11.3. Fotoqo’zg’aluvchanlik energiyasidan foydalanish yo’llari
Fototaksis (taxis - joylanish) - taksis hodisalarining bir turi bo’lib (termo-, xemo-, gidrotaksis va xokazo), erkin holatdagi biologik ob’ektning yorug’lik ta’siridan kelib chiqadigan, muayyan yo’nalishli harakatidan iborat. Boshqa xil taksislar singari, fototaksislar ham ob’ektning yorug’lik manbai tomon (ijobiy) yoki unga teskari (salbiy) yunalishdagi harakatini belgilovchi, topotaksislar hamda maydon yoritilganligiga javoban ob’ektning siljishini belgilovchi fototaksislarga bo’linadi. Fototaksislar sodda hayvonlar, chuvalchanglar, bakteriyalar, suv utlari hamda ba’zi bir hujayra ichidagi organoidlar uchun xarakterlidir. Fototaksis ta’sir spektrlarini o’rganish orqali qayd etilganki, xlorofill, fikotsianin va fikoeritrin - suv o’tlari hamda sodda hayvonlarda, bakterioxlorofill - bakteriyalarda, fitoxrom - xloroplastlarda fototaksisni ta’minlovchi pigmentlardir. Ko’p hollarda shu xildagi pigment sifatida xromoproteid ishlaydi. Sodda organizmlarning fototaksisi, har xil pigmentlar ishtiroki bilan shartlangan ham bo’lishi mumkin. Fototaksik javob birlamchi fotokimyoviy mahsulotlar fotooksidlanish reaktsiyasining natijasida emas, balki ATF-aza aktivligining oshirilishi natijasida amalga oshadi. Fototaksis fotosintez bilan aloqador hisoblanadi.
Topotaksis suv o’ti hujayrasi, retseptor orqali o’tgan yorug’lik intensivligi gradientining o’zgarishiga qarab, yorug’likka nisbatan zarur yo’nalishni tanlab olishidir.
Fotokinez - fototaksisga yaqin hodisa bo’lib, u yorug’lik ta’sirida kelib chiqadigan biologik ob’ekt harakatchanligining - yorug’lik manbai yunalishiga bog’liq bo’lmagan holda boshqarilishidan iborat. Fotokinezda xlorofill, fikotsianin, karotinoidlar yorug’lik aktseptori vazifasini bajaradi. Fotosintetik reaktsiyalar - bir necha minut davom etadigan latent davr bilan xarakterlanganligi uchun uning kuchaytirgich mexanizmi inertsiyaga ega deb tushuniladi. Qutblangan nurning qutblanmagan nurga nisbatan anchagina effektiv ta’sirga ega bo’lishi, xromoforlar fazoviy orientatsiyalanganligining muhim ekanligidan darak beradi.
Fototropizm - fotoretseptsiya hodisasiga mansub bo’lib, biologik ob’ekt qismlarining yorug’lik manbai tomon yoki unga teskari yo’nalishdagi harakatini belgilaydi. Fototropizm oliy va tuban darajali o’simliklarda, zamburug’lar hamda o’troq hayot kechiradigan suv o’tlarida kuzatilib, o’sayotgan organizmning yoritilgan tomonlaridagi hujayralar bo’linish tezliklari va kattaliklarining oshishidagi farqlar orqali amalga oshadi.
Yuksak o’simliklarda sodir bo’ladigan fototrop reaktsiyalarning ko’rinuvchi nur intensivligiga bog’liqligi juda murakkab bo’lib, qoidaga ko’ra, organlarning o’sayotgan joyida o’z aksini topadi. Odatda, o’simlik tanasi ijobiy, ildizlari esa salbiy fototropizm namoyon etadi. Yuksak o’simliklarda bir necha fotoretseptor tizimlar mavjud bo’lsa, fikomitsetlarda fototropizmga faqat bitta fotoretseptor tizim javobgar bo’ladi. Fototrop javoblarda, biologik aktiv yorug’likning yutilishiga flavin pigmentlari yoki fitoxrom javobgar bo’ladi. Flavinli pigmentlarda fototropizmga oid fotokimyoviy reaktsiya tripletli satxlar ishtirokida, bir kvantli mexanizmga asosan amalga oshadi. Bunga misol qilib kungaboqar o’simligining sutka davomida quyosh nurlari tushayotgan tomonga egila olish xususiyatini ko’rsatish mumkin. Yorug’likning fototrop ta’siri, membrana o’tkazuvchanligining o’zgarishi bilan shartlanadigan, auksinlar yon gradientining vujudga kelishi orqali amalga oshadi.
Polyarotropizm ham fototropizmning bir xili bo’lib, mox va paparotniklarda qayd etilgan bo’lib, sporalarning chiziqli qutblangan nur tekisligiga nisbatan 90o burchak ostida orientatsiyalanishlari bilan xarakterlanadi. Ma’lumki, polyarotropizm fotoretseptor pigmentlarning fazoviy tartiblangan orientatsiyasiga bog’liq bo’lib, flavinlar ana shu xildagi rolga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |