19-preparat
Ot qonining surtmasi. Romanovskiy-Gimza bo‘yicha bo‘yalgan (II-jadval, B).
Ot qonining o‘ziga xosliklaridan biri eritrotsitlarining surtmalar tayyorlashda o‘zaro yopishib qolishi hisoblanadi, shuning uchun eritrotsitlarning shakli bu preparatda avvalgisidan yomonroq ko‘rinadi.
Kuchsiz ob’ektivda surtmaning yaxshi joyini tanlab va kuchli ob’ektivda qonning asosiy shaklli elementlari o‘rganiladi.
Eritrotsitlar (1) ko‘pincha o‘zaro yopishish natijasida deformatsiyalangan. Ot qonining leykotsitar formulasi neytrofil profilga ega: B-0,5; E-4,0; N- 59,0; L-33,0; M-3,5. Shuning uchun preparatda hammadan ko‘p neytrofillar (2) uchraydi; ularni xarakterli segmentlangan o‘zagiga ko‘ra oson aniqlash mumkin. Ot neytrofillari sitoplazmasidagi donadorlikni ko‘rish xuddi avvalgi preparatdagidek qiyin. Ko‘p uchrashligiga ko‘ra ikkinchi o‘rinda kichik limfotsitlar (3) bo‘ladi;ularning yumaloq o‘zagi juda kuchli bo‘yaladi, o‘zak atrofida bilinar-bilinmas sitoplazma gardishi ko‘rinadi. Ba’zan o‘rtacha kattalikdagi limfotsitlar (4) uchraydi.
Monotsitlar (5) yirikligi va ochroq, segmentlanmagan yoki parrakli o‘zagi bilan ajralib turadi. Bu hujayralarning barchasi qoramolda va otda kam farqlarga ega. Lekin eozinofillar (6) keskin farq qiladi; otda ular boshqa har qanday sut emizuvchidagidan yirikroq va nafaqat hujayralarning yirikligi bilan, balki sitoplazmadagi juda yirik, pushti yoki qizil rangga bo‘yaluvchi donachalar bilan ham ajralib turadi. Alohida yirik donadorlikka ega bo‘lgani uchun ot eozinofillari malina mevasi ko‘rinishiga ega; kuchsiz segmentlangan o‘zak yirik donadorlik bilan qisman yashirinib turadi. Hujayraning va donadorlikning yirikligi tufayli eozinofillarni ot qonida topish boshqa sut emizuvchilardagidan yengilroq.
Bazofillar (7) otda ham qoramoldagidek kam uchraydi. Bular nisbatan yirik hujayralar bo‘lib, ularning bazofil donadorligi hujayra o‘zagini aniq ko‘rishni qiyinlashtiradi.
20-preparat
Tovuq qonining surtmasi. Romanovskiy-Gimza bo‘yicha bo‘yalgan (11-jadval, V).
Bu preparat birinchidan sut emizuvchilardan tashqari barcha umurtqalilar sinfi uchun xarakterli bo‘lgan o‘zakli eritrotsitlar bilan bizni tanishtiradi. Qolgan umurtqalilar qonining sut emizuvchilar qonidan farq qiladigan boshqa bir o‘ziga xosligi haqiqiy hujayralar hisoblanuvchi trombotsitlardir. Ikkinchidan, ushbu preparatda tovuq qonining u yoki bu darajada butun qushlar sinfi uchun xarakterli xususiy o‘ziga xosliklari bilan tanishamiz.
Kichik ob’etivda surtmaning hujayralar siyrakroq joylashgan joyini topamiz va u yerni katta ob’ektivda o‘rganamiz. Avvalgi preparatlardagidek kombinatsion rasm chizishga to‘g‘ri keladi.
Eritrotsitlar (1) oval shaklga ega, ularning sitoplazmasi pushti rangga bo‘yalgan. Eritrotsitning markazida kuchli bo‘yalgan, oval shakldagi o‘zak ko‘rinadi. Neytrofillar (2) qushlarda o‘ziga xos tuzilishga ega; ularning sitoplazmasida donachalar o‘rniga oksifil bo‘yaluvchi tayoqchasimon kiritmalar bor (ya’ni bizning preparatimizda ular qizil rangga bo‘yalgan). Shuning uchun ularni ba’zan uncha o‘ng‘ay bo‘lmagan psevdoeozinofillar nomi bilan ataydilar. Haqiqiy eozinofillar qushlarda ham odatdagi ko‘rinishga ega: sitoplazmasida mayda, yumaloq donachalar bo‘lib, ularni topish oson emas.
Limfotsitlar (3) va monotsitlar (4) e’tiborga arziydigan o‘ziga xosliklarga ega emas. Ammo, trombotsitlar (5) hujayralarning alohida shaklini tashkil qiladi: ular oval, eritrotsitlardan ancha kichik (ularning uzunasiga diametri limfotsit diametridan biroz kichikroq) hujayralar bo‘lib, sitoplazmasi bazofil va oval o‘zak atrofida ensiz gardish hosil qiladi, odatda diffuz bo‘yaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |