D. EPOSNING KICHIK JANRLARI
Ballada (grek. „balare“ so‘zidan fran. „baler“ so‘zi kelib chiqqan, ma’nosi: 1. tovushga taqlid qilish, masalan, ma’rash, 2. raqs tushish) janridagi bosh xislat — kutilmagan sujet (voqea)ning kutilmagan final (xotima) bilan tugashiga, qahramon qalb kechinmalari va ruhiyatining dramatik izhoriga bag‘ishlangan asardir; to‘g‘rirog‘i, undagi bu ikki (epik va lirik) holat — davr va qalb dramasi kashfi birlashib, qalb faryodi izhoriga aylanganda ballada tug’iladi. Unda epik tasvir (yetakchi) va lirik tasvir (ichki tug‘yon; ikkilamchi) nisbati buzilmasligi, lirizm voqeaning ichida yashashi lozimligi shart bu epik turning bosh qonuniyatidir.
Jumladan, „Jangchi Tursun” (H. Olimjon) balladasida Tursun „jon shirin“ ko‘ringanidan, qochmoqni xayol“ qilib turganida, kutilmaganda onasidan xat oladi. Shu voqea tufayli asar boshida kutilgan voqea (qochish) fashistlardan Vatanni ozod etish yo’lida jon berish bilan tugaydi, ya’ni asar xotimasi kutilmagan final bilan yakunlanadi. Ana shu jarayonda qattiq qo‘rquv ichida turgan Tursunning qalbida onaning faryodi tufayli o’zgarish yuz beradi, hayot mohiyatini, umr mazmunini chuqur anglaydi va ona, ona-Vatan ozodligi uchun ayovsiz jangga kiradi: „qochoq“lik „qahramon“lik bilan almashinadi. Balladada “muhim narsa voqea emas, u uyg‘otgan sezgidir, o‘quvchiga u bergan o‘ydir” (V. Belinskiy, 191- bet) saboqdir. “Jangchi Tursun“da bu quyidagicha ifodasini topgan:
... Erkalanib yotadi
U Vatan tuprog’ida.
Yosh bola yotganiday
Onaning quchog’ida.
„Ballada sujetini harakatga keltiruvchi kuch lirizm va dramatizmdir… Keskin dramatizmsiz va kuchli lirizmsiz balladaning bo’lishi aslo mumkin emas. Keskin dramatik tuyg‘ular, tug‘yonlar mahsuli bo’lgan balladada to’liq bir voqeani boshidan to oxirigacha tasvirlab berish shart emas. Unda ko‘pincha inson hayotida kutilmaganda, tasodifan ro‘y bergan, uning taqdirini hal etadigan, hayotida burilish yasay oladigan dramatik mazmundagi epizodlar tanlanib, ular nihoyatda tarang holatda, avj nuqtada, eng keskin va shiddatli, baland ruh va yorqin bo‘yoqlarda, dialogik formada bayon etiladi. Balladada ko‘pincha bir yoki ikki asosiy qahramon bayon markaziga qo‘yiladi. Bu qahramonlarning irodasi o‘zining eng yorqin namoyon bo’lgan paytida, faoliyati eng keskin joyida, xarakter xususiyatlari charaqlab ko‘ringan lahzalarda ko‘rsatiladi“85.
Masal (arabcha — namuna) voqelikni allegorik (kinoyaviy) va simvolik (ramziy) obrazlar yordamida ifodalovchi, real turmush va odamlarning ko‘rinishlari, xarakter qirralarini kinoya, kesatish, kulgu, g‘azab kabi xususiyatlar vositasida ochuvchi epik janrdir. U masal-hikoya, masal-ertak, masal-felyeton, masal-pamflet, masal-epigramma kabi ko‘rinishlarga ega bo’lishidan qat’i nazar, voqelikdagi barcha hodisalarning mohiyatini chuqur ochishga, ochganda ham axloqiy didaktik saboq va xulosalari, o‘git va nasihatlari bilan insonni poklikka, ezgulikka yetaklashga qodirdir.
Masal janrining asoschisi Ezop bo’lgani sabab, u „Ezop“ nomi bilan ham yuritiladi: masal tili — Ezop tili kabi. Ezopdan so‘ng bu janrni Lafonten (fransuz), Krilov (rus), Gulxaniy (o‘zbek)lar yangi bosqichga ko‘tardilar. Masal, ko‘pincha, voqelik va odamlar to‘g‘risidagi haqiqatni ochiqchasiga aytishning imkoniyati yo‘q paytlar ko‘plab yaratiladi va ramzli tarzda (pardali qilib) bu haqiqatlarga ishora etiladi. Obrazlilikning bu ko‘rinishi inson qalbini „jarohatlamaydi“, balki undan olinadigan hissaning oson „hazm qilinishi“ni ta’minlaydi, ya’ni ko‘ngil xira tortmaydi, balki u haqiqat (sujet)ning qiziqarliligidan oson qabul qilganini „sezmay“ qoladi. Jumladan, I. A. Krilovning „Xo‘roz va inju donasi“ masali ana shunday asardir:
Xo‘roz hadeb go‘ng titkilar edi,
Topib oldi-ku bir dona inju.
O‘zicha dedi: „ Nega kerak bu?
Qanday bema’ni, foydasiz buyum,
Bekor titibman go‘ng uyum-uyum.
Tentaklar borki, buni suyushar,
Hattoki qimmatbaho qo‘yishar.
Menga nima, bu nimaga darkor,
Topib olsaydim bir dona arpa
Hech bo’lmas edim bunchalik xafa.
To‘g‘ri, arpada inju ko‘rki yo‘q,
Lekin, jig’ildon biroz bo’lar to‘q“.
Nodonlar borki, tentak xo‘rozday fikr qiladi,
Yerga uradi asl buyumning qadrini bilmay.
Go‘zallikning asl mohiyatini tushunmay, uni faqat o‘z nafsi, manfaati nuqtayi nazaridan o’lchaydigan farosatsiz insonlar Xo‘roz obrazi vosltasida g‘oyatda kuchli piching (kesatiq) orqali fosh qilinmoqdaki, aslning, odamiylikning qadri balandligi, unga yetishish nodonlarning qo’lidan kelmasligi baralla uqdirilmoqda. Nodonlikdan, tentaklikdan forig’lik (qutulish)ka chaqirmoqda.
Latifa (arabcha — nozik, yoqimli, zarif) xalqning o‘tkir mushohadasi asosiga qurilgan yoqimli va nozik kulguli eng kichik va nodir „hikoya“ („zarifa“, „ajiba“) sidir. Unda eng qisqa shakldagi qiziq voqeaning bir epizodi nasriy yo’lda kulguli qilib aytiladi, epizod qiziqarli umumlashmaga, muhim fikrga, yorqin ifodaga boy bo’ladi. Bu xususiyati topqirlik va mahorat bilan yaratilgan bo’lsa, kishi xotirasida uzoq saqlanadi. Ayni paytda, ular og’izdan og’izga tez o‘tib, yanada sayqallashadi.
Latifanmg eng muhim xususiyatlaridan yana biri undagi konfliktning ikki (ijobiy va salbiy) qutbliligidir, uning yorqin, bo’rtib ko‘rinishidir; „boshqacha bo’lishi mumkin“, degan tushunchaga o‘rin qoldirmasligidadir.
Latifa hamisha hayot bilan aloqadorlikda tug’iladi. Har bir davrning, qavmning, millatning salbiy illatlari ayovsiz fosh etiladi, poraxo‘rlik, lo‘ttibozlik, mansabparastlik, maishatbozlik, eskilik, go’llik, laqmalik, kaltafahmlik, farosatsizlik, ziqnalik, xasislik, uquvsizlik, dangasalik kabi kamchilik va nuqsonlar ustidan achchiq kulgu qo‘zg‘otadi. Uning yaqqol misolini gabrovoliklar (Bulg‘oriya), shildaliklar (Olmoniya), qazvinliklar (Eron), shirinilar (Buxoro), oltiariqliklar (Farg‘ona), xonqaliklar (Xorazm) latifalarida yaqqol ko’rish mumkin:
„Ziqna Shirini ko‘k choy ichib, ishkomning soyasida yonboshlab yotgan edi, radiodan har qaysi atom bombaning qiymati bir necha million so‘m turishini eshitib qoladi:
— E-e xudo! — deb yubordi Shirini falakka ko‘z tikkancha. — Axir seni saxovatli deydilar-ku! Agar shunday bo’lsa, chindan bor bo’lsang, bir hikmat qil: shu bombaning aslidan bizning chorbog‘gayam bittagina tashla, shunda kun ko‘rib, odamga o‘xshab yashay!“86
Latifaning eng kichik ko‘rinishi matbuotda „xanda“ nomi bilan yuritiladi. Xandalar biron-bir epizodning „qaymog‘ini“ — mohiyatini birdaniga kulminatsion cho‘qqiga chiqaradi va dialogic nutq vositasida uni kulgili tarzda yechimga olib keladi. Jumladan:
„Folbin mijoziga fol ochyapti:
— Ellik yoshgacha pulsizlikdan qiynalasan.
— Keyin-chi?
— Keyinmi?.. Ko‘nikib ketasan“.
Do'stlaringiz bilan baham: |