Preparat. Amnion burmalari tutashishi bosqichidagi tovuq embrionining
ko‘ndalang kesimi. Karmin bilan bo‘yalgan. (14-rasm).
Bu preparat embrion taraqqiyotining kechroq bosqichiga - inkubatsiya beshinchi kunining boshiga taalluqli. Kesim embrion tanasining o‘rtasidan o‘tgan.
Preparatni kichik ob’ektiv ostida o‘rganamiz va chizib olamiz. Avvalo, orqa miyani (1) shakllantirayotgan nerv nayi ko‘zga tashlanadi. Bu bosqichda nerv nayining bo‘shlig‘i - nevrotsel (2) nisbatan katta. Nerv nayi ostida xordaning (3) ko‘ndalang kesimi ko‘rinadi, hatto kichik ob’ektiv ostida ham xorda to‘qimasi hujayralarining xarakterli vakuolizatsiyasi ko‘rinadi. Xorda ostida aortalarning (4) juft kesimi, ularning bo‘shliqlari ichida qon hujayralari - birlamchi eritrotsitlar (5) ko‘rinadi. Somitlar nerv nayi va xorda atrofida mezenximal sinsitiy hosil qilgan sklerotomga (6) parchalanib ulgurgan. Sklerotom ajralishdan keyin qolgan teri-muskul plastinka ikki qavatli bo‘lib qolgan; uning dorsal qismi dermatomni (7) hosil qiladi, ichki qavati esa hozirgi holatda kam rivojlangan miotomga (8) to‘g‘ri keladi. Embrion tanasiniing lateral qismlarida, o‘ng va chap tomonda kardinal venalarning (9) kesimlari ko‘rinadi, ulardan ventralroq birlamchi buyrakning kurtagi joylashadi. Bu kurtak tarkibida Volf yo‘lining kesimi (10) va yonida birlamchi buyrakning hosil bo‘layotgan kanallarini (11) farq qilamiz. Teri ektodermasi (12) butun embrionni qoplab turadi. O‘ng va chap tomonda embrionni embriondan tashqi qismlardan chegaralab turuvchi tana burmalarning (13) kesimi ko‘rinadi. Ulardan dorsal yo‘nalishda ektoderma va mezodermaning pariyetal varag‘idan iborat amnion burmalari (14) ko‘tariladi. O‘ng va chap amnion burmalari embrion ustida amnion choki (15) hosil qilib tutashadi va shu yerda amnion burmalarining tashqi qismlari zardob pardaga (16) aylanadi. Amnion burmalarining tutashishi amnion bo‘shlig‘ini (17) hosil qiladi va uning ichida embrionning taraqqiyoti davom etadi. Mezodermaning yon varaqlari pariyetal (18) va visseral (19) varaqlarga ajralgan bo‘lib, ularning oralig‘ida tananing ikkilamchi bo‘shlig‘i - seloma (20) hosil bo‘lgan.Ektoderma va pariyetal varaq oralig‘i mezenxima (21) bilan to‘lgan. Visseral varaqda preparatda bir necha kesimda uchraydigan sariqlik qon tomirlari (22) uchraydi. Ularning ichida qon hujayralari (5) ko‘rinadi.Endoderma (23) yupqa varaqdan iborat. Ichak hali faqat ichak jo‘yakchasi (24) ko‘rinishiga ega.
Turli embrional kurtaklarda turlicha kechadigan, davom etayotgan gistologik differensiatsiyaga va to‘qimalarning ajralib chiqishiga e’tibor qilish kerak.