Qon va biriktiruvchi yumshoq to‘qimalar gistomorfologik tuzilishi mavzusidagi
laboratoriya darsining (2 soat)
Darsning maqsadi: 1. Qon misolida himoya-trofik biriktiruvchi to‘qimalar bilan tanishish;
2. Sut emizuvchilar va qushlar qoni preparatlarini mikroskopiya qilish, chizish va belgilash.
Ko‘rgazmali asbob-uskunalar va jihozlar: Mikroskop, gistopreparatlar.
Adabiyotlar:
Darsni mazmuni:18-preparat
Qoramol qonining surtmasi.
Pappengeym bo‘yicha bo‘yalgan (II-jadval, A).
Qon odatda surtmalarda o‘rganilib, ularni tayyorlash uchun qon tomchisi predmet shishasiga bir tekis yupqa qavat holida surtiladi, fiksatsiya qilinadi va bo‘yaladi. Qon surtmasini bo‘yashning metilin ko‘ki (yoki uning hosilasi - azur) va eozin kombinatsiyasiga asoslangan, hozirgi kunda qo‘llaniladigan usuli 1891 yili rus vrachi D.L.Romanovskiy tomonidan ishlab chiqilgan. Surtmalarni keng tarqalgan Gimza bo‘yicha bo‘yash usuli Romanovskiy usulining modifikatsiyasidir. Bizning preparatimizda qo‘llanilgan Pappengeym bo‘yicha bo‘yash usuli preparatni bir vaqtning o‘zida fiksatsiya qilish va bo‘yash hamda Gimza bo‘yicha qo‘shimcha bo‘yashga asoslangan May-Gryunvald usulining kombinatsiyasidir. Pappengeym usuli qon shaklli elementlarining eng differensial va doimiy rangli tasvirini beradi.
Preparatni kichik ob’ektivda qaramoq kerak. Och pushti rangga bo‘yalgan ko‘plab eritrotsitlar ko‘rinadi, ular orasida leykotsitlarning to‘q bo‘yaluvchi o‘zaklari ajralib turadi. Surtmaning eritrotsitlar yaxshi fiksatsiya bo‘lgan joyini tanlab (ba’zan har joy-har joyda plazmoliz natijasida eritrotsitlar bujmayib qoladi va yulduzsimon shaklni oladi), kuchli ob’ektivda qonning asosiy shaklli elementlarini o‘rganmoq va chizmoq kerak. Albatta ularning barchasini bir joyda topib bo‘lmaydi, preparatni mikroskop ostida suriladi va kombinatsiyalangan rasm chiziladi.
Eritrotsitlar (1) eozin bilan pushti rangga bo‘yalgan (eritrotsitlarda gemoglobin borligi bilan bog‘liq oksifiliya). Ular o‘rtasi yupqaroq yumaloq disk shakliga ega, bu eritrotsitlar batamom shakllanguncha o‘zak joylashgan joy bo‘lib, surtmadagi eritrotsitlarda ochroq bo‘lib ko‘rinadi (agar fokus diskning chetiga to‘g‘rilangan bo‘lsa).
Leykotsitlarning qaysi xillarini topish osonroq, qaysi xillarini topish esa qiyinroq bo‘lishini avvaldan hisobga olish uchun qoramol leykotsitar formulasini eslatamiz: B-0,5; E-7,0; N-29,0; L-57,0; M-6,5. Qoramol qoni limfotsitar profilga ega, shuning uchun preparatda hammadan ko‘ra ko‘proq kichik limfotsitlar (2) uchrab, ularni yumaloq va kuchli bo‘yalgan o‘zak holida hamda sitoplazmadan iborat ensiz bazofil (ko‘kimtirroq) gardishga ko‘ra aniqlash oson. Bu sitoplazmatik gardish faqat yaxshi bo‘yalgan preparatlarda aniq ko‘rinadi va ko‘pincha o‘zakning faqat bir tomonida bilinib turadi. Limfotsitlarning sitoplazmasida ayrim, qo‘ng‘ir rangga bo‘yaluvchi, azurofil donachalar deyiluvchi donachalar uchraydi (donador leykotsitlar sitoplazmasini to‘ldirib turuvchi spetsifik donadorlik bilan aralashtirmaslik kerak). Kengroq sitoplazmatik gardishga ega o‘rtacha kattalikdagi limfotsitlar (3) ancha kam uchraydi; bularda yaxshi bo‘yalgan taqdirda yorug‘roq o‘zak atrofi zonani ko‘rish mumkin. Surtmada neytrofillar (4) ancha ko‘p uchraydi. Ular segmantlangan, kuchli bo‘yalgan o‘zagi bilan ajralib turadi. Neytrofillar o‘zagining polimorfizmi va turlicha segmentlanish darajasiga e’tibor qilish kerak. Bu belgi neytrofillarning “yoshi” to‘qrisida fikr yuritish uchun ishlatiladi. Neytrofillarning donadorligi mayda bo‘lib, quruq ob’ektivlarda uni farq qilish qiyin. Immersion ob’ektivda neytrofillarning donadorligini hujayraning butun sitoplazmasini bir tekisda to‘ldirib yotuvchi mayda donachalar holida ko‘rish mumkin; bu donachalar asosli va kislotali bo‘yoqlar oralig‘idagi rangda bo‘lib, hamma vaqt kuchsizroq bo‘yaladi. Eozinofillarni (5) topish qiyinroq, lekin baribir ularning soni har bir surtmada bir necha o‘nlab bunday hujayralarni ko‘rish imkonini beradi. Eozinofillar sitoplazmasidagi donadorlikning aniq qizil bo‘yalishi, neytrofillar donadorligidan ancha yirikligi; quruq ob’ektivlar sistemasida ham bilinib turishi bilan ajralib turadi. Eozinofillar o‘zagi ko‘pincha ikki-uch segmentga bo‘lingan.
Monotsitlarni (6) osonlikcha topish mumkin. Bular och bo‘yaluvchi parraksimon yoki taqasimon o‘zakli va bazofil sitoplazmaning keng gardishiga ega yumaloq hujayralardir; ba’zan monotsitlarning o‘zagi loviyasimon shaklda bo‘ladi. Bazofillarni (7) topish juda qiyin; ularni sitoplazmasidagi to‘q binafsha rangga bo‘yaluvchi, ko‘pincha o‘zak chegaralarini aniqlashga to‘sqinlik qiluvchi donalariga ko‘ra ajratish mumkin. Bazofillar leykotsitlarning boshqa turlariga nisbatan 1 foyizdan kam bo‘lganligidan ularni izlab topishga ko‘p vaqt sarflashga to‘g‘ri keladi, o‘quv preparatlarida ularni kamdan-kam topish mumkin bo‘ladi; shu sababli bazofillarni ko‘rish uchun ko‘pincha demonstratsion preparatlarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.
Qon plastinkalari (8) oddiy preparatlarda markazida aniq bo‘lmagan donadorligi bor, noaniq shakldagi bazofil tanachalar ko‘rinishida bo‘ladi; ular ko‘pincha o‘zaro yopishib yotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |