Bxutto Zulfiqor Alixon(1928-1979) – 1967 yilda Pokiston xalq partiyasiga asos soldi.1971-1973 yillarda davlat va hukumat rahbari. Bosh vazir (1973-1977). 1977 yil hibsga olingan, davlatga xiyonatda ayblanib 1979 yil o’ldirilgan.1974-yilda qabul qilingan yangi konstitutsiyaga muvofiq 1977-yilda Milliy majlisga umumxalq saylovlari bo’lib o’tdi va unda PXP g’alaba qozondi. Biroq muxolifat partiyalar ushbu saylov natijalarini tan olmadi. Mamlakatda siyosiy inqiroz boshlandi. 1977-yil 5-iyuldanavbatdagi harbiy to’ntarish yuz berdi va hokimiyat general Ziyoulhaq (1924-1988) qo’liga o’tdi. Yangi ma’muriyat konstitutsiyani bekor qildi, parlamentni tarqatib yubordi va PXP tarafdorlarini ta’qib qila boshladi. Z.Bxutto qatl qilindi. 1979-yilda barcha siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlandi. Harbiy rejim ichki siyosat asosiga jamiyat hayotini har tomonlama islomlashtirishni kiritdi. Qo’shni Ag’onistondagi sovet qo’shinlarining kiritilishi bilan bog’liq voqealar AQSH rejasiga ko’ra Pokistonning harbiy platsdarmi sifatidagi ahamiyatini oshirdi. Pokistonda qochoqlar uchun lager tashkil etildi va u afg’on jangarilari uchun tayanch bazasiga aylandi. Aynan shuning uchun AQSH Pokistonga 4 milliard dollar atrofida moddiy yordam ko’rsatdi. Biroq bu harbiy rejim qulashini vaqtincha kechiktirdi, xolos. 1988-yil 17-avgust kuni general Ziyoulhaq aviatsiya falokatida halok bo’ldi va senat raisi G’ulom Ishoq Xon prezidentlik lavozimini egalladi. 1988-yil 16-noyabrda umumxalq parlament saylovlari bo’lib o’tdi. Asosiy kurash PXP va Pokiston musulmon ligasi o’rtasida bordi. Unda PXP g’alaba qozondi va Z.Bxuttoning qizi - Benazir Bxuttoo’z otasi partiyasiga yetakchilik qilgan holda bosh vazirlikka saylandi. Siyosiy tajribaning yo’qligi sababli B. Bxutto hukumati mamlakat siyosatida bir qator jiddiy xatoliklarga yo’l qo’ydi. Bundan muxolifat kuchlar foydalanib B.Bxuttoni korrupsiyada ayblashdi. B.Bxutto o’z lavozimidan chetlatildi. Karachida ommaviy tartibsizliklar kuchayib politsiya ularga qarshi qurol ishlatdi. Islomoboddan Peshavorgacha oraliqdagi harbiy lagerlarda joylashgan besh million afg’on nazorat ostidan chiqib Pokistonning iqtisodiga yanada katta zarar keltirdi. Mamlakat prezidenti Legari 1993-yil oktyabrda qayta saylov o’tkazishga majbur bo’ldi va B.Bxutto yana g’alaba qozondi. Oradan to’rt yil o’tmay ilgarigi holat takrorlandi. B.Bxutto korrupsiyada ayblanib bosh vazir lavozimidan chetlatildi. U hibsga olinib jamoatchilik tazyiqi sababli bir yildan so’ng ozodlikka chiqarildi. 1997-yil 3-fevralda Pokistonda yangi umumxalq saylovi o’tkazildi. Unda Navoz Sharif yetakchiligidagi Pokiston musulmon ligasi g’alaba qozondi va u bosh vazir lavozimiga saylandi.