3.2.60.
Men Sevgan Azamatlar (1934)
Hozir «Qizil O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalarining e’lonlari qismini
o‘qiganlar «Hamza» tiyotri e’lonlariga har kun duch keladilar. Tiyotrning dam olish
kunlaridan boshqa har kuni tomosha bor. U e’lonlarni o‘quvchilar bizning tiyotrimizda
ham boshqa madaniy xalqlarning tiyotrlari singari bir asarni bir mavsum ichida qayta-
qayta qo‘yilganini ko‘radilar. Agar hafsala qilib bir asarning bir necha qo‘yilishiga
kelsalar, tiyotru zalini hech vaqt tomoshachidan xoli ko‘rmaydilar. O‘zbek tomoshabin
ommasi har qanday tiyotru asarini hozir Ittifoqning boshqa hamma tomoshabinlari singari
tegishli diqqat va ixlos bilan qarshilaydi. Tomoshaning o‘zini tayyorlash har narsadan
qiyin bo‘lgan. «Padarkush» (Mahmudxo‘ja Behbudiy) davrlarida emas, hatto «Shayx
San’on»day narsalar sahnaga chiqarilgan Karl Marks to‘dasi davrlarida va hatto mundan
7 – 8 yillar ilgari ham yuqorida aytilgan holni faqat shirin xayol qatorida tasavvur qilish
mumkin edi. Mana shu kichkinagina masalaning o‘zi ham tiyotrimizning shu qadar oz
fursat ichida hatlab o‘tgan uzun masofani ochiq ko‘rsatadir.
436
Tiyotrumiz Maskovning birinchi istudiyasini tugatgan o‘rtoqlardan iborat o‘laroq,
mundan yetti yil burun (1927 da) Samarqand shaharida tuzildi. Unga qadar o‘tilgan
davrni qoldirib turib, undan keyin o‘tgan shu 7 yil ichida mening ko‘z oldimda o‘tgan
go‘zal badiiy obrazlarni bir eslab va eslatib o‘tmoqchiman.
So‘z akto‘rlarning ayrim go‘zal o‘yinlari ustida.
«Turondod» istudiyaning maktab kitobi qatorida bo‘lganidan, tabiiy, so‘z
o‘shandan boshlanadi. Unda ko‘zga eng ilgari kelib to‘qtay turgan badiiy o‘yin Abrorning
Kalafi, Soraning Adelmasi edi. Hatto Maskovning o‘zida Turondodning so‘z mashqi
(qiroati) ketarkan, Soradagi dramatik quvvat vaxtangovchi muallimlar bilan birga
hammamizni darrov o‘ziga jalb etgan edi.
Sora qiroat chog‘ida ro‘lni to‘la ma’nosi bilan dramatik qilib o‘qidi. Shu uchun
Adelma ro‘lida Soraga erkinlik berish, ya’ni dramatik qilib o‘ynashni qabul qilish
istaklari ham sinalar edi. Faqat shu narsa qo‘yilmaning tub yo‘liga zid bo‘lganidan
Soraning ipini tortishga to‘g‘ri keldi. Shunda Sora tor chorcho‘plar ichinda siqila-siqila
yana ro‘lning dramatik jihatlarini bo‘rttirdi, mumkin qadar qavartirdi va kuchli
olqishlarni ham shuning uchun oldi. Esimda, O‘zbekiston kommunistlarining sinoqta
rahbari Akmal aka shu tomoshadan keyin Sorani chaqirtirdi va bir-ikki tashviqlovchi so‘z
aytdi. O‘zbekistonga kelgandan keyin ham Soraning individual qimmati – Adelma ro‘lini
dramatik asoslar ustida olib borishga zo‘r berdi. Shu uchun qo‘yilmaning asoslaridan
kelib chiqqan holatlar bilan Soraning ruhiy mayllari o‘rtasida kurash chiqar edi. Natijada
qo‘yilmaning asosiy yo‘li zo‘r kelar va Soraning ta’sirli monologlari niqobdorlarning
sho‘xlik shovqinlari ostida ko‘milib ketardi.
Men Adelma ro‘lida Soradan keyingilarni ham ko‘rdim. Bugungi Adelmada ham
dramatik mayllar yo‘q emas. Faqat Adelmani yana ham shiddatli va o‘tkir qilib
ko‘rsatadigan bu kungi obraz Soradagi qadar charxlanib qayralgan va egovlangan emas.
Unga, albatta, vaqt kerak.
Soradagi mayl Abrorda yo‘q edi. Kalafning Turondod suratiga oshiq bo‘lishi
chog‘larida, so‘ngra zindon pardasida Abror ham asarni jiddiy dramatik relslarga solib
ko‘rdi. Faqat Abror, o‘zimizning eski Abror, uni Soradan ko‘ra ustaroq va epchilroq
qilardi. Turondod surati ustida bir oz vaqt juda yaxshi va tamom dramatik o‘yin
437
bergandan keyin u birdaniga uyg‘onganday bo‘lar va buyuk Vaxtango‘fning kuchli
afyuniga berilib yana o‘yinga, hazilga qaytardi.
«Turondod»da Abrorning qo‘liga dutor berganlar. Abrorda bo‘lgan boyagi
mayldan bexabar bo‘lsalar kerak.
Ikki og‘iz so‘z Turondod xususida. Marhum Tursunoy talantli artistkamiz bo‘lsa
ham, Turondod ro‘liga singishmagan edi. Tursunoydan so‘ng o‘ynovchilar orasida undan
durustlari bo‘ldi. Faqat Turondod haligacha o‘z kishisini topolgani yo‘q.
«Yorqinoy» piyesasi ustida qancha tanqid qilinmog‘i mumkin. Yozuvchi ko‘nadi. Faqat
Yetim tomonidan yaratilgan Kal ro‘liga indamasdan qo‘l ko‘tarishdan boshqa chora yo‘q.
Yetim «Yorqinoy»da o‘zbek sahnasida tengi yo‘q bir obraz yaratdi. U obrazning o‘zi
ustida mubohasa bo‘lishi mumkin. Eski dostonlardagi Dog‘uli obrazini Yetim Amerika
kino‘studiyalaridagi tez sur’atli o‘g‘ri yoki josuslarday berdi. «Muncha tezlik va
chaqqonlik», – deganlar bor. Men bu janjallik masalani muzokara qilmoqchi emasman.
Men faqat shunigina deymanki, o‘sha e’tirozchi o‘rtoqlarim Yetimning to‘la va
mukammal Kal yaratganini inkor qilmaydilar. Darhaqiqat, uni inkor qilib bo‘lmaydi.
So‘ngra men Yetimni «Bag‘ovat»da ko‘rganman. Qamchi bilan etigiga urguvchi
boybachcha ofitser. U o‘zining yurishi bilan o‘sha ofitserga boshqacha bir xarakter
beradi.
«Qarol»da Yetim berilib, astoydil o‘ynamadi. Chunki qo‘yilma unga yoqmasdi.
Shu uchun bu mohir akto‘r unda o‘zini ko‘rsatolmadi. Uning Brigellasi xom uzilgan
nonga o‘xshardi. Ayb o‘zida.
Hozir Yetim rejisso‘rlikka ketdi. Men tiyotrimizning baxti uchun Yetimni
akto‘rlikdan bergim kelmaydi.
«Hujum»ni Yan va men bilan birga Lutfulla yaratgan desam xato bo‘lmaydi. Nima
desa desinlar, parda ochilgach, sahnadan akto‘rdan boshqa hech kim qolmaydi.
Muharrirlar birinchi qatorda (zalda), qo‘yuvchi direktsiya lojasida, rassom kulis ketida
qoladi. Sahnaga akto‘r chiqib, tomoshachiga akto‘r ko‘rinadi. Tomoshachi asarni
akto‘rdan
oladi.
Lutfullaning Eshoni turmushdagi eshonlardan emas. «Hujum»ning o‘z qo‘yilmasi ham
turmushdan nusxa olmaydi. U turmushdan kuladi, turmushning yomon taraflarini
masxara qiladi. Shu qarashdan qaraganda, Lutfullaning Eshoni tengsiz asarlardan.
438
Boshqa bir fursatda Lutfullaga alohida bir-ikki bet bag‘ishlaydurgon joyim bor. Shu
uchun uni faqat zikr qilibgina o‘taman.
Sa’dixonning jiddiy ro‘li «Tergovchi»da Bobchinskiy edi. Keyin «Portfelli
kishi»da katta bir ro‘l oldi. Ikkala ro‘lni ham Sa’dixon berilib, astoydil o‘ynadi. Faqat
uning yulduziga to‘g‘ri kelgan asar yana «Hujum» bo‘ldi. Sa’dixonning Tabibi (ayniqsa,
mastlik pardasi) butun va mukammal asardir. Uning boshqa birov tarafidan takror
qilinishi mumkin emas. Bu obraz yaxshi iqlim singari Sa’dixonga yaqin va uning
mahoratlarini ochib beradi. Tabib obrazi bilan sahnamiz Sa’dixonni qozongan bo‘lsa,
Sa’dixon ham o‘z shuhratini o‘sha obraz bilan topgan.
Tobora o‘sayotgan bu akto‘rga «Hamlet»da juda dadil bir narsa taklif qilganlar.
Ko‘raylik, nima chiqar ekan. Men Sa’dixonning kuchiga shak keltirmayman. Faqat unga
beriladigan ro‘lning xarakteriga qarab deymanki, Maskov vaxtangovchilari tomonidan
qilingan muvaffaqiyatsiz va kelishmagan ta’bir bizning sahnamizda ham vaxtangovchilar
erishgan salbiy natijaga olib bormasin.
Bu sinalgan akto‘r va aktrisalar qaysi bir madaniy tiyotrning yaxshi akto‘rlari
qatoriga qo‘yganingizda ham yuz qizartmaydigan kuchlarimiz. Bularni shu qisqa muddat
ichida ulug‘ inqilob yetishtirdi. Inqilob kechagina sahnada o‘ynab yotgan akto‘ri, zaldagi
xalq chuvillashsa, zalga qarab «chuvillashmang» degan bir xalqning orasidan shunday
katta va mukammal, butun ma’nosi bilan madaniy akto‘rlarni yetishtirdi. …Milliy
siyosatning shubhasiz yutuqlari orasinda bizning shul tiyotrimiz eng katta va ko‘zga
ko‘rinarlik yutuqlardandir. Bunga yuqorida sanalgan azamatlarning har biri jonli guvoh.
Shu tiyotrning tuzilishida bir oz aralashib qolganim uchun bugun o‘zimni ham eng baxtli
kishilardan
sanayman.
Yosh tiyotrimizda juda mustaqil, qobil yosh kuchlar bor. Biz, yozuvchilar, ular uchun
shirali va to‘la mazmunli obrazlar yaratib bermak bilan birga ularning portretlarini ham
yozib keng mehnatkash ommalariga tanitaylik. Men o‘zim shaxsan bir necha kishining
portretlarini ishlab turibman.
Boshqa yozuvchilarimiz ham shu ishga aralashsinlar.
Cho‘lponning 1934 yil dekabrida yozgan maqolasi, noma’lum sabablarga ko‘ra o‘z
vaqtida e’lon qilinmagan. 1955 yilda San’atshunoslik institutining zaxira fondidan
439
san’atshunos olim Toshpo‘lat Tursunovning sa’y-harakati tufayli topilgan va ilk bor
«Guliston» jurnalining 2001 yil 2-sonida e’lon qilingan.
«Guliston» jurnali matni asosida chop etilmoqda.
Maqolada tilga olingan hozirgi Milliy teatrning artistlari haqida avvalgi izohlarda
ma’lumot berilgan.
«Portfelli kishi» – A.Fayko asari. 1930 yil 2 yanvarda P.Alekseev sahnalashtirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |