Yuqorida ko‘rsatilgan asosiy harakatlar quyidagi umumrivojlantiruvchi mashqlar orqali amalga oshiriladi.
Qo‘llar va yelka kamari uchun mashqlar. Qo‘llarni belga qo‘yish. Qo‘llarni yon tomonlardan yuqoriga ko‘tarish va pastga tushirish. Qo‘llarni navbat bilan yuqoriga ko‘tarish va ikkala qo‘lni baravar tushirish. Qo‘llarni oldinga, yon tomonlarga cho‘zish, kaftlarni yuqoriga burish, panjalarni yuqoriga ko‘tarish va pastga tushirish; barmoqlarni qimirlatish.
Oyoqlar uchun mashqlar. Barmoqlar uchida ko‘tarilish. Bir oyoq uchi bilan oldinga, orqaga, yon tomonga qo‘yish.
Ketma- ket 2–3 marta cho‘qqayib o‘tirish. Qo‘llarni oldinga cho‘zish yoki qo‘llar bilan tizzaga tayanib o‘tirib turish. Boshni oldinga egib, qo‘llar bilan tizzani quchoqlash. Tizzadan bukilgan oyoq- larni navbat bilan ko‘tarish. Bukilgan tizzalar ostida qarsak chalish. O‘tirgan joyida oyoq kaftlari bilan qum solingan xaltachani o‘ziga tortib olish. Pol ustida yotgan tayoq, g‘o‘lacha (diametri 6–8 sm) bo‘ylab yonlama qadamlar bilan oyoq panjalari o‘rtasiga tayanib yurish.
Gavda uchun mashqlar. Koptokni boshi ustidan bir-biriga oshirish (oldinga va orqaga). Qo‘llarni oldinga cho‘zib o‘ngga, chapga burilish. O‘tirgan joyida burilib buyumni orqa tomonga qo‘yish, burilib buyumni qo‘lga olish. Orqaga tiralib o‘tirib oyoqlarni yig‘ishtirish, “chordona qurib” o‘tirish, oldinga uzatish; tizzalarni quchoqlab ikkala oyoqni yig‘ishtirish. Oyoqlarni navbatma-navbat ko‘tarish va ularni bir-birining ustiga (o‘ng oyoqni chap oyoqni ustiga va aksincha, chap oyoqni o‘ng oyoq ustiga) qo‘yish. O‘tirgan joyida oldinga engashish. Tiz cho‘kib o‘tirib, oldinga engashish. Orqa bilan yotib, ikki oyoqni balandga ko‘tarish va pastga tushirish; oyoqlarni velosiped haydagandek harakat qildirish. Qorin ustiga yotib, oyoqlarni bukish va uzatish (galma-galdan va baravariga). Orqadan qoringa ag‘darilish va qorindan orqaga ag‘darilish. Qorin ustida yotib pastga engashish va qo‘llarni yon tomonga cho‘zib, yelkani ko‘tarish.
Mazkur yoshdagi bolalar bilan umumiy rivojlanish mashqlari o‘tkazish vaqtida aniq topshiriqlar va taqlidiy harakatlar, mayda predmet va o‘yinchoqlardan foydalanish katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Predmetlar bilan bajariladigan mashqlarning eng soddasi bayroqchalar bilan bajariladigan mashqlardir. Xilmaxil va rang-barang bayroqchalar bilan bajariladigan mashqlar bolalarni o‘ziga jalb qiladi va ularga quvonch bag‘ishlaydi.
Dasturda ko‘rsatilgan va bolalar egallab oladigan harakatlar jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari va o‘yinlar orqali bolalar tomonidan o‘zlashtirib olinadi. 3 yoshga qadam qo‘ygan bolalar bilan endi ertalabki gimnastika joriy etiladi. Gimnastika 3–5 minut davom etadi. U yil boshidan boshlab guruhda tarbiyalanuvchilarga muntazam ravishda har kuni o‘tkaziladi.
Mazkur yoshda o‘tkaziladigan ertalabki gimnastikada mashqlari asosan bolalarga tanish va jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarda o‘rgatilgan mashqlar bo‘lib, ular, o‘yinmashqlardan iborat bo‘lishi kerak. Mashqlar taqlidiy harakatga ega bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |