Mavzu: HISOBLASH TEXNIKASI RIVOJLANISH TARIXI VA AVLODLARI
REJA:
I.Kirish. Mexanik mashinalargacha bo`lgan davr
II.Asosiy qism:
1. Mexanik davr.
2. Elektromexanik mashinalar davri.
3. Elektron hisoblash mashinalar davri.
III.Xulosa. Elektron hisoblash mashinalarining avlodlari.
Foydalanilgan adabiyotlar
Kirish
Hisoblash ishlarining tarixi odamzod paydo bo`lishidan boshlanadi. Yer yuzidagi eng birinchi hisoblash asbobi ibtidoiy odamlarning barmoqlari edi.
Qo`l va oyoq barmoqlari ibtidoiy “hisoblash vositasi” vazifasini o`tagan. Binobarin, o`sha qadim zamonlardayoq hisoblashning eng birinchi va eng oddiy usuli – barmoq hisobi paydo bo`lgan. U qadimiy qabilalarda hisobni 20 gacha olib borishni ta’minlagan. Hisoblashning bu usulida bir qo`l barmoqlari “besh”ni, ikki qo`l barmoqlari “o`nni”, qo`l va oyoq barmoqlari birgalikda “yigirmani” bildirgan.
Dastlabki va eng sodda sun’iy hisob asboblaridan biri birkadir. Birka 10 yoki 12 tayoqchadan iborat bo`lib, tayoqchalar turli tuman shakllar bilan o`yilgandir. Kishilar birka yordamida podadagi molar sonini, yig`ib olingan hosil miqdorini, qarz va hokazolarni hisoblashgan
H isoblash ishlarining murakkablashuvi esa yangi hisoblash asboblari va usullarini izlashni taqozo etardi. Ana shunday ehtiyoj tufayli bunyodga kelgan va ko`rinishdan hozirgi cho`tni eslatuvchi abak asbobi hisoblash ishlarini bir muncha yengillashtirdi. Dastlabki hisoblash asboblaridan yana biri raqamlar yozilgan bir qancha tayoqchalardan iborat bo`lib, Shotlandiyalik matematik Jon Neper nomi bilan atalgan, Neper tayoqchalari yordamida qo`shish, ayirish va ko`paytirish amallari bajarilgan. Keyinroq bu asbob ancha takomillashtirildi va nihoyat logarifmik chizg`ich yaratilishiga asos bo`ldi.
Qadimgi xalqlar – Misrliklar, Rimliklar va yunonlar «Abak» deb nomlangan o’ziga xos hisoblash texnikasidan foydalanishgan. Uning ko’rinishi turli zamonlarda o’zgarishlarga uchragan bo’lsa ham, biroq mohiyat har doim bir xil bo’lgan: o’rtacha o’lchamdagi yog’och doska, yoki, metall plastinaga ketma ket tartibda toshlar yoki tugmalar, shunga o’xshash, ushlashga qulay kichik o’lchamdagi donachalar o’rnatib chiqilgan. Masalan Yunon abaki taxtacha yoki marmar toshga yo’nib chiqilgan ariqchalar ichida harakatlanuvchi toshchalardan iborat bo’lgan. Bunga ashyoviy dalil qilib, 1948 yilda Salamin oroli yaqinidan topilgan 150X75 o’lchamdagi marmar abakni keltirish mumkin. Abakda chap tarafdagi chiziqlar – chuqurchalarda suriladigan toshlar orqali draxmalar va talantlar hisoblangan. O’ng tarafda esa kichikroq birliklar – draxmaning ulushlari obol va xalk hisoblangan. Tasvirdagi abakda 4873 draxma, 2 obol va 5 xalk hisoblangan.
Neapoldan topilgan boshqa tarixiy yodgorlik - ko’zada esa, qadimgi yunonlarning soliq yig’uvchisining abakdan foydalanayotgani tasvirlangan. Undagi abak esa kolonkalarga ega emas, ma’lum qiymatlarni ifodalovchi donachalar esa, sonlarni bildiruvchi harflar ro’parasiga tartiblangan. Tasvirdagi abakda qadimgi yunon soliqchisi 1231 draxma va 4 obolni hisoblamoqda.
Yunonlarnikiga o’xshash abak, Kichik Osiyo yarim orolidan topilgan. Faqat u qadimgi Rimliklarga tegishli bo’lib, u misdan yasalgan ekan.
Bu abak birmuncha murakkabroq, va shunga ko’ra mukammalroq ham bo’lib, unda 1/12, 1/48, 1/72 gacha aniqlikda bo’linmalarni ham hisoblash mumkin bo’lgan. Pastki yo’lakchalardagi harakatlanuvchi tugmalar 1 birliklarni, yuqoridagisi esa 5 birlikni ifodalagan. O’ng chetdagi chiziqdagilar esa kasr sonlarni ifodalashda qo’llanilgan. Tasvirdagi abakda 852 butun soni va 4/12 kasr ko’rinishidagi miqdor ifodalangan.
