Otdan ot yasovchi qo‘shimchalar
Otdan ot yasovchi qo‘shimchalar so‘zning o‘zak yoki negiziga qo‘shilib yangi so‘z yasash uchun xizmat qiladi. Qo‘shimchalar qo‘shilishi natijasida yasalgan so‘zlarning ma’nolari ularning qo‘shimchasiz shakldagi ma’nosiga yaqin bo‘ladi. Odatda, ulardan ot bilan bog‘liq joy, kasb - hunar, oidlik va tegishlilikni ifodalovchi otlar yasaladi. Ularning soni unchalik ko‘p emas, lekin aksariyat kismi o‘ta faol va samaradordir. Otdan ot yasovchi qo‘shimchalar quyidagilardir:
–aç (-eç). Turk tilida munosabat va o‘xshatishni ifodalagan ushbu qo‘shimcha vositasida juda kam so‘z yasalgan: top-aç, kır-aç, boz-aç, bak-aç kabi.
–ak (-ek). O‘xshatish ma’nosini ifodalovchi bu qo‘shimchani ham bir nechta so‘zdagina uchratish mumkin: top-ak, sol-ak, baş-ak, ben-ek, dur-ak kabi.
–ay (-ey). Bu qo‘shimchani turk tilidagi gün-ey, kuz-ey, shuningdek, keyinchalik yasalgan bir-ey va fe’ldan yasalgan dik-ey, yat-ay, düş-ey so‘zlarida uchratish mumkin.
–ca (-ce, -ça, -çe). Bu qo‘shimcha, aslida, shakl yasovchidir (insan-ca, yavaş-ça), ammo keyinchalik u o‘z vazifasini o‘zgartirib, so‘z yasovchi qo‘shimchaga aylangan. U so‘z yasovchi qo‘shimcha sifatida turk tilida til nomlarini yasagan: Alman-ca, İngiliz-ce, Arap-ça, Fransız-ca, Türk-çe, Fars-ça kabi.
Ba’zan bu qo‘shimcha qoliplashgan holda alohida otlar yasagan: ala-ca, kara-ca, ak-ça, ak-çe kabi.
Bunday qoliplashgan shakl ko‘pincha Turkiyadagi joy nomlarida kuzatiladi: Sütlü-ce, Kanlı-ca, Çekme-ce, Tuzlu-ca, Çamlı-ca, Yarım-ca, Derin-ce, Yeni-ce kabi.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunga kelib bu qo‘shimchaning so‘z yasash samaradorligi kuzatilmaydi va uni, asosan, turk tilining shevalaridagina uchratish mumkin.
–cı (-ci, -cu, -cü, -çı, -çi, -çu, çü) qo‘shimchasi turk tilidagi eng samarador otdan ot yasovchi qo‘shimchalardan biri bo‘lib, uning asosiy vazifasi har qanday otning oxiriga kelib, kasb-hunar, mashg‘ulot va ish bajaruvchi otlar yasashdir: av-cı, eski-ci, bek-çi, araba-cı, söz-cü, koltuk-çu, aş-çı, çöp-çü, oyun-cu, üfürük-çü, simit-çi, süt-çü kabi.
Ushbu qo‘shimcha yordamida yasalgan kasb-hunar, mashg‘ulot nomlarini bildiruvchi otlarning oxiriga mavhum ot yasovchi -lik,–lık, -luk, -lük qo‘shimchasi qo‘shilishi natijasida yangi otlar yasaladi: av-cı-lık, kitap-çı-lık, teneke-ci-lik, bek-çi-lik, pul-cu-luk, yoğurt-çu-luk, göz-cü-lük, süt-çü-lük kabi.
Bu qo‘shimcha yordamida yasalgan va turk tilida qadimdan ishlatib kelingan el-çi ga o’xshash so‘zlar ham uchraydi (undosh uyg‘unligi qoidasiga ko‘ra ushbu so‘zda /l / dan keyin -ci qo‘shimchasi kelishi , ya’ni elci bo’lishi kerak edi).
–daş (-taş). Bu qo‘shimcha ham juda samarador bo‘lib, uning asosiy vazifasi birgalik, sheriklik, oidlik va bog‘liqlikni ifoda etishdir. Bu qo‘shimchaning hozirgi paytda faqat qalin shakli saklanib qolgan. Faqat ma’lum so‘zlarda, cheklangan sohalarda ishlatiladi: ırk-taş, din-daş, sır-daş, arka-daş, soy-daş, meslek-taş, karın-daş, yol-daş, yurt-taş, vatan-daş, sağ-daş, sınır-daş, ad-daş (qisqargan shakli adaş) kabi.
Bu qo‘shimchaning ingichka shakli ba’zi otlardagina kuzatiladi: kardeş, beydeş, gündeş kabi.
–lık, -lik, -luk, - lük. Bu qo‘shimcha turk tilida qadimdan keng qo‘llanib kelinadi va uning asosiy vazifasi joy , predmet, narsa, mehnat quroli, mavhum otlar va sifatlar yasashdir:
a) bu qo‘shimcha vositasida joy nomlari yasalgan va ular predmetning makonini yoki ular juda ko‘p uchraydigan joyni ifodalaydi: taş-lık, zeytin-lik, ağaç-lık, ot-luk, orman-lık, odun-luk, çimen-lik, ekin-lik, gül-lük, boş-luk, çukur-luk, kömür-lük, meyve-lik, çöp-lük va hok. Bu guruhdagi ba’zi so‘zlar joy nomlariga aylangan: Arnavutluk, Ayvalık, Susurluk, Zeytinlik kabi.
b) predmet, narsa otlari yasaydi va ular predmet bilan bog‘liq bir asbob yoki ashyoni bildiradi: baş-lık, korku-luk, kulak-lık, burun-luk, güneş-lik, göz-lük, gece-lik, kül-lük, şeker-lik, söz-lük, parmak-lık, çaydan-lık va hok.
v) ma’lum inson guruhi va jamoa nomlari yasaydi. Yangi yasalgan so‘z otning boshlang‘ich shaklda ifodalagan ma’nosi bilan bog‘liq bo‘lgan guruh, jamoa ma’nosini ifodalaydi:
genç-lik - yoshlar, butun yoshlar, yoshlar jamoasi
türk-lük - turklar, turkiy xalqlar
insan-lık - insoniyat, butun insonlar
–man (-men). Bu qo‘shimcha ancha murakkab. Uning vositasida sifatlar, qolaversa, fe’llar ham ot yasaladi. Mubolag‘a va o‘xshashlikni ifodalab, amalda kam qo‘llanadigan ushbu qo‘shimchani koca- man, kara-man, ak-man, köle-men, küçü-men (küçük-men), köse-men so‘zlarida ko‘rish mumkin. Turk tilidagi az-man, göç-men, şiş-man misollarida o‘zakni tashkil etuvchi göç va şiş so‘zlari ot turkumiga oid. Lekin ushbu so‘zlar göçmek, şişmek ma’nosida kelganda fe’l hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda, ushbu yasalishni otdan ot yasalishiga ham, fe’ldan ot yasalishiga ham kiritish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |