(G'afur G'ulom)
1 Yo’rilma – Charchama, o’tirma.
Yigitning omonligi esa faqat uning sog'ligi, to'rt muchasi butligi bilan o'lchanmaydi. «Yigitning omonligi» degan tushuncha o'z bag'riga nihoyatda ko'p mazmunni, talabni jamlaydi. Devday yigitlari bo'la turib, yovga yengilgan - do'stga zor, dushmanga xor, nomardga muhtoj bo'lgan xalqlarni ham juda ko'p ko'rdi bu olam. Yigitning omonligi - uning imoni butligi, millatga fidoyiligi, mushfiqlarga shafqati, do'stlarga sadoqati, yorga vafodorligi, dushmanga nafratidir!
Bunday yigitning nigohi ma'nosiz va so'lg'in emas, balki nurga, yog'duga to'la bo'ladi!
Bunday o'g'lonning tili ming'irlashga, g'iybat-u mayda gapga aylanmaydi. U so'zlaganida xalq jon-u dilini berib tinglaydi, uning ortidan ergashadi. Jo'mard farzand o'z or-u nomusini o'zgaga toptatib, bu holga bahona izlab o'tirishdan o'limni afzal biladi. Chinakam xalq farzandi uchun millat va mamlakat taqdiri har narsadan muhimroqdir!
Shoir ayni shunday avlodni ko'rgandek - najotni topgandek bo'ladi. Va yuragi orziqib, bu avlodni shiddatga - harakatga undaydi:
Turma - yugur, tinma - tirish, bukilma - yuksal,
Hurkma - kirish, qo'rqma - yopish, yo'rilma - qo'zg'al!
Zero, shoirning shoshganicha, shoshtirganicha bor edi. Uni muvozanatdan chiqargan, qo'liga qalam, ko'ngliga olov bergan hodisalar zarracha vijdoni bo'lgan insonni befarq qoldirishi mumkin emasdi! Bu hodisalarning ayrim manzaralari, aytganimizdek, uning «Mirrix yulduziga» she'rida jonli ifodasini topgandi.
«O'gut» she'rining sarlavhasi zamirida «pand», «nasihat», «maslahat» ma'nolari emas, balki ko'proq «chaqiruv», «da'vat», «uyg'otish» ma'nolari yotibdi, desak, to'g'ri bo'ladi.
Qolaversa, «og'ir yigit»ga qaratilgan bu murojaatda bir shoir iltijosi, da'vatigina emas, bu haroratli ovozda kamida bir millatning asriy istagi, qalb chaqirig'i eshitilmayaptimi?!
...Qilolmasang shu ishlarni,
Sening uchun xo'rlikdir bu...
Yiqil, yo'qol, ket!
«GO'ZALIM, BEVAFO GULISTONIM...»
Go'zalim, bevafo gulistonim,
Bog'i umrimda toza rayhonim,
G'am-u qayg'ularim hujumindan
Sen eding mehribon nigahbonim.
Meni behuda tashlading-ketding,
Nega o'ldirmading-da, tark etding.
Kel, gulim, kel, ayoqingg'a yiqilay,
Bir zamon qo'y: to'lib-toshib yig'lay.
Qo'y, biroz qo'yki, xoki poyingni
Surmadek yoshli ko'zuma suray.
Ketma, tur, tingla arzi holimni,
Arz etay holi purmalolimni.
Qani ul damki, sen eding yorim,
Munisim, hamdamim, madadkorim.
Sening og'ushi iltifotingda
Rohat etmishdi jismi bemorim.
Meni behuda tashlading-ketding,
Nega o'ldirmading-da, tark etding.
Kel, ayoqingg'a qon bo'lub to'kulay,
Bir nafas dardi hajrdan qutulay.
Kel, go'zal dilbarim, kel, sochingni
Bir taray, bir o'pay-da, so'ngra...
Meni behuda tashlading-ketding,
Nega o'ldirmading-da, tark etding.
Abdurauf Fitratning ko'p qirrali ijodkor ekanini ta'kidlagan edik. Uning lirik merosi ham she'riyatning turli janrlaridan tashkil topgani va bu asarlar mavzui rang-barang insoniy hislarni o'zida mujassam etganini alohida ta'kidlamoq lozim. Avvalgi darslarda Siz bilan shoirning ijtimoiy-siyosiy mavzudagi she'rlariga to'xtalgan bo'lsak, bugun uning ishqiy lirikasiga oid ajoyib bir asar bilan tanishamiz. Bu she'rning yozilish tarixi alohida bir qissa bo'lib, hozir uni to'liq hikoya qilib berishning mavridi emas. Faqat bir narsani aytamizki, shoir hayotida chuqur iz qoldirgan iztirobli sevgi tarixi bu she'rning yozilishiga turtki bergan. Unda ko'nglining suygan do'stidan ayrilgan lirik qahramon iztiroblari quyuq badiiy bo'yoqlarda ta'sirli ifodalangan. Garchi, mazkur she'r barmoq vaznida bitilgan bo'lsa-da, unda mumtoz lirikamizga xos bo'lgan badiiy o'xshatishlar, jonlantirish, istiora, qochirim singari adabiy san'atlardan keng foydalanilgani diqqatni tortadi. Bu narsa shoir tarjimayi holida aytganimiz - Fitratning Sharq mumtoz adabiyotining katta bilimdoni bo'lgani ta'siridir. She'r lirik qahramoni uchun suyukli yor faqat ko'ngil quvonchi, dildorlik ramzi emas. Uning ruhiyatini tinimsiz qaqshatadigan g'am-u qayg'ulardan panoh, qalbini yupatib taskin beruvchi mehribon ham u!
U bilan o'tgan kunlar munis kunlar edi, dilga hamdam, ruhga madadkor bor edi. Dunyo va tiriklik tashvishlaridan zada bo'lib ketgan jism-u jon faqat yor og'ushidagina orom topar, bir muhlat hayot og'riqlarini unutardi. Ayriliq iztiroblari oshiq ko'ngilni mutlaqo abgor - xor qildi: u bunday ko'rgilikdan o'limni - barcha azoblardan birdaniga qutulmoqni afzal biladi. Agar yor qaytsa, u yana bir dildorlik ko'rsatsa, oshiq uning oyoqlariga nafaqat o'tli yosh, balki qon bo'lib to'kilishga - uning amri-la qurbon bo'lmoqqa rozi... Fitratning bu she'ri uning ijodkor do'sti Cho'lponning ishqiy mavzudagi asarlariga hamohang ekanini ham e'tiborga olaylik. Go'yo ikki buyuk qalb va qalam egalari bu borada ham ijodiy raqobatga kirishib, yangi vazn - barmoqda o'zbek she'riyatining nodir namunalarini yaratgandilar... Xulosa qilib aytganda, o'zbek milliy she'riyati, prozasi, maorifi, tilshunosligi, adabiyotshunosligi, jamiyatshunosligi singari o'nlab sohalar oyoqqa turishiga, rivojiga ulkan hissa qo'shgan Abdurauf Fitratning hayoti va ijodiy yo'li barcha zamonlar uchun ibrat namunasi bo'lib qolishi shubhasizdir. Siz bilan biz bu alloma faoliyatidan Vatanni, Millatni, Xalqni qanday sevmoq lozim, uning taqdiriga daxldor masalalarga qanday yondashib, ularni qay taxlit yechish to'g'ri bo'lishini o'rganishimiz ham qarz, ham farzdir!
O'tgan ajdodlarimiz merosidan faxrlanish, albatta, kerak. Biroq bu merosning mazmun-mohiyatini chuqur bilmay, his qilmay, u bilan og'izdagina maqtanib yurish durust ish emas. Qachonki, Fitrat, Cho'lpon, Abdulla Qodiriy singari millatparvar bobolarimiz qalbida yongan yurt ishqi yuraklarimizga ko'chib o'tsa, biz bu olovni asrab-avaylab, u bilan kelgusi nasllar ko'nglini yoritsak, shundagina o'tmish ajdodlarimiz xotirasiga munosib avlod sanalamiz!
Do'stlaringiz bilan baham: |