Matnlarni o‘qing. Tinish belgilarining qo‘sh ishlatilish sabablarini tushuntiring.
O‘z uyining qabristonlar qadar jimjit, xonaqohlar qadar unsiz, o‘z ko‘ngli qadar tund va xo‘mraygan bo‘lishini istagan Razzoq so‘fi xuddi shu ola-to‘polon ustiga kirib keldi!
Eshikdan kirar-kirmas ovozining boricha:
— Bu nima qiyomat!!! — deb shovqin solishi ikkala yosh qizni chaqmoq tekkan daraxtdek turgan joylarida qotirib qo‘ydi.
Rahimbiy (bo‘g‘iq). Bu kim?.. Kim bu?..
Xayol (taxtga qarab). Ey qora kuch, ey qurib ketgur taxt!
... Ey, qop-qora saodat, sensan?!
Ey, insonning dushman tangrisi, qachong‘acha bu ongsizlar to‘dasini o‘zingga ham topindirib hali qurbon qilasan?! Ey boyqushlar qafasi, bunday dev ishtahalik hayvonlarning qo‘li bilan qachong‘acha dunyolarni bir-biriga urib turasan?!
Rahimbiy (o‘ylar). Afrosiyob deydir. Otamdan qochdim deydir. (Bir-ikki odim bosib, qo‘rqa-qo‘rqa) Sen kimsan?..
Xayol. Men... Sening kabi bir zolim qo‘linda mana shuning kabi (Abdumo‘minning o‘ligini ko‘rsatib) hech narsani bilmayin, onglamayin bo‘g‘izlang‘on bir mazlum — Siyovush!.. (A. Fitrat)
MAТN — ENG YIRIK SINТAKТIK BIRLIK
Har qanday og‘zaki va yozma nutq parchasi matn (makromatn) hisoblanadi. Matn mikromatnlarning o‘zaro mazmuniy va grammatik bog‘lanishidan hosil bo‘ladi.
Esda saqlang. Bir necha gaplarning o‘zaro grammatik va mazmuniy bog‘lanishidan tashkil topgan, mazmuniy yaxlitlikka ega bo‘lgan qo‘shma gaplarga nisbatan yirikroq yozma va og‘zaki nutq parchasi mikromatn hisoblanadi.
Bir umumiy mavzu ostida birlashgan bir necha mikromatnlardan tashkil topuvchi yaxlit asarga makromatn deyiladi. Masalan, Abdulla Qahhorning «O‘g‘ri» hikoyasida ishtirok etgan barcha mikromatnlar «o‘g‘irlik» umumiy mavzusi ostida birlashgan.
Matnning eng kichik birligi gap hisoblanib, ular matn tarkibida ma’lum bog‘lovchi vositalar yordamida bog‘lanadi. Ular quyidagilardan iborat:
bog‘lovchilar, bog‘lovchi vazifasidagi ayrim so‘zlar, takroriy bo‘laklar, olmoshlar, sinonimlar.
Karimjon a’lo o‘qish va odobi bilan litseyda katta hurmatga ega. U jamoat ishlarida ham faol qatnashadi.
Matn tarkibidagi ikkinchi gap boshida kelgan u olmoshi birinchi gap tarkibida kelgan Karimjon o‘rnida kelib, ikkinchi gapni birinchi gapga mazmunan bog‘lab keladi. Shuning uchun ham u olmoshi matn qismlarini bog‘lovchi, ya’ni matn hosil qiluvchi vosita sanaladi.
Mikromatnni hosil qilishda takrorlar eng muhim vositadir, chunki u ham gaplarni bog‘lovchi vosita hisoblanadi, ham uslubiy bo‘yoqdorlik hosil qiladi.
E’tibor bering:
Olti oykim, she’r yozmayman, yuragim zada,
Olti oykim, o‘zgalarga tilayman omad.
Olti oykim, do‘stlarim ham pana-panada
Iste’dodim so‘nganidan qilar karomat. (A. Oripov)
Тakrorlar gap oxirida qo‘llanilishi ham mumkin.
Angladimki, olamda
Yurt tanho, Vatan tanho
Band etgan xayolimni
Тengsiz shul chaman tanho,
Nokaslar emas, yo‘q, yo‘q,
Onajonim, she’riyat,
Тopgan toj-taxtim mening,
Jonajonim she’riyat. (A. Oripov)
Do'stlaringiz bilan baham: |