Bir bosh bo‘lakli gaplar.
Matnni tahlil qilish.
Tarkibidagi bo‘laklarning ishtirokiga ko‘ra bir tarkibli va ikki tarkibli gaplar mavjud.
Ikki tarkibli gaplarda ega va kesim o‘ziga qarashli bo‘laklari bilan birga keladi, ya’ni ikki tarkib – ega tarkibi va kesim tarkibi ishtirok etadi. Masalan: Hovlimizdagi mevalar erta pishdi. Bu gapdagi ega (mevalar) o‘z aniqlovchisi (bog‘imizdagi) bilan birga ega tarkibini, kesim (pishdi) o‘ziga qarashli payt holi (erta) bilan kesim tarkibini tashkil qilgan. Demak, keltirilgan misolda ham ega tarkibi, ham kesim tarkibi – ikki tarkibi mavjud. Shuning uchun bu xildagi gaplar ikki tarkibli gap hisoblanadi. Bu gapni sizga aytib bo‘lmaydi. Bu misolda kesim (aytib bo‘lmaydi) o‘ziga qarashli to‘ldiruvchilar (sizga va gapni), birinchi to‘ldiruvchi (gapni) ga qarashli bo‘lgan (bu) bilan birga kesim tarkibini tashkil qilgan. Gapda ega tarkibi ishtirok etmagan. Shunga ko‘ra bunday gaplar bir tarkibli gaplar deyiladi.
Bir tarkibli gap turlari quyidagicha: shaxsi aniq gap, shaxsi noma’lum gap, shaxssiz gap, shaxsi umumlashgan gap, atov gap va bo‘laklarga ajralmaydigan gap.
Shaxsi aniq gaplar tarkibida ega qo‘llanmagan, lekin kesim orqali egani topish mumkin bo‘ladi: Ertaga universitetda uchrashamiz. (Biz ertaga universitetda uchrashamiz.) Yaqin kunlarda Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini ziyorat qilgani boraman. (Men yaqin kunlarda Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini ziyorat qilgani boraman.)
Keltirilgan misollardan ko‘rinadiki, har ikki gapda ega qo‘llanmagan bo‘lsa ham, kesimdagi tuslovchilar orqali gapning egasi men va biz ekanligini aniqlash mumkin.
Shaxsi noma’lum gaplarda esa voqea-hodisaning, ish- harakatning bajaruvchisi noma’lum bo‘ladi: Mana shu joylarni sahroga o‘xshatishadi. Bu misolda sahroga o‘xshatuvchilar (bajaruvchi - sub’ekt) borday ko‘rinadi. Ular sahroga o‘xshatishadi deb ega o‘rnida ular so‘zini qo‘yib ko‘rsak gapning mazmuniga mos kelmaydi. Chunki, gapning mazmunidan «Mana shu joylar sahroga o‘xshatiladi» degan mazmun bor. Yana misollar keltiramiz: Ukamni kollejga qabul qilishibdi. Radioda bugun yomg‘ir yog‘adi deyishibdi.
Mashq. Keltirilgan misollardan shaxsi aniq va shaxsi noma’lum gaplarni ajratib ko‘chiring. Shaxsi aniq gaplar uchun zarur bo‘lgan ega vazifasidagi so‘zni qavs ichida ko‘rsating.
1. Kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda deydilar. 2. Otalikning farzi ayni – farzandga munosib ism qo‘ymoq deydilar. 3. Yugurganniki emas, buyurganniki deb juda to‘g‘ri aytishgan ekan-da (A.Qahhor). 4. Rahmatilla Obidiyni kasalxonaga olib ketishdi (A.Qahhor). 5. Bemorlardan doim xabardor bo‘lib turamiz. 6. Ilm deganni misqollab bobma-bob o‘rganadilar.7) Jo‘jani kuzda sanaydilar. 8. Bu joylarni hozir ham Qoradaryo deydilar. 9. Ijozat bersangiz fikrimni bayon qilsam.
Do'stlaringiz bilan baham: |