Uslubiy ko‘rsatmalar va nazorat savollari
Madaniyat va aholi dam olish markazlarida mafkuraviy ta'sirlardan odamlarni ma'naviy himoyalash yo‘llari haqida so‘zlab bering.
Zombi tushunchasining mazmunini izohlang.
Qadriyatlar qatoridagi mantiqni izohlab bering.
Zombi qilish bosqichlarini tushuntiring.
Madaniyat va aholi dam olish markazlarida yoshlar mafkuraviy immunitetini tarbiyalash yo‘llarini tushuntiring.
Uslubiy ko‘rsatma:”Ommaviy madaniyat” talqini bo‘yicha keys
“belgi” va “tamg‘a” yoki tatuirovka haqida
Yoshlari 70ni qoralagan amakim Fayzullo otaning har doim uylariga borganimda juda uzoq kutilgan mehmondek qarshi oladilar. Hatto yangam “chol pensiya kelipti” desa ham (hazil), “qo‘yaver ertaga olaman” deb, men bilan o‘tirib suhbatga kirishib ketadilar. Eng qizig‘i ko‘p yillar maorif sohasida ishlaganlari sababmi, yoshlarga mamlakatimiz tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularning yutuqlari va kamchiliklari doimo suhbatimizning rejasiga kiritiladi. Kechagi safar borganimda suhbat ichida ayrim yoshlarni beo‘xshov hatti-harakati menga yokmaydida deb qoldilar.
- Nima? nega? - Mana qara, misol, bugun jahon chempioni bo‘lgan yigit-qiz yoshlarimiz anchagina. Birortasining tanasida “belgi”, “tamg‘a”ga o‘xshash beo‘xshov narsa ko‘rganmisan. - Yo‘q. - Ayrim yoshlarga nima endi bu jonini azobga qo‘yish, atrofdagilarni o‘zidan bezdirish, ota-onasini kulguga va gap-so‘zga qoldirish. Meni fikrim: Bu kabi yoshlar nima qilayotganini bilmasa kerak. Bizning yoshlik davrimizda qamoqxonadan qaytganlar, harbiy xizmat davrida ayrimlari bir xil holat va sharoitdan zerikib turli ko‘rinishdagi “belgi” va “tamg‘a”lar bilan qaytar edi. Yana bilmasam deb qoldilar. Ha, to‘g‘ri o‘yladingiz, bu siz bilgan tatuirovkadir. Darhaqiqat oxirgi aytilgan jumlalardagi “belgi” va “tamg‘a” so‘ziga e'tibor beradigan bo‘lsak, aksariyat odamlarimiz bu yot madaniyat namunasini “zamonaviy tilda” tatuirovka deb atalishini bilishmaydi. Bilishni o‘zi kerakmikin. Tarixiy kitoblarda bir-birini to‘ldiruvchi turli fikrlar yozilgan. Misol uchun, bir manbada, tatuirovkaning qadimiy ko‘rinishlari ibtidoiy jamoa tuzumi davrida qabilalar orasida vujudga kelgan. Biri ikkinchisiga jismonan, shaklan o‘xshagani va bir xil kiyinishga ehtiyoj bo‘lganligi sababli ham bu belgidan foydalangan. Bu tamg‘alar qabila a'zolarini boshqa qabiladan ajratib turishi va kuchli qabila yoki kuchsiz qabila sinfiy guruhlar shakllanishi hamda kuchli qabila kuchsiz qabila vakilini tanib olishi, ulardan o‘zini himoya qilishi uchun ham asqotgan. Shuningdek, garchi qanchalik qo‘pol jaranglasada, bizning tariximizda insonga emas, balki chorvaga nisbatan chorvador ota-bobolarimiz “belgi” va “tamg‘a”lardan (quloq teshish, kesish, raqamlash, turli xil ranglash va boshqa) keng foydalanishgan. Buning yagona sababi sigir va qo‘y-qo‘zilar boshqa podaga aralashganda yoki ularni yo‘qotganda tanish uchun imkoniyat yaratish maqsadida qo‘llanilgan. Yana bir manbada, quldorlik tizimi davrida qullarga turli “belgi” va “tamg‘alar” bosib, bu qulning kimga tegishliligi va uning nomini belgidagi raqam yoki nom orqali chaqirishgan holatlari aks etgan.
Biz tarix manbalarining qaysi sahifalaridan qidirmaylik, bularning hyech qaysi bugungi kunda insonga nisbatan bu illatning qo‘llanishini oqlamaydi. Bugun “Ommaviy madaniyat”ning bu ko‘rinishdagi illatini badaniga turli so‘zu bezaklarni chizdirayotgan yigit-qizlar tatuirovkaning ana shu kabi tarixidan xabardormikin? Yoki, ular yashab turgan jamiyatining qaysi jamoadan ajralib turishini istab, badanlariga turli “belgi” va “tamg‘a”larni tushirishayapti?...
– Go‘zallik salonimizga tatuirovka qildirmoqchi bo‘lib kelayotganlarning aksariyati yosh yigit-qizlar. O‘smir yoshidagilar nisbatan kam, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi TTZ bozori asosiy kirish joyining o‘ng tomonida joylashgan erkaklar va ayollar go‘zallik salonidagi Anya ismli qiz. – Bizda yoshlarga, ayniqsa, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan mijozlarga ota-onasining ruxsatisiz xizmat ko‘rsatilmaydi. Ammo, hamma joyda ham bizdagi kabi tartib o‘rnatilmagan. Ya'ni yosh o‘spirin, hatto voyaga yetmagan bolalarga ham tatuirovka qilishayapti. Bu albatta, yaxshi emas. To‘g‘ri, badan o‘ziniki, xohlasa, tatuirovka qildiradi, xohlasa bu ishni qilmas. Ixtiyor o‘ziniki, ammo birgina ochiq tan olingan milliy madaniyat tushunchasi bor-ku. Har bir mamlakatda milliy madaniyat tarkib topgan va u mamlakatning buguni va kelajagini ifodalovchi omil hisoblanadi. Yurtboshimiz Islom Karimov ham o‘zlarining “Yuksak ma'naviyat yengilmas kuch” asarlarida kuyinchaklik bilan “Hozirgi vaqtda axloqsizlikni madaniyat deb bilish va aksincha, asl ma'naviy qadriyatlarni mensimasdan, eskilik sarqiti deb qarash bilan bog‘liq holatlar bugungi taraqqiyotga, inson hayoti, oila muqaddasligi va yoshlar tarbiyasiga katta xavf solmoqda va ko‘pchilik butun jahonda bamisoli balo-qazodek tarqalib borayotgan bunday xurujlarga qarshi kurashish naqadar muhim ekanini anglab olmokda.” - deb ta'kidlaydilar. Yurtboshimizning bu gapdagi har bir so‘z milliy mentalitetimiz, milliy madaniyatimizni asrashga chorlaydi. “Ommaviy madaniyat”ning tatuirovka kabi qo‘pol ko‘rinishi aynan jamiyatdagi odob-axloq me'yorlari, uning kishi tabiati, yurish-turish, muomalasiga ta'siri ham juda katta salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Shu jamiyatda yashab, shu yerdan nafas olar ekansan, albatta, barcha jamiyatlarda tan olingan oltin qoida, ya'ni mamlakat boshqaruvidagi g‘oya va mafkurani tan olmoq kerak. Aks holda Vatanning xoin fuqarosiga aylanasan kishi. Xoinlik esa hyech bir davrda o‘zini oqlamagan. Qolaversa, bugun yoshlikka xos qiziquvchanlik boshqalarga taqlid tufayli tanasiga “belgi” va “tamg‘a” urdirganlar ertaga jamiyatdagi ijtimoiy faoliyatida turli to‘siqlarga duch kelib pushaymon qilishi hyech gap emas. Bunga misol harbiy xizmat yoyinki, jamiyatimizning barcha nufuzli vazirlik, idora, tashkilot va korxonalar tizimida ishga qabul qilishdan oldin to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda va kelajakda bu faoliyat yanada takomillashadi. Tanasida bu kabi “belgi” va “tamg‘a”- tatuirovka urdirgan kishi o‘ziga nisbatan ish beruvchi, kuyov yoki kelin qiluvchi, og‘a-ini kirishuvi va h.k. tomonidan bir necha xil salbiy qarash hosil qiladi. Birinchidan, unda aqliy zaiflik kayfiyati yuqori; Ikkinchidan, xudbinlik, unga atrofdagilarning fikri ahamiyatsizligi, axloqsizlik, ma'naviyatsizlik va madaniyatsizlikni targ‘ib qilishga mayli borligi; Uchinchidan, o‘ziga va o‘zgalarga nisbatan rahm-shavqat va mehr-oqibat hissi pastligi va keyinchalik buni umuman yo‘qolish alomati yuqori bo‘lishi va shu kabi ko‘plab salbiy fikr-mulohazalar keltirib chiqarishi mumkin. Bu qanchalik ahamiyatliligini aytib o‘tishning hojati bo‘lmasa kerak.
Tatuirovka jamiyatdagi ijtimoiy axloqiy normalarga ziddir. Badandagi aks ettirilgan tasvirlarni namoyish etish inson qalbida agressiv tuyg‘ularni, tajovuzkorlikning shakllanishiga sabab bo‘lishi bilan birga ong ostidagi anglanmagan qiziqishlarning uyg‘onishiga olib keladi. Bunday tarzda yuzaga kelgan qiziqishlar esa o‘spirin va o‘smirlarni o‘zida axloqsizlikni sinab ko‘rish moyilligini keltirib chiqaradi. Bu esa uning jamiyatdagi faoliyatida, xulq-atvorida, hatti-harakatlarida o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Har bir insonni voyaga yetish jarayonidagi ijtimoiy-ma'naviy shakllanishida bu turdagi “yangicha san'at”dan foydalanish, unga taqlid qilish esa, salbiy xulq-atvor shakllarini namoyon bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ongli, sog‘lom fikr yurituvchi insonlar bu tarzda o‘z tanasini ijod ob'ektiga aylanishiga yo‘l qo‘ymaydilar. Aksariyat tatuirovkani qo‘llashni ma'qul ko‘ruvchi odamlar psixologik tiplarga ko‘ra, hissiy ta'sirchanligi yuqori bo‘lgan va agressiv xulq shakllariga moyil bo‘lgan toifadagi shaxslardir. Har bir millat yoki elat vakili ijtimoiy kelib chiqishidan qat'iy nazar o‘zi yashab turgan jamiyatning a'zosi. Bugun “Ommaviy madaniyat” nafaqat mamlakatimizning, balki, manaman deb ko‘krak urayotgan AQSh, Germaniya, Yaponiya, Rossiya kabi mamlakatlarning ham katta bosh og‘rig‘idir. Har bir millat va elat o‘z urf-odati va madaniyatini saqlab unga amal qilib keladi. Bu yaxshi albatta, ammo yillar o‘tishi bilan madaniyatlar o‘zgarib, yangilanib borishi kerak. Ammo, tatuirovka kabi illat bir madaniyatdan ikkinchi madaniyatga almashinib, uning kelajagini vayron qiladi. Hayotda aniq va ulkan maqsadlar bilan yashash kerak. Agar bugun biz bu kabi illatlarni yoshlikka xos holat, deb munosabat bildirsak, bir qarashda pardoz bo‘lib ko‘rinsada, bu harakat kelajak hayotimizda axloqsizlik va ma'naviy tubanlik sari yetaklovchi omil bo‘lishi mumkin.
Hozirgi vaqtda axloqsizlikni madaniyat deb bilish va aksincha, asl ma'naviy qadriyatlarni mensimasdan, eskilik sarqiti deb qarash bilan bog‘liq holatlar bugungi taraqqiyotga, inson hayoti, oila muqaddasligi va yoshlar tarbiyasiga katta xavf solmoqda va ko‘pchilik butun jahonda bamisli balo-qazodek tarqalib borayotgan bunday xurujlarga qarshi kurashish naqadar muhim ekanini anglab olmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |