankasi maydon xotin!
Yomg‘ir yog‘dir ho‘l bo‘lsin
Yeru jahon ko‘l bo‘lsin.
Maysalar quloq yozsin,
Sutu qatiq mo‘l bo‘lsin.
Albatta, bahor faslidagi eng aziz va har bir o‘zbek uchun
qadrli marosim Navro‘z bayramidir. Navro‘z haqidagi dastlabki
ma’lumot Abu Rayhon Beruniyning ≪Qadimgi xalqlardan
qolgan yodgorliklar≫ asarida uchraydi. Shuningdek,
Umar Xayyomning ≪Navro‘znoma≫ risolasi va Muhammad
Rizo Ogahiyning bevosita Narvo‘z bayramiga bag‘ishlangan
she’riy asarlari bor. Navro‘z ayyomi yilning 21 mart kuni
nishonlanadi. Bayramning Navro‘z deb atalishi Yangi kun,
ya’ni yangi yilning kirib kelishi bilan bog‘liq. Bu kunda
kecha va kunduz muddati tenglashadi va kunduzning uza -
153
yishi boshlanadi. Shuning uchun ham Navro‘z diniy emas,
balki, dehqonchilik, bog‘dorchilik ishlarining qizg‘in pallaga
kirishi bilan aloqador alohida bayramdir. Navro‘z bayramini
faqat o‘zbeklar emas, qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlar, tojiklar,
ozarbayjonlar va boshqa millatga mansub xalqlar ni -
shonlaydilar. Avvalo uni o‘tkazishga katta tayyorgarlik
ko‘riladi: halim, sumalak, ko‘k somsa, ko‘k chuchvara, har
xil shirinliklar tayyorlanadi. Professor B. Sarimsoqovning
ma’lumot berishicha, katta bir idishda yetti xil don ekini ning
urug‘i undirilgan. Ular bug‘doy, arpa, zig‘ir, tariq, no‘xot,
jo‘xori, sholilardan iborat bo‘lgan. Ogahiyning ma’lumot
berishicha, Navro‘zda hamma qayiqda daryo sayiliga
chiqqan. Bog‘larda o‘yin-kulgilar uyushtirilgan. Dor o‘yinlari
o‘tkazilgan. Ammo eng muhimi, har bir odam avvalo
betob, dili xasta, hech kimi yo‘q kimsalarni, ota-ona ajdodi
ko‘milgan mozorlarni ziyorat qilgan. Bu kunda hamma
nizolar unutilgan. Ginali qarindoshlar o‘z da’volaridan voz
kechganlar va bayramni totuvlik bilan o‘tkazishgan. Hatto,
davlatlar, podsholar o‘rtasidagi urushlar ham bayram
munosabati bilan to‘xtatilgan.
O‘zbekistonda Navro‘z bayrami 1990 yildan katta
uyushqoqlik va tantanalar bilan o‘tkazilmoqda. Bayram
kuni Respublika Milliy Bog‘ida katta teatrlashtirilgan sahnalar
tayyorlanadi. Sayil boshlanadi. San’at ustalarining
ommaviy chiqishlari uyushtiriladi. Hech ikkilanmay aytish
mumkinki, Navro‘z bayramining bu qadar katta e’tibor
berib, tantana qilinishi O‘zbekiston Respublikasining mustaqillikka
erishgani bilan uzviy bog‘liqdir. Navro‘z bayrami
odatda 21 martdan boshlanadi va mevali daraxt gullari
meva tukkuniga qadar davom etadi.
Odatda yoz fasli, kuzda hosilning mo‘l bo‘lishi uchun
tayyorgarlik ko‘rish, ertapishar meva va poliz ekinlarini
yig‘ish ishlari bilan o‘tkaziladi. Kuzgi bug‘doyni o‘rish,
davlatvoy, asati kabi qovunlarni; chillaki, tog‘ uzumlarini
uzish, shubhasiz, qandaydir marosimlar bilan boshlangan.
Ammo mustabid sovet tuzumi davrida bu an’analar
yodimizdan ko‘tarildi. Ehtimol, qovun, qulupnay, uzum
sayillari o‘sha an’analarning bir ko‘rinishidir. Professor
Bahodir Sarimsoqovning ko‘p yillar mobaynida olib borgan
izlanishlari natijasi o‘laroq ≪Choy momo≫ marosimi haqida
ayrim ma’lumotlar to‘plandi. Olimning aytishicha, bu odat
yozgi marosimlar qatoriga qo‘shilib, Janubiy Qozog‘istonda
yashovchi o‘zbeklar orasida uyushtiriladi. Dalada pishib
154
yetilgan bug‘doy surunkali shamol oqibatida yerga egilib
ketishi natijasida nobud bo‘lishi mumkin. Ana shunday
kezlari ≪Choy momo≫ marosimi o‘tkaziladi va tabiatdan
shamolni to‘xtatish so‘raladi. ≪Choy momo≫ aslida
≪Shamol ona≫ ma’nosini beradi. Sayram atrofidagi keksa
ayollar ≪Choy momo≫ qo‘shig‘ini aytishadi:
Choy, Choy, Choy momo,
Choy momosi o‘libdi,
O‘g‘li yetim qolibdi,
Bosa-bosa beringlar
Bosilib qolsin bu shamol.
Ucha-ucha beringlar
Uchilib qolsin quv shamol.
Oblo-hu, Oblo-hu.
Bir yosh bola eshakka minib xonadonlardan berilgan
xayr-ehsonlarni yig‘ib boradi. Keyinchalik ≪Choy momo≫ga
atab yig‘ilgan narsalardan xudoyi qilinadi.
Turkiston atrofida esa bu marosim boshiga kuloh kiyib,
yuziga qora surib olgan chollar ishtirokida amalga oshirilgan.
Bu yerda quyidagi qo‘shiq aytilgan:
Chuy, Chuy, Chuy momo,
Chuy momoning o‘lganiga uch kun bo‘ldi,
Chuy, Chuy, Chuy momo.
Ucha-ucha beringlar,
Uchilib qolsin chuy momo.
Ma’lum bo‘ladiki, shamol to‘xtatish marosimi mazmunan
uzoq, qadim zamonlardagi mifik dunyoqarash belgilari
sifatida baholanishi mumkin. Unda so‘zning mo‘’jizaviy
qimmati va xudoyining ta’sir kuchiga ishonish yetakchilik
qiladi.
Kuzda esa shamol chaqirish marosimi o‘tkazilgan. Endi
yig‘ilgan don hosilini po‘chog‘idan ajratish uchun shamol
kerak. Don yanchilgach, uni shamolda shopiradilar va
somonni shamol uchirib, don tozalanadi. ≪Yo, Haydar≫
qo‘shig‘i aynan ana shu marosim belgisi hisoblanadi.
Professor Bahodir Sarimsoqov qo‘shiqda Haydarga, ya’ni
Hazrati Aliga murojaat qilib, ajdodlarimiz shamol
chaqirishgan, degan xulosaga keladi:
Haydar, ota-onang o‘libdir,
Moli senga qolibdir.
Bolang suvga oqibdir,
Shamolingni qo‘yivor.
155
Bu marosim ham qadim zamonlardan bizgacha faqat
ayrim hududlarda saqlanib yetib kelgan.
Qish o‘zbeklarda asosan yil bo‘yi qilingan mehnatdan
dam olish fasli hisoblangan. Gap-gashtaklar, turli yig‘inlar,
mumtoz adabiyotimiz namunalarini sharhlash suhbatlari
ko‘pincha, qishda bo‘lar edi. Shu bilan birga, o‘zbeklar
qishda o‘tkazadigan alohida marosim ham bor. Uni ≪Yasyusun
≫ deb atashgan. Bu marosim asosan bo‘za ichish bilan
bog‘liq. Ma’lumki, yaqin o‘tmishgacha o‘zbek xonadonla -
rida mehmonlarni qabul qilish uchun maxsus mehmonxo -
nalar bo‘lgan. ≪Yas-yusun≫ o‘ttiz-qirq ulfat ishtirokida ana
shu mehmonxonalarda o‘tkazilgan. Marosimda kosagul
piyolaga quyib bergan bo‘zani bir nafasda ichish, uni
to‘kmaslik, maxsus ruxsatgacha faqat cho‘kka tushib
o‘tirish, odob saqlash, ruxsatsiz ketib qolmaslik, marosim
boshlig‘iga itoat etish kabi shartlar bo‘lgan. Marosimda
quyidagi mazmunda qo‘shiq aytilgan:
Alyor bo‘lsin-ay,
Xo‘jam yo bo‘lsin-ay,
Xo‘jam bergan bu davlatga,
Dushman zor bo‘lsin-ay.
Xullas, mavsum marosimlari xalqimizning yil fasllari
bilan bog‘liq yig‘inlaridan iborat edi. Bu marosimlar bir tomondan,
o‘zbek xalqi qadriyatlari tarkibining boyligini,
qadimiyligini dalillasa, ikkinchi tomondan, o‘zbeklarning
qadim zamonlardan uyushgan millat ekanini isbotlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |