Rasmiy va norasmiy sosial guruhlar guruhlarni bunday tarzda turlarga bo’lish birinchi bo’lib amerikalik sosiolog E. Meyo tomonidan taklif qilingan edi, guruhlarni rasmiy va norasmiy guruhlarga ajratish asosida guruh munosabatlarining tuzilmasi yotadi.
Rasmiy guruhlar – bu, huquqiy statusga ega bo’lgan sosial institut, tashkilot qismi hisoblanadigan mavjud institut, tashkilotdagi mehnat doirasida aniq maqsadga ega bo’lgan sosial guruhlardir.
Rasmiy guruhlarga quyidagi belgilar xos: aniq va izchil maqsad, iyerarxiyaga asoslangan aniq funksiyalar, ma’lum qoidalarga muvofiq keladigan huquq va burchlar, a’zolar o’rtasidagi rasmiy munosabatlar, guruh faoliyatini nazorat qiladigan rasmiy institutning mavjud bo’lishi va boshqalar.
Rasmiy guruhlarda guruh maqsadlari, funksiyalari xatti-harakat qoidalari, hatto a’zolik shartlari maxsus hujjatlarda (dastur, yo’riqnoma, qonun va boshqalar) qayd etilgan bo’ladi.
Rasmiy guruhlarga siyosiy partiyalar, davlat, diniy va boshqa tashkilotlar kiradi. Shuningdek, ishlab chiqarish jamoasi, maktab sinfi, sport jamoasi va boqalarni kiritish mumkin.
Rasmiy guruh – bu, aniq sosial guruh, jamiyat sosial tuzilmasining elementidir. U obyektiv holda mavjud. Uning strukturasi va xatti-harakat shakllari keng miqyosdagi guruh yoki jamiyat tomonidan belgilanadi. Individ rasmiy guruhga a’zo bo’lar ekan, o’zining shaxsiy sifatlarini yo’qotadi va rasmiy guruh tashkiloti doirasidagi u yoki bu rollarni bajaruvchi kishiga aylanadi.
Rasmiy guruhlar ham rasmiy (korxona, brigada kasaba uyushmasi, jamoat va davlat tashkiloti), ham rasmiy struktura tomonidan tan olinmagan, ya’ni norasmiy (yashirin tashkilot, norasmiy guruh va hokazo) bo’lishi mumkin.
Norasmiy guruhlar, ko’pincha bunday guruhlar «psixologik guruhlar» yoki «sosial psixologik guruhlar» deb ataladi. Chunki bu guruhlarning tashkil topish zaminida guruh a’zolari o’rtasidagi psixologik, hissiy munosabatlar yotadi. Norasmiy guruhlarning paydo bo’lishida vaziyat va umumiy mafaatlar majmui muhim rol o’ynaydi. Shuning uchun ham bu guruhlarni ba’zan, manfaat yuzasidan tuzilgan guruhlar ham deb atashadi. Odamlar ehtiyojlari turli-tuman bo’lganligi sababli norasmiy guruhlar mavjud.
Norasmiy guruh rasmiy guruhga qaraganda boshqacha tuzilishga ega. Agar rasmiy guruhda guruh sosial strukturaning yuqori organlari va hatto jamiyat tomonidan tuzilsa, norasmiy guruhlar esa shaxsiy asosda, ya’ni uni tashkil etadigan individlar tashabbusi bilan tuziladi. Tashabbuskor kishilar bu guruhda faol rol o’ynaydilar va o’z-o’zidan guruhda a’zolarning ehtiyojlarini qondirishga imkoniyat beradigan xatti-harakat tizimi rivojlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |