Daromad o`sishining investitsiyaga ta`sir doirasini ko`rsatish maqsadida iqtisodchilar akselerator tushunchasini kiritishgan. Akselerator2 – investitsiyalar o`sishining milliy daromadga nisbatini ifodalovchi koeffitsient bo`lib, u joriy yildagi investitsiya o`sishining o`tgan yilgi milliy daromad o`sishiga nisbati tarzida aniqlanadi. U daromadning o`sishining investitsiya o`sishiga ta`sirini ko`rsatadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, investitsiya jarayonining mohiyatini yoritganda uni jamg`arish (resurlar), qo`yish (xarajatlar) va foyda (daromad) olishdan iborat dinamik jarayonda olib qarash lozim. Investitsiya jarayonining asosida investitsiyadagi ketma-ketlik, ya`ni resurslar (jamg`arish) – investitsiya qo`yish (xarajatlar) – foyda (daromad) olish yoki ijtimoiy samaraga erishi ketma-ketligi yotishi kerak (1-rasm). Ammo, bu erda shu narsani e`tiborga olish lozimki, daromad investitsiya jarayonida emas, balki ishlab chiqarish jarayonida yaratiladi. Yaratilgan daromadning bir qismi iste`mol qilinadi, qolgani jamg`ariladi.
1-rasm. Investitsiya jarayoni
Investitsiya jarayoni tadbirkorlik va boshqa faoliyat turlarini tashkil etish uchun mol-mulklarning kapitallashuvini ta`minlash maqsadida investorlarning resurslarni jamg`arish va ularni turli shaklda qo`yish bilan bog`liq harakatlari yig`indisi, deb tushunilishi kerak. Bu jarayon jamg`arish (resurslar) – investitsiya qo`yish (xarajatlar) – mol-mulk kapitallashuvi – iqtisodiy yoki ijtimoiy samara ketma-ketligidan iborat bo`ladi. Albatta, bu holatda pul shaklida qo`yilgan investitsiyalar mol-mulk kapitallashuvini anglatmaydiku?, degan savol tug`ilishi mumkin. Shuni alohida qayd qilish lozimki, investitsiya jarayonining natijasida pul mablag`lari, oxir-oqibatda, kapital mol-mulklarning kapitallashuviga olib keladi. Chunki, investitsiya qo`yishdan maqsad daromad olish ekan, faqatgina mol-mulklarning kapitallashuvigina daromad olish uchun sharoit yaratadi. Shuning uchun ham pul mablag`lari, aktsiya, obligatsiya va boshqa moliyaviy shaklda investitsiya qilishdan maqsad mol-mulklarning kapitallashuvini ta`minlash, ularni yangilash va zamonaviylashtirishdan iborat.
Umumlashtiradigan bo`lsak, resurslar, ularni qo`yish va bu jarayon natijasida foyda (daromad) olish bir-biri bilan uzviy bog`langan bo`lib, investitsiya qilishdan oldin resurslar jamg`ariladi, so`ng ular foyda (daromad) yoki ijtimoiy samara olish maqsadida iqtisodiy va boshqa faoliyat ob`ektlariga joylashtiriladi. Resurslarsiz qo`yish jarayoni bo`lmaydi, resurslar qo`yilmas ekan foyda (daromad) yoki ijtimoiy samara olish ham mumkin emas va shuningdek, resurslar qanday turda bo`lishidan qat`iy nazar ularning manbai daromaddir.
Demak, yuqorida aytib o`tilganidek, resurslar (jamg`arish) – investitsiyalashning bosh nuqtasidir. Shuni alohida ta`kidlash lozimki, shakllaridan qat`iy nazar investitsiyalar kapitalni (resurslarni) jamg`arish jarayonining natijasi hisoblanadi. Jamg`arish investitsiya qo`yishning asosi bo`lib, u qo`yiladigan investitsiyalarning hajmini ham belgilab beradi.
Fikrimizcha, investitsiya faoliyatida investitsiyalarning ketma-ketligi va ularning o`zgaruvchanligi, ya`ni resurslar (qiymatliklar) – qo`yish (xarajatlar) va investitsiya natijasida samara (foyda, daromad) olish yotishi kerak. Agar samara olinmasa investitsiyalashga rag`bat ham bo`lmaydi.
Investitsiyalashning bosh bosqichlari quyidagilar bo`ladi: resurslarni kapital qo`yilmalarga aylantirish (resurslarning kapitallashuvi), ya`ni bunda investitsiyalar investitsiya faoliyatining aniq ob`ektlariga transformatsiyasi jarayoni yuz beradi; qo`yilgan mablag`larning kapital qiymati o`sishiga aylanishi (ekspluatatsiyaga berilgan ob`ektlar va ishlab chiqarish quvvatlari shaklida); kapital qiymatining daromad (foyda) shaklida o`sishi, ya`ni investitsiyalashning oxirgi (so`nggi) maqsadi amalga oshiriladi.
Shunday qilib, investitsiyalarning bosh va oxirgi nuqtalari tutashadi. Bunda yana ketma-ketlik, bir-biri bilan yangi aloqa shakllanib: daromad (foyda) – resurslar – oxirgi natija, ya`ni jamg`arish jarayoni takrorlanadi. Demak, investitsiya faoliyatining mohiyatini tushunishda jamg`arish (resurslar), investitsiya qo`yish va ularning kapitallashuvi jarayonlarini ham birga olib qarash lozim.
Investitsiya faoliyati investitsiyalash va investitsiyalarni, mulkni ko`paytirishning asosi hisoblanadi, chunki aynan ana shu faoliyatda investitsiya bir ko`rinishdan ikkinchi ko`rinishga o`tadi, ya`ni jamg`armalar (resurslar), qo`yilmalar (xarajatlar), kapital mulk (tayyor mahsulot), iqtisodiy yoki ijtimoiy samara (daromad, foyda) va kapitalni o`stirish (jamg`arma) shaklini oladi.
Investitsiya jarayoni bilan investitsiya faoliyatining farqi shundaki, investitsiya jarayoni maqsadli, maqsadli harakatni namoyon etmaydi, balki, umumiy hatti-harakatlarni ifoda etadi va mujassamlashtiradi. Investitsiya faoliyati aniq maqsadga asoslangan bo`lib, maqsadlarning turlariga qarab, turlicha yo`nalish, xususiyat, natija va samaraga ega bo`ladi. Investitsiya faoliyati biznes-g`oyalarni yaratish, ishlab chiqish, ular asosida investitsiya loyihalarini asoslash, investitsiya loyihalarini amalga oshirishning moddiy-texnik, moliyaviy va boshqa asoslarini aniqlash va ta`minlash va shuning asosida investor xarajatlari qoplanishi, mulkning yanada ko`payshiga erishish hamda bu jarayonda ma`lum sub`ektlar ishtirokini ta`minlash harakatlari va imkoniyatlarini aks ettiradi. Shu jihatdan investitsiya faoliyati investitsiya jarayoniga nisbatan kengroq tushuncha hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |