Konflikt — sujetni harakatga soluvchi kuch. Uning ta’sirchanligini, qiziqarliligini, ko’lamini belgilovchi unsurdir. Uning turli xillari bor:
1. Psixologik (ruhiy) konflikt — qahramon qalbidagi hissiyotlar, tushunchalar (ojiz va kuchli jihatlar) kurashi.
2. Ijtimoiy konflikt — asar qahramonlari bilan ular yashayotgan sharoit o‘rtasidagi kurash.
3. Shaxsiy konflikt — bir-biriga qarama-qarshi xarakterlar, guruhlar o‘rtasidagi kurash.
Konfliktning ushbu uch xili hamma romanlarda ham uchraydi, lekin psixologik konflikt yetakchi bo’lgan asarlar („Sarob“, A. Qahhor, „Ulug‘bek xazinasi“, O. Yoqubov) doimo adabiyotning sifat ko‘rsatkichi bo’lib, yorqin iz qoldirganlar.
Jumladan, ,,O‘tgan kunlar“ romanida Yusufbek hoji, Otabeklarning maslakdoshlari bilan Musulmonqul, Azizbekka o‘xshash feodal tuzum hukmdorlari orasidagi to‘qnashuv ijtimoiy konfliktga asos solsa, Otabek, Hasanali, Qutidor va Homid, Mutal, Sodiq, Jannat kampir o‘rtalaridagi olishuv shaxsiy konfliktni keltirib chiqaradi. Otabek ikkinchi marotaba uylanish Kumushga nisbatan xiyonat ekanini tushunadi, axloqsizlik qilayotganini tan oladi, biroq ota-onaning irodasiga bo‘ysunadi. Ana shu jarayonda qalbida kechgan kurash psixologik konfliktni vujudga keltiradi. Uch xil konflikt birlashib, katta qudrat kasb etadi va ,,O‘tgan kunlar“ sujetining shiddatli va ta’sirchan harakat qilishini, asar qahramonlari dramalarining yaqqol ochilishini ta’minlaydi.
Badiiy sujetlar turli yo’llar bilan yaratilishi mumkin. Ammo, ko‘pincha, uning uchtasi haqida gapiriladi:
1. Asarda tasvirlanayotgan voqealar yozuvchi tasavvuri mahsuli bo’ladi. Ulardagi voqealarning barchasi badiiy to‘qima (fantaziya) yordamida yaratiladi. Uni „yasama“ sujet deb atasa bo’ladi. Jumladan, „Sariq devni minib“ (X. To‘xtaboyev), „Gulliverning sayohatlari“ (J. Svift), „Odam amfibiya“ (A. Belyayev), „Oydagi birinchi odamlar“ (G. Uells) ni misol tariqasida ko‘rsatish mumkin.
2. Asar sujeti hayotdagi tayyor voqealar asosiga quriladi. „Prototip“ shaklidagi hayotiy va tarixiy voqealarning deyarli barchasi asarda aks etgan bo’ladi va ular „tayyor“ yoki „hayotiy“ sujetlar deb yuritiladi. „Navoiy“ (Oybek), „Ulug‘bek xazinasi“ (O. Yoqubov), „Yulduzli tunlar“ (P. Qodirov), „Bolalik“ (Oybek), ,,O‘tmishdan ertaklar“ (A. Qahhor), „Navro‘z“ (N. Safarov), „Graf Monte Kristo “ (A. Dyuma), „Zaynab va Omon“ (H. Olimjon), „Aka-uka Karamazovlar“ (F. Dostoyevskiy) kabilar ana shu yo’l bilan yaratilgan asarlardir.
3. Yozuvchilar yozma adabiyotda ma’lum bo’lgan sujetlarga asoslanadilar, ularni qayta ishlaydilar, o‘z salohiyatlari va mahoratlariga asoslanib, ularni yangicha talqin qiladilar. Bu „sayyor“ yoki „o‘zlashtirilgan“ sujetdir.
Turli xalqlarning eposlarida ota tanimagan o‘g’li bilan kurashga tushishi sujetini uchratish mumkin: antik eposda Odissey Telegon bilan, nemislarda Gildebrand Gadubrand bilan, eronlarda Rustam Suhrob bilan, ruslarda Ilya Muromes Sokolnik bilan olishadilar. Undan tashqari, buni Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy tomonidan yaratilgan „Xamsa“chilik an’anasi misolida ham ko‘rsa bo’ladi. Ularning har biri — mustaqil asar, ulardagi kashf qilingan xarakterlar betakror bo’lishidan qat’i nazar qoliplovchi voqea (sujet)ning asosi yagonadir.
Ha, „Don Juanlar, Faustlar, Majnunlar, Prometeylar, Iskandarlar, Julettalar ko‘p bo’lgan. Lekin ularni faqat Bayron va Pushkin, Gyote va Hayne, Navoiy va Nizomiy, Esxil va Shekspir nomlari bilan bog’laymiz. Boshqa mualliflarda bular hayotda yoki tarixda bo’lgan narsa kabi qabul qilinadi. Faqat daholar qo’liga tushgandagina „fakt“ (sujet deb tushuning — H. U) muammoga aylanadi. Biz endi buni klassika deb ataymiz“47.
Sujetni tashkil etuvchi voqealar bir-biri bilan turli tarzda bog’lanadi: ba’zilari bir-biri bilan vaqt orqali bog’lansa (A dan so‘ng B yuz berdi), ba’zilari bir-biri bilan sabab-oqibat orqali (A sababli B yuz berdi) bog’lanadi. Ba’zi asarlarda bu ikkala holat (A dan so‘ng, A sababli B yuz berdi) birlashadi. „Shoh o’ldi, malika ham o’ldi“ gapida birinchi tip — vaqt bilan o‘zaro bog’langan sujet—xronikal (yillarga asoslangan) sujet yuzaga kelsa, „Shoh o’ldi, bu qayg‘udan malika ham o’ldi“ gapida ikkinchi tip — sabab-oqibat bilan bog’langan sujet — konsentrik (bitta umumiy markazga yig‘ilmoq) sujet yaratilsa, „Shoh o’ldi, bu o’lim qayg‘usiga chiday olmay malika ham o’ldi“ gapida uchinchi tip — ikki xil sujet birlashadi: xronikal-konsentrik sujetni voqe qiladi.48
Xronikal sujetda ko‘pincha sarguzasht (avantura)ga, favqulodda hodisalarga o‘rin berilsa („Ramayana”, „Mahobhorat“ni eslang), qahramonlar ketma-ket to‘siqlarga duch kelaversa, ularni yengaversa — qahramonliklarning cheki-chegarasi bo’lmasa, konsentrik sujetda bir-biri bilan mustahkam bog’liq bo’lgan voqealar silsilasida qahramon faoliyati izchil, sabab-oqibatga asoslangan holda ishonchli ochiladi, realistik va psixologik („Ulug‘bekxazinasi“, „Sarob“ romanlaridagidek) tasvir chuqurlashadi.
Xronikal-konsentrik sujetda esa bir nechta yo‘nalishdagi yirik voqealar bir-biriga mustahkam bog’lanadi. Hayot panoramasi keng va chuqur tahlil etiladi. Qahramon xarakteri va qalbidagi o‘ziga xosliklar, yangilanishlar, o‘sish-o‘zgarishlarning barchasi asoslanadi. „Urush va tinchlik“ (L. Tolstoy), „Forsaytlar haqida qissalar“ (Golsuorsi), „Qullar“ (S.Ayniy), „Ufq“ (S. Ahmad) kabi asarlar bunga dalil bo’la oladi.
Sujetning uch xil tipi hamon amaliyotda qo’llaniladi, ularni yaratish, kashf etish imkoniyatlari cheksizdir. Ularni tanlash — yozuvchining iqtidoriga, mahoratigagina bog’liq, yanada to‘g‘rirogi, yozuvchi ifoda qilmoqchi bo’lgan g‘oyaga, g‘oyaning sertarmoqligiga, chuqurligiga borib taqaladi.
Badiiy (konsentrik tipdagi epik va dramatik) asarlarda voqealar silsilasi muayyan bosqichlar bilan o‘sib borishi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ular turli ilmiy tushunchalar bilan yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |