Ajratib beriladigan inson kapitali turlariga esa qo‘yidagilar kiradi:
• ijtimoiy-madaniy inson kapitali. Bu kapital xodimlar madaniy sifatlari va qobiliyatlarining integratsiyalashishi va kooperatsiyalashishini, ijtimoiy takror hosil qilish tarkibida doimiy axborot, ilmiy, ta'lim, texnologik oqimlar mavjud bo‘lishini aks ettiradi;
• sotsial kapital. Sotsial normalar, ishonch va hokazolar uning unsurlari xisoblanadi. Sotsial kapital har bir iqtisodiy sub'ekt u yoki bu tarzda ijtimoiy munosabatlar tizimiga integratsiya qilinganligii bilan bog‘liqdir. Inson kapitalining ushbu turi qator o‘ziga xos xususiyatlarga egadir:
birinchidan, bu hamisha tashkillashtirilgan o‘zaro munosabatlar mahsulidir, shuning uchun shaxsiy emas, balki ijtimoiy shaklga egadir;
ikkinchidan, sotsial kapital tashkiliy-ijtimoiy tizim amal etishining unsuri sifatida xususiy mulk bo‘lishi mumkin emas, ya'ni ijtimoiy ne'mat xisoblanadi.
A.I. Merko sotsial kapital axborot, g‘oyalar, ishonch, kooperatsiya, hissiy qo‘llab-quvvatlash va tashkiliy darajaning boshqa unsurlarini qamrab olgan deb xisoblaydi. Bundan kelib chiqqan xolda u ijtimoiy kapitalning ikki darajasini ajratib ko‘rsatadi.
1. Tarkibiy kapital – bu xo‘jalik yurutuvchi sub'ektning bozorning o‘zgarib boradigan kon'yunkturasiga moslashgan hamda buni korxona uchun manfaatli yo‘nalishga qaratgan holda o‘z tashkiliy tuzilmasini boshqarish qobiliyatidir.
Hozirgi davr iqtisodiyotida firmalar ish ko‘radigan raqobat muhiti innovatsiyalar ta'siri ostida mutassil o‘zgarib turadi. Bunday o‘zgarishlarning yuqori sur'ati korxona muvaffaqiyatga erishishi mumkin bo‘lgan sharoitlarni murakkablashtiradi. Ana shunday sharoitlardan biri - korxonada salmoqli darajada tarkibiy kapital mavjud bo‘lishidir.
2. Tashkiliy kapital. Moxiyat jihatidan bu xo‘jalik yuritishning tizimga solish malakasi hamda tashkiliy imkoniyatlardir. Tashkiliy kapital quyudagilarni qamrab oladi:
innovatsiyalar kapitali – ularga muhofaza qilgan tijorat huquqlari, intellektual mulk hamda boshqa nomoddiy aktivlar va firmani yangilanishga qodirligini ta'minlaydigan qadriyatlar kiradi;
jarayonlar kapitali – ularga, masalan, ishlab chiqarish, mahsulotni sotish, maxsulot sotishdan so‘ng servis xizmati ko‘rsatish tizimlarini, ya'ni ular natijasida mahsulot qiymatini shakllantiradigan kapitalni kiritish mumkin.
Shu bilan birgalikda mijozlar kapitali (brend-kapital) ham farqlanadi. Mijozlar kapitaliga ega bo‘lgan korxona faoliyatini mahsulot yoki xizmatdan foydalanuvchini “iste'mol qiymatini birgalikda yaratish va takomillashtirishga jalb etish” korxonasi deb atash mumkin. Bunda xaridor korxona tomonidan yaratilgan barcha mahsulotlar va xizmatlarning oliy hakami vazifasini bajaradi.
Inson kapitalining yuqorida qayd qilingan tarkibi mazkur iqtisodiy kategoriya insonning o‘zi serqirra ekanligi bilan izohlanadi. Ishlab chiqarish kapitali doirasidagi ashyoviy va inson kapitali yaxlitligi va ajralmasligiga qaramasdan inson kapitali tobora mavqyei ortib, yetakchi rol o‘ynamoqda. Bevosita inson kapitali iste'mol qilinayotgan jismoniy kapitalning tovarlardagi qiymatini saqlab turadi hamda ish kuchi qiymatini qoplaydigan va kapital egalariga foyda keltiradigan yangi qiymat yaratadi.
Professor Q.X. Abdurahmonovning fikricha, “Inson kapitalini ahamiyati tabiiy resurslar, moddiy boylik va vositalarga qaraganda yuqoriroqdir”. Shuning uchun inson kapitali iqtisodiy o‘sish va samaradorlikning asosiy omilidir. Inson kapitalining iqtisodiy kategoriyasi sifatidagi tushunchasi jahon axborot hamjamiyati va “bilimlar iqtisodiyoti” rivojlanishi bilan birgalikda muntazam ravishda kengayib bormoqda. Hozirgi davrda inson kapitali intellektual va boshqaruv mehnatini, yashash va mehnat faoliyati muhitini qamrab oladigan iqtisodiyotni, jamiyat va oilani rivojlantirishning intensiv ishlab chiqarish omilidir. Bu inson kapitalini rivojlantirishning ishlab chiqaruvchi omili sifatida samarali va oqilona amal etishini ta'minlaydi.
Inson kapitali nazariyasiga muvofiq, inson kapitalining to‘planishi turli shakllarda amalga oshirilishi mumkin. Ularning eng asosiylari ta'lim olish hamda kasbiy tayyorgarlik davomida qobiliyatlarni rivojlantirish asosida kapitalni to‘plashdir. Odatda bu qatordan oiladagi tarbiya ham o‘rin oladi.
Shu bilan birga kapitalni to‘plashning boshqa shakllari ham mavjuddir. O‘z sog‘lig‘i to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish (investitsiya kiritish), migratsiya, iqtisodiyot, mehnat bozori amal etishi to‘g‘risida axborot olish hamda insonning intellektual va jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirishni, bu qobiliyatlardan foydalanish mehnat samaradorligini oshirish imkoniyatini ta'minlaydigan boshqa shakllar shular jumlasidandir.
Inson kapitalining shakllanishi manbalaridan (davlat, oila, xususiy shaxslar va boshqalar) qat'i nazar undan foydalanish va bevosita daromad olish insonning o‘zi tomonidan nazorat qilinadi.
Alohida shaxsning inson kapitali uning salomatligi, sog‘lig‘i, qobiliyati, bilimi va ko‘nikmalaridan iboratdir. “Insonning qiymati” uning hayoti bosqichlarida ortib boradi, bu qiymatdan mehnat unumdorligini oshirish maqsadida foydalaniladi, ayni paytda shaxsiy kapital daromadlarini ko‘paytiradi va insonni o‘z qobiliyatini yanada oshirishga shaxsiy investitsiyalar kiritishga rag‘batlantiradi.
Korxonaning inson kapitalida xozirgi vaqtda savdo belgisi, personal va yangi texnologiyalar sifatidagi nomoddiy aktivlar alohida rol o‘ynaydi. Bu kapitalga, shuningdek shaxsiy inson kapitali aktivlarini (litsenziyalar, patentlar, mualliflik guvohnomalari), firmaning nomoddiy aktivlarini (tovar belgilari) tashkiliy kapital, tarkibiy, kapital, brend-kapital va ijtimoiy kapitalini kiritish mumkin.
Milliy inson kapitali ijtimoiy, siyosiy kapitalni, milliy intellektual ustuvorliklarni, milliy raqobat ustunliklarini va millatning tabiiy salohiyatini qamrab oladi. Milliy inson kapitali har bir rivojlanayotgan mamlakat milliy boyligining yarmidan ko‘prog‘ini, jaxonning taraqqiy etgan davlatlarida esa 70,0-80,0 % dan ortig‘ini tashkil etadi.
O‘rni kelganda inson kapitali nazariyasida ham amaliy, ham nazariy darajada qator baxsli masalalar mavjduligini ham ko‘rsatish lozim. Nazariyaga ko‘ra har bir shaxs inson kapitaliga kiritilgan investitsiyalar kelgusida ish xaqi ortishi xisobiga qoplanishini to‘g‘ri baholaydi deb hisoblanadi. Ammo bunda muayyan ko‘nikma va kasblarga ega bo‘lganda, ish haqi miqdoriga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan juda ko‘pgina iqtisodiy va hatto siyosiy omillar hisobga olinmaydi.
Ikkinchi muammo inson kapitali nazariyasining empirik ahamiyati bilan bog‘liqdir. Ayrim tadqiqotchilar ta'lim sohasi kabi inson kapitaliga harajatlar odamlar ish xaqi miqdori o‘zgarishiga ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini isbotlagan. Agar motivatsiya kabi omillar hisobga olinmaydigan bo‘lsa inson kapitalga investitsiyalar kiritilishining kelgusida o‘zini qoplashiga ortiqcha baho berib yuborilishi mumkin.
Odatda faqat ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida kiritiladigan investitsiyalar shaklidagi jismoniy kapitaldan farqli ravishda inson kapitaliga investitsiyalar qisman samarasiz foydalanilishi mumkin. Shuning uchun bu xarajatlarning hammasini investitsiyalarga kiritib ham bo‘lmaydi. Masalan, tarix, tasviriy san'at va adabiyot bilan shug‘ullanadigan studentlarning ko‘pchiligi buni o‘z mehnati samaradorligini oshirish maqsadida qilmaydi. Bu kabi masalalar inson kapitaliga kiritilgan mablag‘larning qiymati va ularning qoplanishini xisoblab chiqishni murakkablashtiradi.
Shu bilan bir qatorda har qanday investitsiyalar bozori kabi inson kapitali bozori ham kamchiliklardan xoli emas:
• ish kuchining nisbatan erkin harakatlanishi ish beruvchilarni ish kuchini rivojlantirishga mablag‘ sarflashga intilishlarini kamaytiradi;
• ayniqsa yoshlar o‘rtasida ta'limning qimmati to‘g‘risidagi axborot yetishmasligi inson kapitaliga yetarli bo‘lmagan darajada yoki noto‘g‘ri investitsiya kiritilishiga olib keladi;
• aholining kattagina qismida o‘ziga investitsiya kiritish uchun mablag‘ yetishmaydi.
Inson kapitaliga investitsiyalar bozorining bu va ayrim boshqa kamchiliklari sababli bozor mexanizmlari o‘z-o‘zidan buni eng maqbul tarzda tartibga soladi, degan fikrga olib kelmasligi kerak. Shuning uchun ham davlatning inson kapitaliga investitsiyalar kiritishda bevosita ishtirok etishi nixoyatda muhimdir.
Bunday yondashuvning alohida muximligini Jaxon bankining tadqiqotlari isbotlab turibdi. Jahon banki ekspertlari 192 mamlakatda amalga oshirgan tadqiqotlari natijasida quyidagi xulosalarga kelgan:
• iqtisodiy o‘sish umumiy miqdorining 64,0% dan ko‘prog‘i inson kapitali bilan bog‘liqdir;
• mamlakatning tabiiy resurslari iqtisodiy o‘sish umumiy miqdorining faqat 20,0% gacha bo‘lgan qismini ta'minlaydi;
• o‘tish iqtisodiyotiga ega davlatlarda mamlakatning ishlab chiqarish salohiyati iqtisodiy o‘sish umumiy miqdorining faqat 16,0 % ni ta'minlaydi.
Ushbu dalillar hozirgi davr jamiyatida inson kapitalining roli va ahamiyatini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Dastlab inson kapitali nazariyasini rivojlanishiga iqtosodchi – olimlar T.Shults, G.Bekker, E.Denison, R.Solou, S.Fisher, R.Lukas kabilar katta hissa qo’shganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |