Erkin she’r sistemasi. Bu she’r tizimida misralardagi bo‘g‘inlar miqdorining tengligi (barmoq), hijolarning cho‘ziq va qisqaligi (aruz) kabi qonuniyatlar hukm surmaydi. Unda bo‘g‘inlar miqdori ham, turoqlar (ruknlar) tartibi ham, qofiyalanish va bandlar ham turli-tuman bo’ladi, lekin musiqiylik-ohangdorlik doimo barq urib turadi. Shu sababli u erkin she’r sistemasi deb yuritiladi. Bu sistemada ham shaklning rang-barangligi mazmun va mantiq talabiga, kechinmalarning mohiyatini ro‘yirost ko‘rsatuvchi ohangdorlikka bo‘ysunadi.
Bizningcha, bu she’r sistemasining XX asr she’riyatida tug’ilishi va taraqqiysi jamiyatning, insonning tezkor hayoti bilan bog’liqdir. Hayot oqimi qanchalik tezlashsa, inson qalbidagi tug‘yonlar ham shunchalik faollashadi, bu, o‘z navbatida, she’riyatdagi mazmunning o‘zgarishiga, pafosning ayricha kuchliligiga olib keldi, ya’ni oniy his-tuyg‘ular vulqondek, birdaniga bor qudrati bilan voqe bo’lib, yangicha intonatsiyani, yangicha ritmni yuzaga keltirdi.
Barmoq va aruzdan farq qilgani holda, mazmun va mantiq, ma’no urg‘usi talabiga ko‘ra intonatsiyani kuchaytirib borish, muayyan so‘zlardagi mantiq urg‘usini bo‘rttirish maqsadida misralarda va bandlarda turoqlar, qofiyalar tartibini turlicha o‘zgartirib, tovlantirib borishi mumkin bo’ldi68.
Bu xususiyatlarning mohirona ijrosini Hamid Olimjonning „Baxtlar vodiysi“ , G‘afur G‘ulomning „Sen yetim emassan“ kabi o‘nlab she’rlarida, Maqsud Shayxzodaning „Mirzo Ulug‘bek“ tragediyasida, Rauf Parfining yuzlab asarlarida — go‘zal lirikasida ko‘rish mumkin.
Ey, Farg‘ona!
Ey, bo‘yniga
qora to‘rva
osgan jonlar,
Ey, har kuni,
gadoylikka
tortgan onlardan,
Ey, tanlarni
shilib yotgan
harom qonlardan
Bir yo’lasi ozod bo’lgan azamat o’lka!
(H. Olimjon)
Bitta she’r doirasida bo‘g‘in, turoq, misra, band, qofiya, ritmik pauza kabi vositalarning mazmun va ohang talabiga mos tarzda tovlanishi (rang-barang va erkin bo’lishi) erkin she’r sistemasining bosh qonunidir.
Bu sistema (erkin, oq, sarbast she’r yo’llari) xalq tiliga — oddiy so‘zlashuv tiliga judayam yaqinlashgani bilan ajralib turadi. Xalqqa xos bo’lgan oddiy, „qo‘pol“ so‘zlar ham, so‘z birikmalari ham bu sistemaga kira bildilar, odatdagidan ko‘ra katta vazifani — poetik olam obrazini yarata oldilar. Bu xususiyat sistemaning ommabopligini, jonliligini, zarurligini ta’minladi.
Jumladan, Oygul Mamatovaning „Onalik“ she’rida onaning tengdosh dugonasiga murojaati, nidosi orqali she’r va farzandga bo’lgan buyuk muhabbat, bu muhabbatning jahoniy ma’nosi — olti iqlimning tinchligi, oromi, armoniga aylanib, qalbni junbishga keltiradi. U xuddi ummon to’lqinidek goh pasayadi, goh balandlashadi, lekin tobora yuksalaveradi. Ana shu ma’no ohangiga mos tarzda turoqlar, pauzalar, qofiyalar... turfa xillik kasb etadi. Shunday tarzdagina poetik fikr yashash, yaratish qudratiga ega bo’ladi: ona dardlarining, xayollarining, orzularining jonli va betakror olamidan yaxlit va go‘zal asar voqe bo’ladi:
„Hey, u shoir bo’larmidi
Bir etak bola.
Ko‘rgani yo‘rgag-u
Topgani beshik“.
Qo‘ygin, xafa qilma meni, dugonam,
O‘zim ahd qilganman
Shunchaki she’r yozib shoir bo’lgandan
Bir fidoyi ona bo’lganim tuzuk.
Goh qalamga,
Goh bolamga
Allalar aytdim,
Bilagim tolsa ham,
Yuragim yonsa ham,
Tashlab yubormadim birontasini.
Ikkovini birga bag‘rimga bosdim,
Faqat
Tengqur shoirlar safidan kech qoldim biroz.
Sen ilk kitobing chiqarding,
Men-chi, bag‘rimda
Olti yo‘rgakni avaylab bog‘ladim, yechdim,
Xalqim xizmatiga tutdim olti pahlavon.
Olti dastiyomi karvonga qo‘shdim.
Maqsadsiz tug‘madim biror bolamni,
„Tug‘sa, tug‘ibdi-da“ dema, iltimos,
Asli hayot shunday, tabiat shunday:
Hamma shoir yo har kim ona bo‘lolmas.
Sen she’r bilan so‘raysan dunyoni bugun,
Men esa olti bolam yuragiga olti qit’aning
Tinchligini, armonini, orzusini joylayman.
Men onaman!
Farzandlarim tomirlarimda.
Toki,
Ko‘krak sutim qon bo‘lib aylanar ekan,
Men zamin bo’lib,
Suygan beshigimni o‘rtaga qo‘yib,
Oltovidan
Olti iqlim taqdirini so‘rayman.
Oygulning „Onalik“ she’ri erkin she’r sistemasining erkin yo’liga misol bo’ladi, chunki unda bosh xususiyat — satrlardagi turoqlarning va qofiyalanish tartibining erkinligidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |