Hiqildoq tog‘aylari
Halqasimon tog‘ay - cartilago cricoidea hiqildoqning orqa qismida, kekirdakning birinchi halqasi bilan qo‘shilgan holda turadi, unda yoysimon tog‘ay, old tomonida bo‘g‘im chuqurchasi va ustida muskul o‘simtasi bo‘ladi.
Qalqonsimon tog‘ay – cartilago thyreoidea yaltiroq bo‘lib, hiqildoqning yon devorini hosil qiladi. Qalqonsimon tog‘ayning o‘rta tanasiga o‘ng va chap plastinkalar - lamina thyreoidea dextra et sinistra kelib qo‘shiladi. Yuqori qismida oldingi va keyingi shoxchalar - cornu craniale et caudale bo‘lib, ular cho‘michsimon tog‘ay bilan va til osti suyagining katta shoxi bilan birlashadi. Qalqonsimon tog‘ay plastinkasining teshigi pay bilan to‘lgan, unda hiqildoqning oldingi nervi o‘tishi uchun teshik - foramen thyreoidea bo‘ladi.
CHo‘michsimon tog‘ay - cartilago arytaenoidea hiqildoqning ustki tomonida juft bo‘lib joylashgan. Uning tanasi - corpus va ilmoqsimon tog‘ay shoxchasi - cartilago corni bor. Tananing pastki qismida o‘simta - processus vocales bo‘lib, unga ovoz payi va muskuli birlashadi.
Hiqildoq usti tog‘ayi - cartilago epiglottidis qalqonsimon tog‘ayning old tomoni yuqorisida joylashib, shakli yaproqsimon old qismi uchliroq, elastik bo‘ladi. Bu tog‘ay harakatlanganda hiqildoqning teshigi ochilib – yopilib turadi.
YUqorida tog‘ay plastinkalarining hammasi bir – biri bilan va til osti suyagi bilan bo‘g‘imlar yordamida birlashib turadi. Qoramollarning qalqonsimon tog‘ayi to‘rtburchak bo‘lib, tanasi uzun, halqasimon tog‘ayining yoyi o‘tkir burchak hosil qiladi. CHo‘michsimon tog‘ayining tovush o‘simtasi yaxshi rivojlangan, hiqildoq usti tog‘ayi oval shaklda bo‘ladi. CHo‘chqalarning hiqildog‘i uzunroq, xalqasimon tog‘ayining yoyi anchagina qiyshiq, qalqonsimon tog‘ayi uzun, cho‘michsimon tog‘ayida muskul birlashishi uchun yaxshi rivojlangan tarog‘i bo‘ladi. Hiqildoq usti tog‘ayi keng va yumaloqdir. Bir tuyoqli hayvonlarda halqasimon tog‘ayning yoyi to‘g‘ri burchak hosil qiladi. Qalqonsimon tog‘ayning orqa tomonida chuqur kesik - incisura thyreoidea caudalis bor, tog‘ayning tanasi kalta va qalin, cho‘michsimon tog‘ayning tanasi katta, hiqildoq usti tog‘ayi uzun, yaproqsimon bo‘lib, undan o‘ng va chap tomonga ponasimon tog‘aylar - cartilago cuneilformis ketadi.
Hiqildoq bo‘shlig‘i - cavum larynx yuqorida ko‘rsatilgan beshta tog‘ay plastinkaning qo‘shilishidan hosil bo‘ladi. Hiqildoq bo‘shlig‘ining ichki yuzasi shilimshiq parda bilan qoplangan bo‘lib, unda tebranuvchi silindrsimon va qadoqsimon epiteliy bor. Hiqildoqqa zardobsimon bezlar joylashgan. Undagi tovush pardalarining burmasi ko‘p qavatli yassi epiteliy bilan qoplangan.
Hiqildoqning boshlanish - aditus laryngis qismini pastdan hiqildoq tog‘ayi, yon tomondan qalqonsimon tog‘ay va ustki tomondan cho‘michsimon tog‘ay hosil qiladi. Bu tog‘aylarning ichki yuzasida shilimshiq pardadan burmalar hosil bo‘ladi. Hiqildoqning har ikkala yon devoridagi shilimshiq pardalar xaltasimon burma, tovush labi, ular orasida esa hiqildoqning yon xaltachasi - ventriculus laryngis lateralis ni hosil qiladi. Bu xaltachaning old tomonida xaltachasimon burma - plica ventricularis bo‘ladi. Tovush labida elastik to‘qimadan iborat tovush payi va tovush muskuli - lig. vocale et m. vocalis bo‘ladi. Tovush lablari orasida kichik yoriqcha - rima glottidis bor, uning ustki tomoni havo o‘tkazish, pastki tomoni esa tovush hosil qilish vazifasini bajaradi. Kavsh qaytaruvchi hayvonlarda yon xaltacha bo‘lmaydi, tovush lablari tik joylashadi. CHo‘chqalarda tovush lablari qiyshiq, yon xaltachaning teshigi juda tor bo‘ladi. Bir tuyoqlilarda yon xaltacha yaxshi rivojlangan, tovush lablari qiyshiq, ya’ni oldinga, so‘ngra pastga tomon qaragan bo‘ladi.
Kekirdak – trachea uzun, nay shaklidagi organ bo‘lib, o‘pkaga havo o‘tkazish va undan havoni tashqariga chiqarish uchun xizmat qiladi. Kekirdak bir nechta tog‘ay halqadan iborat, u hiqildoqning halqasimon tog‘ayidan boshlanib, o‘pkada tugaydi. Kekirdak ana shunday halqalardan tuzilganligi sababli, hayvonlar boshini va bo‘ynini har tomonga bursa ham, u doim ochiq turib, havoni erkin o‘tkaza oladi. Kekirdak bo‘yin va ko‘krak bo‘limlaridan iborat bo‘lib, ko‘krak qafasida yurakning ustiga yaqin joyda ikkita asosiy bronxga bo‘linadi, bu joy kekirdak bifurkatsiyasi - bifurcatio trachcae deyiladi.
Kekirdak halqalari har xil shaklda bo‘lib, bir – biri bilan halqasimon nay - lig. anulare orqali birlashadi. Kekirdak halqalarining yuqorigi ochiqroq qismi ko‘ndalang paylar - lig. tracheale transversum va ko‘ndalang muskul - m. transversus trachiales bilan birlashgan. Kekirdakning ichki shilimshiq pardasi hiqildoqniki kabi tebranuvchi epiteliy bilan qoplangan, uning deforida aralash bezlar juda ko‘p. SHilimshiq pardadagi silindrsimon epiteliy hujayralari va tebranuvchi tukchalar nafas yo‘liga havo bilan kirgan changni, mikroorganizmlarni hiqildoqqa, undan esa burun tomonga o‘tkazib, organizmni tozalaydi.
Qoramollarning kekirdagida 48 – 50 ta halqa bo‘lib, ular oval shaklda, uning yuqori qismi uchliroq, bifuraksiyasi V qovurg‘alarning ro‘parasida bo‘ladi. CHo‘chqalar kekirdagida 32 – 36 ta silindrsimon halqa bo‘ladi. Bir tuyoqlilarda 48 – 60 tagacha ko‘ndalang – oval shakldagi halqalar bo‘ladi. Bifurkatsiya V – VI qovurg‘alar ro‘parasida joylashadi. Tuyalarda 76 tagacha, qorako‘l qo‘ylarda 53 – 55 tagacha hiqildoq halqasi bo‘ladi.
O‘pka
Asosiy nafas olish organi bo‘lgan o‘pka - pulmones ko‘krak qafasida joylashadi. O‘pka juft organ, unga tashqi muhitdan havo bilan birga kislorod kirib, qonga o‘tadi va butun organizmga tarqaladi, moddalar almashinuvi natijasida hosil bo‘lgan karbonat angidrid qon bilan o‘pkaga kelib, tashqariga chiqib ketadi.
O‘pka tarmoqlarga bo‘lingan bronxlardan tashkil topgan. Asosiy bronx o‘pkaning ichki qismiga kirgandan keyin tarmoqlanib, bronxlarga, bronxiolalarga, ular esa alveolalarga bo‘linib ketadi, alveolalar esa alveola xaltachalarini – pufakchalarini hosil qiladi va shu bilan tugaydi. Alveolalardan o‘pka parenximasi paydo bo‘ladi. Parenximada arteriya va vena qon tomirlari bo‘lib, gazlar almashinuvi shular orqali amalga oshadi. Barcha bronx va alveolalar biriktiruvchi to‘qima yordamida o‘ng va chap o‘pka bo‘laklari - pulmo dexter et sinister ga birlashadi.
Ko‘krak qafasining chap tomonida, o‘pka bilan yonma – yon yurak joylashadi, shuning uchun o‘pkaning chap bo‘lagi kichikroq bo‘ladi. O‘pka bo‘laklarining o‘rta qismi o‘tmas, cheti - margo obtusus va yon tomon chetlari qirrali - margo acutus bo‘ladi. O‘pkaning asosiy qismi gumbaz shaklidagi diafragma yuzasi - faeies diaphragmatica o‘ng va chap bo‘laklar o‘rtasida oraliq yuza - facies mediastinalis bo‘ladi. O‘pkaning har qaysi bo‘lagi yana bo‘lakchaga bo‘linadi: o‘pkaning uchki bo‘lagi - lobus apicalis, uning pastrog‘ida yurak bo‘lagi - lobus cordiacus va eng katta diafragma bo‘lagi - lobus diaphragmatica bo‘ladi. O‘pkaning o‘ng bo‘lagida yana qo‘shimcha bo‘lak - lobus accessorius bo‘lib, u o‘pkaning ichki tomonida joylashadi.
O‘pka bo‘laklarining oraliq qismida bir oz chuqurlashgan joy bo‘lib, unga o‘pka bronxlari, arteriya, vena va nervlar kelib kiradi, bu joy o‘pka darvozasi - hilus pulmoalis nomini olgan. Bularning hammasi qo‘shilib, o‘pka ildizi - radix pulmonus deb ham yuritiladi. O‘pkaga kirgan asosiy bronxlar daraxtga o‘xshab shoxlab ketadi va unga arbor bronchialis deyiladi. Bular alveolalar bilan tugaydi. Bronxlar, bronx va alveolalar yo‘llarining hammasi tebranuvchi epiteliy bilan qoplangan. Alveolyar pufakchalar bir qavatli epiteliy hujayrasidan iborat bo‘lib, ular havoni tez almashtirib turadi. Bronxlar keng tarqalgan joyda biriktiruvchi to‘qimalar ko‘p bo‘ladi, chunki ular asosiy tayanch hisoblanadi.
O‘pkaning usti seroz parda – plevra - pleura pulmonalis bilan qoplangan. U bevosita o‘pkaning ustini o‘rasa, visseral plevra - pleura visceralis, qovurg‘a tomonga o‘tib borsa, parietal plevra (qovurg‘a plevrasi) - pleura parictalis deyiladi. SHuning uchun ham plevra o‘pka bo‘laklariga o‘xshash qismlarga bo‘linadi. Har ikkala o‘pka orasidagi plevra oraliq plevra - pleura mediastinalis deyiladi. Diafragma tomonga o‘tadigan plevra diafragma plevrasi - pleura diaphragmatica deyiladi. Ko‘krak bo‘shlig‘idagi seroz pardaning ichki seroz suyuqligi - liquor pleurae bilan to‘lgan. Bu suyuqlik o‘pkaning engil ishlashi uchun yordam beradi.
O‘pkaning og‘irligi har xil hayvonlarda turlicha bo‘ladi. Qoramollar o‘pkasi 4 kg gacha bo‘lib, uchki qismi ikki bo‘lakka bo‘lingan, qorako‘l qo‘ylarda ham bo‘laklari xuddi shunday. Kavsh qaytaruvchi hayvonlarning o‘pkasi oqimtir rangda, cho‘chqalarning o‘pkasi ham kavsh qaytaruvchilarnikiga o‘xshashroq bo‘ladi. Bir tuyoqlilarning o‘pkasi, yurak va diafragma bo‘laklari bir – biriga qo‘shilgan. Qoni chiqarib yuborilgan o‘pkaning rangi oqimtir – qizg‘ish bo‘lib, og‘irligi 4 kg keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |