Hozirgi oʻzbek tilida olmosh
Barcha mustaqil soʻz turkumlari, soʻz birikmasi va gap oʻrnida almashinib qoʻllaniluvchi, ularga ishora qiluvchi yoki soʻroq bildiruvchi soʻzlar olmosh hisoblanadi. Masalan: Kitobni koʻp oʻqisangiz, undan koʻp hikmat topasiz. Istagim shuki, doimo tinchlik boʻlsin. Birinchi gapda undan olmoshi kitob soʻzi (ot) oʻrnida, ikkinchi gapda shuki olmoshi doimo tinchlik boʻlsin gapi oʻrnida qoʻllanilgan. Olmoshlarning aniq atash ma’nosi boʻlmaydi. Uning qaysi ma’noda kelayotgani matnda qaysi soʻz yoki gap oʻrnida almashinib kelishiga qarab belgilanadi. Olmoshlar ma’nosiga koʻra quyidagi turlarga boʻlinadi:
Kishilik olmoshlari uch shaxsdan biriga ishora qiluvchi olmoshlar hisoblanadi. Soʻzlovchi birinchi shaxs, tinglovchi ikkinchi shaxs, nutqdan tashqari barcha shaxs, narsa, voqea-hodisalar oʻzga, ya’ni uchinchi shaxs sifatida qaraladi. Men, biz birinchi shaxs, sen, siz ikkinchi shaxs, u, ular uchinchi shaxs kishilik olmoshlari hisoblanadi. Bulardan men, sen, u birlik, biz, siz (lar), ular koʻplik ma’nosini bildiradi. Ba’zan biz, siz, ular birlik ma’nosida ham qoʻllaniladi. Biz birlik ma’nosida qoʻllanganda, kamtarlik, bajargan ishida oʻzini ta’kidlamaslik ma’nosini bildiradi. Masalan: Mening uyim oʻrniga Bizning uyimiz. Men g‘olib chiqdim oʻrniga Biz g‘olib chiqdik. Shuningdek, siz, ular yakka shaxsga ishora qilib, hurmat ma’nosini ham bildiradi. Masalan: Sen kelding oʻrniga Siz keldingiz, U keldi oʻrniga Ular keldilar. Siz hurmat ma’nosini bildirganda, koʻpincha koʻplik ma’nosini ifodalash uchun unga -lar qoʻshimchasi qoʻshiladi. Masalan: Sizlarga doimo baxt yor boʻlsin. Men, sen, u; biz, siz (sizlar), ular kabi soʻzlar kishilik olmoshlari sanaladi.
Oʻzlik olmoshi kishilik olmoshlari oʻrnida qoʻllanilib, koʻpincha shaxsni, ba’zan predmetni koʻrsatuvchi oʻz soʻzi orqali ifodalanadi. Oʻzim, oʻzing, oʻzi soʻzlari ba’zan egalik qoʻshimchalariga mos kishilik olmoshlari bilan mening oʻzim, sening oʻzing, sen oʻzing, uning oʻzi, u oʻzi tarzida qoʻllanadi va bu vaqtda koʻpincha kishilik olmoshlariga ta’kid ma’nosi yuklanadi.
Koʻrsatish olmoshlari oldingi gap, gapdagi biron-bir soʻz, soʻz birikmasi oʻrnida qoʻllanib, unga ishora qiluvchi yoki biror soʻzni aniqlab keluvchi olmoshlar hisoblanadi. Bu, shu, u, oʻsha, ana, mana, mana bu, mana shu, manavi, anovi kabi soʻzlar koʻrsatish olmoshlari hisoblanadi.
Shaxs, narsa-hodisa, belgi-xususiyat, miqdor, sabab, maqsad, oʻrin, payt haqida soʻroqni bildiruvchi olmoshlar soʻroq olmoshlari sanaladi. Soʻroq olmoshlari ishtirok etgan gaplar soʻroq gap hisoblanadi. Bunday gaplar soʻroq ohangi bilan talaffuz qilinadi va yozuvda gap oxiriga soʻroq belgisi qoʻyiladi. Soʻroq olmoshlari – kim? nima? qayer? qanaqa? qaysi? qalay? qancha? necha? nega?.
Har soʻzi soʻroq olmoshlariga, bir soʻziga qoʻshilib toʻpdan ajratilgan shaxs, narsa, belgilarni bildiradigan belgilash olmoshlarini hosil qiladi. Hamma, barcha, bari, butun olmoshlari esa shaxs, narsa, belgi, harakatlarni jamlab ifodalaydi. Shundan kelib chiqadiki, toʻpdan ajratilgan yoki jamlab koʻrsatilgan shaxs, narsa, belgi, harakat-holatlarni ifodalaydigan olmoshlar belgilash olmoshlari sanaladi.Belgilash olmoshlari – hamma, barcha, bari, har bir, harnima, har narsa, har qanday, har qaysi, ba’zi.
Soʻroq olmoshlari va bir, narsa, nima soʻzlari oldidan hech soʻzining qoʻllanishi natijasida boʻlishsizlik olmoshlari hosil boʻladi. Hech kim, hech nima, hech qachon, hech qanday, hech qancha, hech narsa, hech bir soʻzlari boʻlishsizlik olmoshlari sanaladi va ular yozuvda ajratib yoziladi.
Soʻroq olmoshlariga alla- yoki -dir qoʻshimchasini qoʻshish orqali gumon olmoshlari hosil qilinadi. Alla- qoʻshimchasi soʻroq olmoshlari oldidan, -dir qoʻshimchasi esa soʻroq olmoshlaridan keyin qoʻshiladi. Har ikki qoʻshimcha asos qism bilan qoʻshib yoziladi. Narsa soʻzi faqat alla- qoʻshimchasi yordamida gumon olmoshiga aylanadi. Bir soʻzi kishi, narsa, nima kabi soʻzlarga qoʻshilib, bu soʻzlarga gumon ma’nosini yuklaydi. Ularni kimdir, nimadir, qachondir singari gumon olmoshlari bilan almashtirish mumkin. Bunday vaqtda bir soʻzi gumon olmoshi oʻrnida qoʻllangan boʻladi. Shu bilan birga birov soʻzi ham kimdir soʻzi bilan erkin almashina olgani uchun gumon olmoshi hisoblanadi.
Olmoshlar tuzilishiga koʻra sodda, qoʻshma, juft va takroriy boʻladi. Faqat bir asosdan iborat boʻlgan olmoshlar sodda, ikki asosdan tashkil topgan olmoshlar qoʻshma olmoshlar hisoblanadi. Kim?, nima?, hamma, barcha singari tub olmoshlar, kimdir, qaysidir, allakim, allaqanday singari yasama olmoshlar sodda olmoshlardir. Hech kim, hech qachon, har bir, har kim, mana shu, ana oʻsha kabi olmoshlar qoʻshma olmoshlardir. Sodda olmosh qismlari qoʻshib, qoʻshma olmosh qismlari esa ajratib yoziladi. Bir-biriga mazmunan yaqin boʻlgan olmoshlarning birikuvidan hosil boʻlgan olmoshlar juft olmoshlar sanaladi: sen-men, u-bu, siz-biz. Bir olmoshning aynan takrorlanishidan hosil boʻlgan olmoshlar takroriy olmoshlar hisoblanadi: shu-shu, nimanima, kim-kim va hokazo. Juft va takroriy olmoshlar qismlari chiziqcha bilan yoziladi. Olmoshlar boshqa soʻzlarning yasalishiga asos boʻlishi mumkin. Oʻzboshimcha, oʻzbilarmon, manman kabilar sifat, oʻzidan ketmoq, oʻziga kelmoq iboralar sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |