Xojа Sаmаndаr Termiziy maqbarasi. Qumqo‘rg‘on tumanidagi Xoja Samandar at-Termiziy ziyoratgohiga (XVII–XVIII aa.) tuman bosh imom-xatibi tomonidan shayx tayinlangan. Ziyoratgoh Qumqo‘rg‘on tumani Nurmamat Mirzaev jamoa xo‘jaligi Qopto‘qay mahallasi tasarrufiga kiradi. U erga Xoja Samandar at-Termiziy avlodlari bo‘lgan Abduxoliqxo‘ja (1950–1977), Mullo Xoja Ahmad (1977–1999 yillar) shayxlik qilib kelishgan. Hozirgi kunda 1999 yildan buyon Xoja Samandar at-Termiziyning ettinchi avlodi bo‘lgan Xoliqov Ibrohim (1961 y.t.) shayxlik qilib keladi. U oilasi bilan maqbara xizmatidadir. Ziyoratgoh qabriston o‘rtasida joylashgan bo‘lib, hashar yo‘li bilan yangidan maqbara bunyod etilgan. Shayx Xoliqov Ibrohim hozirgi kunda termizlik olim Jabbor Omonturdiev bilan birga Xoja Samandar at-Termiziyning ikkinchi kitobi bo‘lgan «Anis al-fuqaro’» («Fuqarolar bilan muomala qilish») kitobini tarjima qilmoqda.62
Qumqo‘rg‘on tumanidagi Xoja Samandar at-Termiziy (XVII–XVIII aa.) ziyoratgohi viloyat miqyosida mashhur bo‘lib, u erda Termiz sayyidlari avlodidan bo‘lgan mashhur, huquqshunos, arbob, qahramon, tarixchi Xoja Samandar at-Termiziyning qabri mavjud.63
Xojа Sаmаndаr Termiziy Termiziy taxallusi bilan tanilgan adib Xoja Samandar XVII asrning ikkinchi yarmida yashab ijod etgan, adibning yirik adabiy merosi — «Dastur ulmuluk» asari bizgacha yetib kelgan. «Dastur ul-muluk» (1695 —1696 yillarda yozilgan) asos-eʼtibori bilan pand-nasixat yo’sinidagi asardir. Xoja Samandar Muhammad Baqo Termiziyning tarjimai xoli mukammal darajada tiklangan emas, qolaversa, u haqidagi maʼlumot beruvchi yagona manba Muhammadbadeʼ Malexo Samarkandiyning «Muzakkir ul-asxob» («Suxbatdoshlar zikri», 1692 yili tartib berilgan) tazkirasi bo’ladi. Samandar Termiziyga tegishli qolgan maʼlumotlar uning «Dastur ul-muluk» asari sahifalarida uchraydi, ammo ular xam to’liq tasavvurga ega bo’lish uchun kamlik qiladi. Malexoning taʼriflashicha Xoja Samandar «olovqalb, o’tkir tilli adib»64 bo’lgan va tazkirada adib Baxodir ismi, Samandar taxallusi va Nasafiy nisbasi tarzida tilga olinadi. Bunga sabab Xoja Samandar ikki marta Qarshi shahrida din ishlari raisi vazifasiga tayinlangan va uzoq yillar shu yerda yashaganligidandir.
Xoja Samandar siyosat maydoniga Аbdulazizxon (1645-1680) xukmronligi davridayoq kirib kelgan edi, ungacha adib uzoq yillar davomida olis o’lkalarni kezib chiqqanini «Dastur ul-muluk»da qayd etib o’tadi.
Xoja Samandar Muhammad Baqo Termiziy bir necha vaqt Subxonqulixon (xukmronligi 1681-1702) saroyida nufuzli o’rinni egallagan edi. Muallif zamon xukmronini nechog’lik taʼriflasa-da, xukmronlikning baʼzi bir illatlarini qoralaydi va, aksincha, ilm xomiylarini ardoqlaydi.
«Dastur ul-muluk» adibning yagona adabiy merosi bo’lmay, balki ijodidagi kamolot cho’qqisining mevasi bo’lish bilan birga, uning nomiga yana bir asar - «Аnis ul-fukaro» («Fukarolar dusti») xam nisbat beriladi. «Dastur ul-muluk»ning yaratilishida Saʼdiy Sheroziy (1208-1291) va boshqa ko’plab qalam sohiblarining adabiy bisoti ilhomlantiruvchi kuch bo’lgan, ularning asarlaridan keltirilgan parchalar bunga yorqin misol bo’la oladi. Kitob Xoja Samandarning tarjimai xolini o’rganishda ham ishonchli dalillar va qimmatli maʼlumotlar beradi. Bir so’z bilan aytganda, «Dastur ul-muluk» XVII asrning so’nggi choragidagi Markaziy Osiyo tarixini yoritishda yirik va bebaho manbadir.65
Do'stlaringiz bilan baham: |