Amerika qit’asidagi hindu sivilizatsiyalarida arqonlarga tugunlar tugish orqali hisob olib borilgan ma’lum. Xususan, Peru hududida yashagan hindu qabilalarida «Kvipos» deb nomlangan, arqonga tugunchalar tugishga asoslangan hisoblash vositasi bo’lgan ekan. Shu kabi hisoblash «texnikasi» Xitoyda «Suan-pan», Yaponiyada «Soroban» deb atalgan bo’lib, ularda ham cho’tdagi singari usul qo’llanilgan. Ya’ni, turli qiymatga ega, rangdor toshlarni bir biriga nisbatan siljitilgan. Xitoy va Yapon «Suan-pan» va «Soroban» larida 7 ta toshchadan foydalanilgan.
O’rta asrlarda Yevropada esa Abakning maxsus turlari – stolga o’yib ishlangan ko‘rinishdagilari keng tarqalgan ekan. Stolga o’yib ishlangan Abakka, unga tutashtirib stul – o’rindiq ham yasalgan. Bozor va yarmarkalarda shunday o’rindiqli abakka joylashib, sarrof[1]lar hisob-kitob olib borishgan. Zamonaviy nutqimizdagi «chek», «bank» va «bankrot» kabi moliyaga taalluqli so’zlar aynan o’sha o’rta asrlardagi o’rindiqli abakdan kelib chiqqan ekan. «Bank» so’zi – nemis va italyan tillaridagi «o’rindiq» so’zidan kelib chiqqani etimologik lug’atlardan ma’lum. Agar bunday o’rindiqli abakda ishlayotgan sarroflar, mijozni aldagani uchun yoki qaroqchilar qo’liga tushib qolib kaltak esa va o’rindig’i hamda abak vositasi sinsa – «Banca rotta» ya’ni, «stol sindi!» deyishgan. Mana bankrot so’zining ildizi qayerda ekan! «Chek» so’zi esa, inglizchadagi «checker» fe’lidan kelib chiqqan bo’lib, o’rta asrlardagi ingliz savdogarlarining hayvon terisiga bo’limlar tarzida ishlangan abakni ular «checkered» deb atashgan. Bunday abak o’rab, yig’ishtirib olib yurishga qulay bo’lib, unga toshchalar sifatida dukkakli o’simliklar donlari qo’llanilgan.
So’nggi o’rta asrlardan boshlab esa, bizlardan ko‘pchiligimiz ham ko’rgan hisoblash vositasi – cho’tlar keng tarqalish olgan. Aytib o’tganimdek, ular hisob-kitoblar olamida – do’konlarda, kassalarda, buxgalteriya, omborxona va xalq ho’jaligining turli sohalarida 90-yillarning oxirigacha o’z o’rnini saqlab qolgan edi...
Albatta, hisoblash texnikasini mexanizatsiyalashtirish, avtomatlashtirishga bo’lgan urinishlar ham ancha avval boshlangan. Biroq, dastlabki paytlarda bunday hisoblash vositalari, ayniqsa, elektron hisoblash vositalari o’ta qo’pol, qolaversa juda qimmat bo’lgan. Mexanik hisoblash mashinalari haqida ham shunday deyish mumkin.
Mexanik hisoblash mashinalarining dastlabki namunalarini buyuk farang olimi Blez Paskal ishlab chiqqan. Uning mashinasi o’sha vaqtlarda «Paskal g’ildiragi» deb nomlanar edi.
2 yanvar 1640 yili Paskallar oilasi Ruanga ko’chib kеladi, bu yerda Paskalning otasi Etyen hudud intеndanti[2]lavozimiga tayinlanadi. Amalda u gubеrnatorning barcha ishlarini, xususan soliq yig’imlari va boshqa hisob-kitobga doir ishlarini yurituvchisi bo’ladi.
Etyen Paskalning hisoblashga doir ishlari juda ko’p edi, unga doimo o’g’li Blez Paskal yordam bеrardi. 1640 yilning oxirida Blеz Paskalda aqlli «ruchka va jеtonlar orqali» hisoblashlardan qutqarish uchun mashina ixtiro qilish fikri tug’ildi. Uning mashinasida, Paskalning o’zi aytganidek, «...biror razryadning g’ildiragi yoki sterjeni o’nta arifmetik raqamga siljib, kеyingisini faqat bitta raqamga siljishga majbur etadi». Blеz Paskal «Ogohlantirish» asarida «arifmetik mashinani ko’rishga qiziqqan va undan foydalanmoqchi» bo’lganlarga kamtargina bunday dеydi: «Mеn sеn uchun foydali holatga kеlguncha vaqtimni ham, mehnatimni ham, mablag’imni ham ayamadim».
Bu so’zlar besh yillik og’ir mehnat mashinaning yaratilishiga olib kеlganiga ishora edi. Mashina sekin bo’lsa-da, besh xonali sonlar ustida to’rtta arifmetik amalni ishonchli bajarar edi.
Tarixda ilk mukammal hisoblash mashinasi bo’lgan Paskal g’ildiragiga batafsil to’xtalsa arziydi:
Paskal mashinasi yengil latun quticha ichiga joylashtirilgan bo’lib, qutichaning tepasi qopqoq tarzida ishlangan. Qopqoqda 8 ta tirqish mavjud. Har bir tirqish bo’ylab aylanasiga shkalalangan. Paskal mashinasining eng chetki o’ng tarafdagi tirqishi 6 ga bo’lingan shkalalik, eng chetki chap tarafdagisi esa 12 ga bo’lingan shkalalik edi. Qolgan 6 ta o’rtadagi tirqishlar 10 lik sanoq tizimida shkalalangan. Bunday g’alati gradiurovka – o’sha zamon farang pul birligi tizimiga muvofiqlashtirilgan bo’lib, 1 su – 1/20 livr, 1 denye esa 1/12 su bo’lgan. Mashina soliq yig’imlariga mo’ljallangani sezilib turibdi. Qopqoq ostida esa tirqishlardagi shkalalarga mos sondagi tishlari bo’lgan tishli uzatma mexanizmi ko’rinib turgan.
Paskal mashinasiga sonlarni kiritish esa quyidagicha bo’lgan: har bir g’ildirak boshqasidan mustaqil ravishda, o’z o’qi atrofida aylangan. G’ildirakning aylanishi yetakchi shtift yordamida amalga oshirilgan. Shtift tishli g’ildirakni shkaladagi «1» ostida o’rnatilgan qo’zg’almas bo’rtmagacha burab borishi mumkin bo’lgan. Har bir g’ildirakning aylanishi? Ichki mexanizmlar orqali gorizontal o’qqa mahkamlangan slindrik barabanlarga uzatilgan. Bu barabanlarda esa sonlar qatori yozilgan bo’lgan. Paskal mashinasi 9 xonagacha bo’lgan sonlarni qo’shishni tez bajargan. Bunda songa mos keladigan aylanish burchagiga proportsional ravishda slindr aylanib, natijani namoyon etgan. Ko’paytirish va bo’lishda ham aynan g‘ildirakning qancha burchak ostida burilganiga muvofiq natijada slindr aylangan. Paskalning mexanizatsiyalashtiriligan hisoblash mashinasi o’z zamonasi uchun benazir nou-xau, boshqacha aytganda xay-tek edi. Butun Yevropa bo’yicha tez orada katta shov-shuvga sabab bo’ldi. Paskal mashinaning elliktaga yaqin nusxasini yasadi; Paskal rеklamani ham unutmaydi: u kansler Sеgеning qo’llab quvvatlashiga - «Qirolning rasmiy imtiyozi»ga (patеntga o’xshash ruxsatnoma) erishadi. Mashina ko’p marta yarmarka va ko’rgazmalarda namoyish qilindi, hatto bir nusxasi shvеd qirolichasi Kristinaga yuborildi. Ishlab chiqarish yo’lga qo’yiladi, qancha mashina ishlab chiqarilgani noma’lum, ammo hozirgi kungacha uning sakkiz nusxasi saqlanib qolgan.
“Hisoblash texnikasi” deganda axborotni qayta ishlash bilan bog'liq masalalarni hal etishni osonlashtirish va tezlatish uchun qo'llanadigan texnik vosita, ya’ni hisoblash mashinalari hamda matematik vositalar, usullar hamda qoidalar majmui tushuniladi.
Zamonaviy hisoblash mashinalari yoki kompyuterlarning asosiy qismlari elektron qurilmalardan tashkil topgan. Shuning uchun ular elektron hisoblash mashinalari yoki EHM deb yuritiladi.
Axborotni tasvirlash usuliga qarab hisoblash mashinalari 3 turkumga bo'linadi:
analog (uzluksiz) hisoblash mashinalari. Ularda axborot uzluksiz o'zgaruvchi bo'lib, biror fizik kattalik (masalan, tok kuchi) bilan ifodalanadi;
raqamli hisoblash mashinalari. . Ularda axborot diskret qiymatli o'zgaruvchi(son)lar bilan ifodalanadi. Masalan, elektr impulslari.
gibrid hisoblash mashinalari. Ularda axborotni tasvirlashning yuqoridagi har ikki usulidan foydalaniladi.
Hisoblash qurilmalari tarixi bir necha asrni o'z ichiga oladi. Quyida bu tarixning eng salmoqli voqealari va uning ishtirokchilari haqida so'z yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |