Shaxsi noma’lum gaplardaesa voqea-hodisaning, ish- harakatning bajaruvchisi noma’lum bo‘ladi: Mana shu joylarni sahroga o‘xshatishadi. Bu misolda sahroga o‘xshatuvchilar (bajaruvchi - sub’ekt) borday ko‘rinadi. Ular sahroga o‘xshatishadi deb ega o‘rnida ular so‘zini qo‘yib ko‘rsak gapning mazmuniga mos kelmaydi. Chunki, gapning mazmunidan «Mana shu joylar sahroga o‘xshatiladi» degan mazmun bor. Yana misollar keltiramiz: Ukamni kollejga qabul qilishibdi. Radioda bugun yomg‘ir yog‘adi deyishibdi.
Mashq. Keltirilgan misollardan shaxsi aniq va shaxsi noma’lum gaplarni ajratib ko‘chiring. Shaxsi aniq gaplar uchun zarur bo‘lgan ega vazifasidagi so‘zni qavs ichida ko‘rsating.
1. Kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda deydilar. 2. Otalikning farzi ayni – farzandga munosib ism qo‘ymoq deydilar. 3. Yugurganniki emas, buyurganniki deb juda to‘g‘ri aytishgan ekan-da (A.Qahhor). 4. Rahmatilla Obidiyni kasalxonaga olib ketishdi (A.Qahhor). 5. Bemorlardan doim xabardor bo‘lib turamiz. 6. Ilm deganni misqollab bobma-bob o‘rganadilar.7) Jo‘jani kuzda sanaydilar. 8. Bu joylarni hozir ham Qoradaryo deydilar. 9. Ijozat bersangiz fikrimni bayon qilsam.
Shaxssiz gaplarda ega borday tasavvur qilinmaydi va umuman harakatni bajaruvchi shaxsni topib bo‘maydi. Misol: Xonada shovqin qilinmasin. Bu erdan tezda ketishga to‘g‘ri keladi. Keltirilgan misollarda harakat bajaruvchisi – egani topib bo‘lmaydi.
Mashq. Qiyoslab berilgan gaplar orasidan bajaruvchi shaxs qo‘llanmagan, lekin uni topib gapni ega bilan birga qo‘llash mumkin bo‘lgan gaplarni alohida, harakatning bajaruvchisi (ega)ni topib bo‘lmaydigan gaplarni alohida ko‘chiring va ularni izohlab bering.
1. Hamma ishni birdan bajarib bo‘lmaydi. 2. Baribir shunday ishlashga to‘g‘ri keladi. 3. Yig‘lanmasin. Nega yig‘lanadi? (A.Qahhor) 4. Singan ko‘zani o‘z holiga keltirib bo‘lmaydi-ku. 5. Bu xarsang toshlarni emirib, bu metin devordan tuynuk ochib bo‘lmas. 6. Ali Qushchining qutlug‘ boshini qutqarish uchun oltin javohirotlarni olmaslik lozim (O.Yoqubov). 7. Bu o‘ktam, sohibtadbir yigitlarni ilgaritdan Samarqandda ekan chog‘idan bilar, ularning omilkorligiyu, dovyurakligiga ishongani vajidan Xumoyun yoniga xizmatga qoldirgan edi (P.Qodirov). 8. Charlar ham o‘tar, andining yuzini ham ko‘rarsan. (A.Qodiriy).