Pedagogik texnikaning o‘ta muhim elementi - bu ifodali nutqdir. Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi o‘quvchilarga ko‘pincha buyruqlar, farmoyishlar beradi.
O‘quvchilarning jismoniy tarbiyasini rejalashtirishda uning ikki tomoni mavjud - pedagogik va texnik. Birinchisi jismoniy tarbiya fanini tanlash va uning mazmuni kompozitsiyasi bilan, o‘quvchilar va o‘qituvchi faoliyatini loyihalash hamda tuzish bilan bog‘liq. Ikkinchisi esa loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun moddiy-sport bazasini tayyorlash bilan bog‘liq. Loyihalash xususiyatiga ega pedagogik ko‘nikmalarda bashorat qilish ko‘nikmasi juda muhim hisoblanadi. U o‘qituvchiga o‘quvchilarni kutayotgan qiyinchiliklarni oldindan ko‘zlay bilishga va shu orqali ularning oldini olishga imkon yaratadi. Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi uchun o‘z vaqtini rejalashtira olish ham muhim hisoblanadi: ish vaqti cheklanmagan boshqa kasb bo‘lmasa kerak. O‘qituvchi o‘z vaqtini to‘g‘ri rejalashtira olgandagina sportchi o‘quvchilarga o‘quv va trenirovka mashg‘ulotlarini oqilona taqsimlashga yordam bera oladi.
Pedagogik mahorat tadqiqot qilish ko‘nikmalarisiz rivojlanishi mumkin emas. Bunday ko‘nikmalar asosini butun o‘quv-tarbiyaviy ishlar jarayonini tashkil qilish, shuningdek, uni ijodiy takomillashtirish tashkil etadi. Agar o‘qituvchi o‘z faoliyatini chuqur tahlil qilmasa, to‘planib borayotgan tajriba vaqt o‘tishi bilan ma’lum bir kasbiy xatoliklarni yuzaga keltirishi mumkin. Agar yosh pedagog tahlil qilib bormasa, u oliy o‘quv yurtida o‘zlashtirilgan ilmiy qoidalarni tez unutib yuboradi, o‘zgalar metodlariga moslashib qoladi va shaxsiy, individual ish uslubini hosil qilishga qodir bo‘lmay qoladi.
Jismoniy tarbiya - pedagogik amaliyotni o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, yosh o‘qituvchilar ko‘proq o‘quv-tarbiyaviy jarayonni rejalashtirishga, tashkil etishga, o‘quvchilarni o‘qitish va jismoniy tarbiyalashga e’tibor qaratadilar hamda o‘zlarida sog‘lomlashtiruvchi tadbirlarni o‘tkazish va o‘quvchilarni ma’naviy jihatdan tarbiyalash ko‘nikmasini ham shakllantiradilar. Tajribali o‘qituvchilar shaxsan pedagogik ko‘nikmalarni afzal biladilar, maxsus harakatlarga umumiy pedagogik muammolarni hal etish uchun material sifatida qaraydilar.
Pedagogik faoliyatda ba’zan kasbning majburiy tarkibiy qismi bo‘lmagan turli xil ko‘nikmalar katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi ko‘pincha turli xil yig‘inlar, bayramlarni tashkil etishi va o‘tkazishiga, turistik sayohatlarga rahbarlik qilishiga, sport-sog‘lomlashtirish oromgohlarida ishlashiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda rasm chiza olish, suratga tushirish, musiqa anjomlarini chalish, raqs tushish, ustachilik qila olish qobiliyati muhimdir. Ayniqsa, qishloq o‘qituvchisi universal ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim, chunki qishloqda o‘quvchilarni tarbiyalash jarayoni umumta’lim maktabining ishiga bog‘liq. Bu ko‘nikmalar pedagogning individual ish uslubini shakllantirishda jiddiy to‘ldirish bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |