Soʻzlashuv, badiiy va publisistik uslubda olmoshlarning qoʻllanilishi
“Kishilar oʻz ijtimoiy faoliyatlarida, – deb yozadi S.Karimov, – tildagi barcha vositalardan: fonetik, grammatik, leksik, frazeologik birliklardan foydalanganlarida, avvalo, oʻz ehtiyojlaridan kelib chiqib nutq mavzusiga, vaziyatga qarab tanlaydilar va ishlatadilar. Tilimizdagi vositalarning bir nechalab koʻrinishlarga ega boʻlishi, sinonimik rang-baranglik shunday yoʻl tutishga imkon beradi. Mana shu tanlash nutq jarayonida til birliklarining oʻziga xos, uslubiy chegaralanishlarini taqozo qiladi. Til elementlarining ijtimoiy muhitda tanlab ishlatilishi va ularni tilshunoslikda ilmiy-amaliy tahlil qilish zarurati stilistikada yangi sohani – funksional stilistikani vujudga keltirdi”4.
Soʻzlashuv uslubida olmoshlarning qoʻllanishi
Soʻzlashuv uslubida tildan foydalanishdagi oʻziga xosliklar morfologik birliklardan, xususan, olmoshlardan foydalanishda ham namoyon boʻladi.
Kishilik olmoshlarining qoʻllanish imkoniyatlari soʻzlashuv uslubida keng. Boshqacha aytganda, ular oʻzining leksik maʼnolaridan tashqari qoʻshimcha uslubiy xususiyatlarni avval soʻzlashuv jarayonida olib, keyin shu shakl va mazmunda boshqa uslublarda qoʻllaniladi.
Kishilik olmoshlaridan biri boʻlgan menni soʻzlashuv uslubida qoʻllashda nutq vaziyati nuqtai nazaridan ehtiyoj yoʻq. Chunki soʻzlovchi men demasa ham gap muallifi u ekanligiga shubha qilinmaydi. Demak, bu birlikning nutqda qoʻllanishida boshqa bir maqsad eʼtiborga olinadi: Kitobni oʻqidim – kitobni men oʻqidim. Ovqatni yedim – ovqatni men yedim. Mazmunan va grammatik jihatdan bu gaplarda hech qanday farq yoʻq. Bu gaplarga savol berib koʻrilganda esa, ulardagi stilistik farqlar koʻrinib qoladi: Kitobni oʻqidingmi? Kitobni kim oʻqidi? Ovqatni yedingmi? Ovqatni kim yedi? Birinchi holatda kitobni oʻqish va ovqatni yeyish haqida topshiriq berilgan hamda buning natijasi soʻralganda kitobni oʻqidim, ovqatni yedim tarzida hatto suhbatdoshlarga vaziyat maʼlum deb tasavvur etsak, oʻqidim, yedim tarzida javob beriladi. Feʼl tarkibidagi -(i)m qoʻshimchasi olmoshning vazifasini butunlay oʻz zimmasiga oladi. Kitobni men oʻqidim va Ovqatni men yedimni esa savoldan kelib chiqib ikki xil tushunsa boʻladi. Birinchi variantda kitob oʻqish va ovqat yeyish vazifasi hammaga topshirilgan, lekin topshiriq bergan kishi ulardan kimlar vazifani bajarayotganligini bilmoqchi. Bunday paytda kitobni oʻqidim, ovqatni yedim tarzida javob berish uslubiy jihatdan notoʻgʻri boʻladi. Demak, gaplarda men taʼkidlash va ajratib koʻrsatish xususiyatlari bilan namoyon boʻlmoqda va bu uning soʻzlashuv uslubidagi imkoniyati sifatida eʼtirof etiladi.
“Soʻzlashuv jarayonida shunday holatlar mavjudki, – deb yozadi O.Yusupova menni qoʻllamasa boʻlmaydi: Menga nima deysan, bor, onangga ayt! kabi. Аgar ushbu olmosh qoʻllanilmasa, tinglovchi aytgan gap kimga qaratilganligi aniq boʻlmasdan qolaveradi: Nima deysan, bor, onangga ayt! Suhbatdoshning gapi soʻzlovchiga qaratilgan, deylik. Shunday boʻlgan taqdirda ham ikki gapning maʼno xususiyati ikki xil. Birinchi gapda zarda qilish, achchiqlanish, norozilik ohangi bor. Ikkinchisida esa bu ekspressiv xususiyatlar yoʻq”5. Demak, birinchi gapdagi emotsional holatni ifoda etuvchi boʻlak faqat men deb ayta olamiz.
Men orqali boshqa xususiyatlar ham ifodalanishi mumkin. Masalan, nutqda u maqtanchoqlik xususiyatini vujudga keltiradi: Shu ishni men qildim. “Besh” bahoni men oldim. Gaplarda maqtanchoqlik bilan birgalikda taʼkidlash, ajratib koʻrsatish xususiyatlari ham ishtirok etmoqda.
Baʼzan nutqda taʼkidlashning qoʻshimcha vositalaridan ham foydalaniladi: Voy men oʻlay, voy mengina oʻlay! gapidagi ayiruv-chegaralov yuklamasi vazifasini bajarayotgan subyektiv baho shakli -gina ana shu qoʻshimcha vosita sanaladi. Men ning mengina shaklida qoʻllanishi ham soʻzlashuv uslubiga xosdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |