“HAYRAT UL – ABROR” DOSTONIDAGI 7 MAQOLAT VA HIKOYATLAR TAHLILI
Reja:
1. “Hayratul-abror”ning boshlanishi
2. yettinchi maqolat tahlili
3. Qahramonlar tavsifi
1. Alisher Navoiy o`zbek tilida birinchi «Xamsa» yozgan shoir sifatida mashhurdir. Bu besh dostondan iborat majmuaning birinchi dostoni falsafiy-didaktik mazmundagi «Hayratul-abror»dir. «Muhokamatul-lug`atayn» asarida shaxsan Navoiy o`zi ta`kidlagan «Hayratul-abror» Sharqda birinchi bo`lib fors tilida «Xamsa» yozgan ulug` ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviyning (1141—1203) «Maxzanul-asror» dostoniga javoban yozilgan. Lekin shu tipdagi dostonlarni qiyosiy o`rganish shuni ko`rsatadiki, Navoiyning bu asarini yuzaga kelishida Amir Xusrav Dehlaviyning (1254—1305) «Matlaul-anvor», Abdurahmon Jomiyning (1414—1492) «Tuhfatul-ahror» kabi dostonlarining ham katta roli bo`lgan. Masalan, Navoiy «Xamsa»ning XIII bobida hikoya qilishicha, bevosita Jomiyning «Tuhfatul-ahror» dostonini o`qib, shundan ta`sirlanib qo`liga qalam olgan va ilhomlanib o`z «Xamsa»sining ushbu dostonini yozishga kirishgan.
«Hayratul-abrorning boshlanish qismi bir necha kirish boblaridan tashkil topgan. Ikkinchi xil qilib aytganda, dostonning boshlanish qismidagi bir necha boblar uning kirish qismini tashkil etadi. Shularning mazkur birinchi bobida Navoiy Islom dinining asosiy kitobi bo`lgan Qur`on birinchi surasining mashhur bosh jumlasi — «Bismillohir rahmonir rahim» («Mehribon va rahmli Olloh nomi bilan boshlayman»)ning poetik sharhi berilgan. Bunda ushbu arabiy jumladagi har bir so`zning harfiga katta ma`no berilgan. Navoiy fikricha, Olloh va uning ismi butun koinot va mavjudot bilan chambarchas bog`langandir. Sharq she`riyatida hamda tasavvufda harflarga ma`no berish ba`zan maxsus bir falsafiy yo`nalish darajasiga ko`tarilgan va bu yo`nalish tarafdorlari «xurufiylar» deb atalgan. Bu ulug` ozarbayjon shoiri Imodiddin Nasimiy ijodida ayniqsa yaqqol ko`zga tashlanadi. Bu o`rinda Navoiy harf san`atidan ko`proq o`z diniy-falsafiy qarashlarini yorqin ifodalashda badiiy vosita sifatida foydalangan.
II
1. Sharq dostonchiligida o`rta asrlarda barcha asarlar xudoning madhi bilan boshlangan. Navoiy ham o`z dostonini shu an`anaga amal qilgan holda Olloh hamdi bilan boshlab, bu masalaga maxsus bob bag`ishlagan. Mazkur bobda shoir hamma narsani yaratgan Xudoning osmon va quyoshdan tortib har bir zarrani, butun o`simliklar va hayvonot olamini, kishilik jamiyatini o`z yuksak aqli, har bir insonga mehri bilan boshqarib, harakatga keltirib, bir-biriga bog`lab, qovushtirib turishini katta shavq-zavq bilan tasvirlagai. Ollohning shunday mehribonchiligi uchun olamdagi hamma narsa har bir zarra unga minnatdorchilik bildirib, shukr etib, unga hamdu sano o`qigani o`qigan.
III
1. Ushbu bob «Avvalg`i munojot» ya`ni birinchi munojot deb atalib, bunda shoir haqning, ya`ni xudoning birinchiligi, dunyoda hech narsa bo`lmaganda ham xudo bor bo`lgani, avval boshda xudodan boshqa hech narsa bo`lmagani, uning yakkayu yolg`izligi, olamda hech narsa, hech kimsa u bilan tenglasha olmasligi, husn va zakovatda yagonaligini, o`z husnini tomosha qilish uchun ko`zgu sifatida bu olamni yaratgani haqida xudoga murojaat shaklida fikr yuritadi.
Navoiy yozishicha, xudo yeru osmonni, undagi barcha narsalarni yaratar ekan, bu boyliklar ichida uning uchun eng qadrlisi, yaqini inson bo`lib, xudoning butun borliqni yaratishdan kuzatgan bosh maqsadi ham inson edi:
Ganjing aro naqd farovon edi,
Lek boridin g`araz inson edi.
Shoir bunda insonni yaratilgan narsalar ichidagi eng komili, Olloh-taoloning yashirin sirlarini ham barcha nozikligi bilan tushunib yetuvchi bir ma`rifatli mavjudot tarzida ta`rif va tavsif etgan.
IV
1. Ikkinchi munojotda Navoiy garchi dunyoda ko`p go`zal narsalar yaratilgan bo`lsa ham, shu bilan birga olamda kishining tasavvuriga sig`maydigan darajada voqealar yuz berib, masalan, yulduzlar olami turli holatlarga tushsa, buning sirlarini bilmoqchi bo`lganlar bunga erisha olmasalar ham, bundan xudoga hech bir ziyon va hech bir tashvish yo`q. Chunki ular hammasi xudoning irodasi bilan harakatda va o`zaro bir-biriga muvofiq holda harakat qiladi. Xudo xohlasa osmonda ham, yerda ham katta notinchliklar yuz berishi mumkin. Navoiy tasvirlashicha va ta`kidlashicha, dunyodagi barcha mavjudotlar o`z yaratganiga doim sajda qiladilar, undan o`zlarining mamnunliklarini bildiradilar. Xudoning qahri kelsa «ko`k bir etak kul kibi» sovurilib ketishi hech gap emas. Sayyoralar ham uning izmida. Dengizda to`fonlarning yuz berishi, zilzila turib tog`larning osmonga chiqib ketishi — bular hammasi uning buyukligini, mislsiz qudratini tan olishni talab qiladi. Bob oxirida shoir xudodan u dunyoda o`z lutfiga sazovor etishini iltijo qiladi.
V
1. Uchinchi bobda Navoiy oldingi munojotlardagi fikrlarini yanada rivojlantirib, Olloh-taolo o`rni bilan qancha qahrli bo`lsa, o`rni bilan shuncha mehribon, hamma narsani ajoyib muvofiqlik bilan harakatlantiruvchi ekanini, olovni yaratish bilan birga uning muqobili suvni ham yaratganini, yerni bino qilganda elni ham yaratishni lozim topganini, hamma narsalarni bir-biri bilan bog`lab turganini, shuning natijasida yerdagi va osmondagi hayot qasri yuzaga kelganini ta`kidlaydn. Xudo yaxshi niyat bilan olamni shunday go`zal va keng qilib yaratgan. Lekin bularnnng hammasi hisob-kitobli bo`lib, uning ixtiyoridan tashqari bu olamga bir dona igna ham sig`maydi. U xohlasa hammasini bir damda yo`q qilib yuborishi turgan gap. Shuning uchun insonlar o`ylab ish qilishi, gunoh qilishga yo`l qo`ymasligi, qiyomat kuninn unutmasligi, har bir gunoh uchun qiyomat kuni jazo olajagini esda tutishi, Islom dini qoidalariga to`la rioya qilishi, hamma musulmonlarning xudo oldidagi yoqlovchisi — Muhammad payg`ambarga doim samimiy e`tiqodda bo`lishi talab qilinadi.
VI
1. To`rtinchi munojot — oxirgi munojot bo`lib, bunda Olloh-taoloning o`z bandalariga benihoya saxovatliligi, ularning tog`-tog` gunohlarini bir siqim somondek shamolga uchirib yubora olish xususiyati, bir daqiqadagi kechani kunduzga almashtira olishi va hokazolar haqida hikoya qiladi. Bunda birinchi o`rinda Navoiy xudoning dargohi kengligini, odamlarga mehribonligining beqiyosligini ko`zda tutib, uni o`z bandalariga yanada shafqatliroq, uzrlarini hisobga oluvchi, gunohlaridan o`tuvchi bo`lishini iltijo qilishi, uning oldida erkalanib, haddi sig`ib labtashnalarga suv berishini, to`nsizlarga to`n, qorni ochlarga ovqat berishini, o`z lutfu karamidan hech kimni bebahra qoldirmasligini so`rashi, hatto talab qilishi g`oyat samimiy va go`zaldir. O`z fikrlarini xulosalab, shoir yana bir bor xudoga murojaat qilib deydi:
Garchi gunahning hadu poyoni yo`q,
Aylamasang rahm ham imkoni yo`q.
VII
1. Adabiy an`anaga ko`ra Navoiy xudoning madhi va unga bag`ishlangan to`rt munojotdan so`ng Islom dinining asoschisi Muhammad payg`ambar madhiga o`tadi. Payg`ambar madhi odatda «na`t» deb atalib, «Hayratul-abror»da beshta na`t mavjud. Birinchi na`tda Navoiy xudoning avval Odamni yaratgani, undan boshqa odamlar tarqalgani, oxiri xudoning elchisi sifatida Muhammad payg`ambar (Ahmad) yuzaga kelgani, u o`zida barcha yaxshi xususiyatlarni zohir etgani, shu asosda «xudoning do`sti» («habibulloh») darajasiga ko`tarilgani, uning onadan bamisoli bir oftob bo`lib tug`ilgani haqida hikoya kiladi.
VIII
1. Ikkinchi na`tda Navoiy Muhammad payg`ambarning Makkada Quraysh qabilasida tug`ilgani, yoshligidan aqlli, hushli bo`lgani, Quraysh qabilasi odamlarining qarama-qarshi e`tiqodlarga ega bo`lgani, Muhammadning otasi juda erta vafot etib, otasiz o`sgani, savdo ishlari bilan shug`ullangani, yana bir vaqt cho`ponlik ham qilgani, bolalikdan shirinso`z bo`lgani, hamma qiyinchiliklarga yuksak axloqi bilan chidagani va o`z muxoliflarini yenggani haqida so`zlagan. Ya`ni bunda shoir Muhammad layg`ambar bo`lgunga qadar, aniqrog`i, qirq yoshga kirgunga qadar bo`lgan hayoti yuzasidan umumiy ma`lumotlarni bergan va shu davr ichidagi insoniy — axloqiy qiyofasini chizgan.
IX
1. Bu bobda Navoiy Muhammad payg`ambar payg`ambarlik darajasiga erishgandan so`ng, garchi u yozishni bilmasa ham, o`z fikrini, o`z ta`sirini juda tez butun xalq ommasiga, arab mamlakatlaridan tortib Eron (Ajam)gacha bo`lgan o`lkalarga o`tkaza boshlagani, butparastlikni sindirib, yo`qotib, uning o`rniga muvaffaqiyat bilan Islom dinini o`rnata boshlagani haqida yozadi.
X
1. To`rtinchi na`tda Navoiy Muhammad payg`ambarning noyob insoniy xususiyatlarini yoritishga to`xtagan. Shoir yozishicha, payg`ambarimiz nihoyatda chiroyli so`zlashi bilan boshqalardan doim ajralib turgan («Arzi favohatda kaloming fasih»). U nutq so`zlaganda hamma unga diqqat bilan quloq solgan va bu Islom dini qoidalarini mustahkamlashda katta rolь o`ynagan. U g`oyat rahmdil odam bo`lib, dushmanlaridan g`orga berkinganda u yerdagi na o`rgimchaklarga, na biron qushga zarracha ozor yetkazmagan. Shuning uchun uning Islomni mustahkamlash va dunyoga yoyish ishlari yaxshi borgan. Uning atrofiga yaxshi odamlar to`planib, uni faol qo`llab quvvatlaganlar. Bu o`rinda Navoiy payg`ambarning izdoshlaridan Abu Bakr Siddiq, Umar, Usmon va Ali haqida, ularning payg`ambarga, Islom ishiga fidoyiligi, sadoqati haqida ham iliq gaplarni yozgan.
XI
1. Beshinchi na`tda Muhammad payg`ambarning afsonaviy Buroq otini minib, bir tun, ya`ni Me`roj kechasi osmonga ko`tarilgani, yulduzlar, sayyoralar aro sayr qilib xudo bilan uchrashgani, lekin bu mo``jizaviy safar juda bir qisqa muddatda yuz bergani haqida hikoya qilinadi:
Borg`oniyu kelgani bir on o`lub,
Aql bu mansubda hayron o`lub.
Diniy asarlarda izohlanishicha, bunday safar faqat payg`ambarlargagina nasib bo`lishi mumkin. Bu na`t ham an`anaviy xarakterga ega bo`lib, boshqa xamsanavislarning, shu jumladan Navoiy «Xamsa»sining boshqa dostonlarida ham shu mazmunda maxsus boblar bor.
XII
1. Dostonning bu bobi Navoiydan oldin «Xamsa» yaratgan buyuk shoirlar Nizomiy va Xusrav Dehlaviy madhiga bag`ishlangan.
2. «U so`z san`atkorlarining boshidagi toj, bahosi xazinaga teng o`sha tojning gavharidir». Bu baytdan boshlab Nizomiy madhi beriladi.
Nizomiy — ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Abu Muhammad Ilyos binni Yusufning taxallusi. Nizomiy taxminan 1141 — 1143 yillarda Ozarbayjonning qadimgi va obod Ganja shahrida tavallud topib, 1203 yilda vafot etgan. Nizomiy she`riyat bilan juda erta qiziqqan va tez orada hatto Ganja, Shirvon o`lkasi hukmdorlari nazariga tushgan. Naql etilishicha, Darband hokimlaridan biriga Nizomiyning bir she`ri g`oyatda ma`qul tushgan. Buning evaziga shoirga minnatdorchilik bildirish ma`nosida, qipchoq kanizaklaridan Ofoq ismli qiz unga hadya etilgan. Keyinchalik bu oqila qiz Nizomiyning suyukli xotini bo`lgan.
Tazkiralarda Nizomiyning yigirma ming baytdan iborat bir lirik devon tartib berganligi haqidagi ma`lumotlar bizgacha yetib kelgan. Lekin bu devon hanuzgacha topilgan emas. Undagi lirik she`rlardan ayrim namunalargina saqlanib qolingan, xolos.
Nizomiyni dunyoga tanitgan, ulug` bir adabiy an`ananing boshlovchisi darajasiga ko`targan asari — uning «Panj ganj» atalgan «Xamsa»si. U «Xamsa»ning birinchi dostoni «Mahzanul-asror» («Sirlar xazinasi»)ni 1173—1180 yillar mobaynida yozib tugallagan. Doston turli axloqiy va falsafiy mavzulardagi yigirma maqolot va ularga bog`liq holda talqin etilgan manzum hikoyalarni o`z ichiga qamrab olgan. Bu asar Nizomiydan keyingi ko`p shoirlarga, jumladan, Alisher Navoiyga ham o`rnak timsoli — mahorat maktabi bo`lib qolgan.
3. «Uning fikr tarozusi «Xamsa»ni, «Xamsa» emas, balki «besh xazina»ni o`lcharkan, unga osmon tarozu pallasi, Yer kurrasi esa botmon tosh bo`ldi».
4. «U behisob so`z durlarini tartibga solgani uchun taqdir unga «Nizomiy» taxallusini munosib ko`rdi».
5. Duo: «Uning sirlari pok bo`lsin!»
6. «Besh harf bilan yoziladigan va chiqariladigan son hisobi bilan hisoblasang «bir ming bir»ning ismini bildiradi». Arabcha yozuvda Nizomiy besh harfdan iborat bo`lib, (nun) — 50, (izg`i) — 900, (alif) — 1, (mim)—40, (yoy) — 10 ni bildiradi, jam`i — 1001.
7. Bu va keyingi besh bayt mazmuni: «Undan keyin hind chavandozi ham hindiy xanjari bilan (so`zni) saralab, xanjarining chaqmog`idan uchqunlar sachratib, mingan oti ham o`tday tez harakat qilib, qayoqqa o`zini o`tdek tez va qattiq urmasin, hamma yerda g`avg`o ko`tardi. Qaysi mamlakatda qanday (so`z) obodonligi bo`lsa, imkoni boricha ularni o`z qo`liga kiritdi. Uni shunchaki hind chavandozi atab bo`lmaydi, uni hind royi deb atash kerak. Uning qalami uchi hind mamlakatining ko`rkidir. She`riyatidagi har bir doston Hindistonning bir viloyati — kishvariga tengdir». Madh va ta`rif liboslariga o`ralgan ushbu fikrlar fors adabiyotining klassigi Amir Xusrav Dehlaviy haqida. Xusrav 1258 yilda Dehlida tug`ilgan. Uning asl nasabi Shahrisabz turklaridan bo`lgan. Dehlaviyning otasi, Lochin qabilasining boshlig`i — Amir Mahmud Chingizxon hujumidan keyin Movarounnahrdan Hindistonga ko`chib ketgan.
Xusravning ijodiy merosi ko`p qirrali. U benazir lirik, mohir epik, tarixnavis yozuvchi, badiiyatshunos olim, o`z zamonasining musiqashunosi.
Xusrav Dehlaviy to`rtta she`riy devon tuzgan. Bu haqda Navoiy «Xazoyinul-maoniy» devonining debochasida Sulton Husayn Boyqaro tilidan fikrlar bildirib o`tgan. Navoiyning g`azalchilik sohasida olamshumul yutuqlarni qo`lga kiritishda Xusrav Dehlaviy tajribalarining ham ilhombaxsh ta`siri favqulodda ta`sirli bo`lgan. U qit`alaridan birida yozgan edi:
G`azalda uch kishi tavridur ul nav`,
Kim andin yaxshi yo`q nazm ehtimoli...
Bular kimlar? «Biri Mu`jiz bayonliq sohiri hind», — deydi Navoiy. «Sohiri hind» — Xusrav Dehlaviy. Navoiyning e`tirof etishicha, uning «so`zu holi» ishq ahlini o`rtantiradigan daraja-da. Keyingi ikki kishi esa, «Iso nafasliq rindi Sheroz» — Hofiz Sheroziy va «qudsi asarlik orifi Jom» — Abdurahmon Jomiy. Mana, o`sha qit`ada chiqarilgan fikriy xulosa:
Navoiy nazmig`a boqsang, emastur
Bu uchning holidin har bayti xoli.
Hamono ko`zgudurkim, aks solmish
Ango uch sho`x mahvashning jamoli.
Demak, Navoiy fors-tojik adabiyotining ikki ulug` vakili — Hofiz va Jomiy singari, «Ishq va dard ahlinnng rahbar va peshravi» («Muhokamatul-lug`atayn») Xusrav Dehlaviyni ham o`zining g`azalnavislikdagi ustozi deb tan olgan, uning lirikasining ta`sirini ochiq e`tirof qilgan. Navoiyning «Devoni Foniy»sidagi qirqqa yaqin g`azali ham Xusrav Dehlaviyga tatabbu` qilib yozilgan.
Xusrav Dehlaviy fors adabiyotida Nizomiyga ergashib «Xamsa» yaratgan ikkinchn san`atkor. U «Xamsa»sining ilk dostoni «Matla`ul-anvor» («Nurlarning tarqalish manbai»)ni ikki hafta mobaynida yozib tugatgan (Muhammad Osimiy, Abdulg`ani Mirzoev, Amir Xusrav Dehlavi. Dushanbe, 1979. Sah. 44). «Matla`ul-anver»da, xususan, siyosiy pafos Nizomiy dostoni darajasidan pastroq ekanligi qayd etilgan. Lekin shunga qaramasdan, u o`ziga xos ko`rkam asar. Shuning uchun ham Navoiy masalaning bu jihatlariga alohida e`tibor bilan munosabatda bo`lgan, Xusrav asarini munosib baholagan. «Ganja podshosi (Nizomiy) boyliklarni sochuvchi, u esa ergashuvchidir, so`z iqlimida u podshoh bo`lsa, o`z nomi bilan bu ham Xusrav (podshohdir). Xusrav bo`lib mamlakatni obod qildi. Uni Xusrav emas, Farhod deb atasa ham bo`ladi»,— deydn Navoiy mazkur bobda.
8. «Ko`p kishilar ularga (Nizomiy va Xusravga) o`xshatmalar yozishni havas qilishdi, biroq ular sarv bilan gul qarshisiga xashak keltirishdi. Ulardan yolg`iz bir kishi bundan mustasnoki, bunday odamni ko`hna falak shuncha aylangavi bilan boshqa yarata olmadi». So`nggi baytdagi bu «bir kishi» — Abdurahmon Jomiy. Ma`lumki, Nizomiy boshlab bergan «Xamsa»chilik Sharq adabiyotida adabiy an`anaga aylantirildi. Xusrav Dehlaviy «Xamsa»si bu yo`ldagi ijobiy samara bo`ldi. Lekin «Xamsa» yozish har qanday san`atkordan zo`r talant, keng hayotiy bilim, tajriba va kuchli badiiy mahoratni talab qilar edi. Ayniqsa XV asrga kelib «Xamsa» yaratishga uringan shoirlarning soni ko`paygan. Ammo bu shoirlarning aksariyatida biz yuqorida sanagan imkoniyatlar to`la shakllangan deb bo`lmasdi. Shu bois ular yaratgan dostonlar el o`rtasida e`tibor qozonmadi. Navoiy «Majolisun-nafois» tazkirasida shunday qalamkashlar to`g`risida ham ma`lumotlar berib o`tgan. Abdurahmon Jomiy «Xamsa»si esa badiiy njodning mazkur jabhasidagi yangi ijodiy muvaffaqiyat bo`lgan edi. Navoiy buni yuksak ma`nodagi faxr tuyg`ulari bilan qayd etayotir.
XIII
1. «Yuksaklikning uzun soyasi, shodlik jomining sof sipqoruvchisi Mavlono Nuriddin Abdurahmon Jomiy vasfikim, vasfga sig`mas, ta`rifikim, ta`rifga to`g`ri kelmas va ul hazrat iltifoti quyoshi qaro kunga qolgan men ojizning ahvoliga nur sochganining bayoni, ul quyosh tarbiyasidan bu tufroqda oq gullar, oq gullargina emas, rang-barang rayhonlar nishon bergani va«Tuhfatul-ahror» (Jomiyning «Mahzanul-asror» va «Matla`ulanvor»ga javoban yozgan falsafiy-didaktik dostoni, ya`ni «Asllar tuhfasi») mutolaasidan g`amgin ko`ngulning xursandchilik topgani va «Xayratul-abror»ning la`l va javharlarini nazm ipiga tizmoqning sababi».
2. «U butungi kunda tariqatning qutbi, haqiqat sirlarining kashf etuvchisidir. Uning ko`ksi haqiqat durlarining xazinasi, ko`ngli esa ma`no yuzlariga oina». Navoiy ustozi Abdurahmon Jomiy madhini ana shunday teran bir ma`nolar bilan boshlaydi. Jomiy — Nizomiy, Hofiz, Sa`diy singari daholardan keyin fors-tojik adabiyotining shuhratini yana bir karra olamga yoygan dohiy san`atkor. Jomiy 1414 yilda Xurosonning Jom viloyatida tug`ilib, 1493 yilda Hirotda vafot qilgan. U «Fotihatush-shabob», «Vositatul-iqd», «Xotimatul-hayot» deb atalgan va inson umrining uch fasliga ishorat qiluvchi uch she`riy devonning muallifidir. Navoiy «Mahbubul-qulub» asarida: «Har sinf nazmda benazir erdilar va nechaki ta`riflari she`rda mahoratdin tashqaridur, va lekin har uslub she`rda jahongir erdilar. Va nazmlarida har she`r bila ishq o`tin olamga urubturlar. She`rlarida har bayt bila dard ahli jonu ko`ngul olamin qo`ydurubdurlar», deb yozadi Jomy to`g`risida. «Xamsa»sining barcha dostonlari, «Majolisun-nafois» tazkirasi va boshqa o`rinlarda ham Navoiy ustozi va uning serqirra ijodiyoti xususida qimmatli mulohazalarni bayon etgan. Navoiy o`zining «Xamsatul-mutahayyirin» kitobini esa to`lig`icha Jomiyga bag`ishlagan edi.
Jomiyning Nizomiy va Xusravlarga tatabbu` qilib yaratgan asari «Haft avrang» deb atalgan. Unda «Tuhfatul-ahror», «Sabhatul-abror», «Salomon va Absol», «Silsilatuz-zihab», «Yusuf va Zulayxo», «Layli va Majnun», «Xiradnomayi Iskandar» nomli yettita doston bor. «Tuhfatul-ahror» shulardan birinchisi.
XIV
1. To`rt sadaf bu yerda to`rt unsur — suv, havo, o`t, tufroq nazarda tutilgan. Durj—qimmatbaho toshlar solinadigan quticha. Ikkinchi satrdagi «Etti falak axtarining burji» — yetti qavat ko`kdagi yetti sayyora cho`qqisi.
2. Arabcha «k» va «n» harfi bir-biriga qo`shilsa, «kun!» bo`lib, «yarat!», «ijod qil» degan ma`nolarni bildiradi.
3. «So`z jon bo`lib, ruh aning qolipidir. Kimning tanida ruhi bor bo`lsa, u so`zga ehtiyoj sezadi».
4. «Tilni agar po`lat xanjar deyilsa, uning qadalgan injulari so`zdir».
5. Bu chaman — insoniyat va hayot chamani.
6. Masih—Iso payg`ambarning laqabi. Diniy afsonalarga ko`ra Iso o`z nafasi bilan o`lganlarni tiriltirish, jon ato etish qobiliyatiga ega bo`lgan emish. «Yaxshi so`z bilan o`lganni tiriltira olgani uchun Iso payg`ambar o`zini «Jonbaxsh» laqabi bilan atagan»,— deydi shoir.
7. Xalil — Ibrohim payg`ambarning laqabi. Diniy afsonalarga ko`ra, Namrud Xalilni o`tda yoqib o`ldirmoqchi bo`lgan, lekin u o`z pokligi tufayli o`lmagan.
8. Jabrail — Islom dinida to`rt farishtadan biri. U go`yo xudo bilan payg`ambar o`rtasida elchilik qilarmish. Ushbu satrdagi ma`noda ham shunga ishorat bor: «Jabrail ham so`z yukiga hammol bo`lgan».
9. «Agar bir go`zal xar qancha chiroyli va oy yuzli bo`lsa-da, lekin gapirmasa, devordagi suratdan farq qilmaydi».
10. Ustoz Sadriddin Ayniy ushbu misralar izohi munosabati bilan yozadi: «Har qanday yaxshi sozanda qancha cholsa-yu, (ashula aytmasdan) uzoq cholsa, undan aql ahllariga malol etadi. Agar sozanda mashq orasida Navoiyning olov sochuvchi g`azallaridan birontasini o`qisa, V vaqt bazmda, shovqin-suron qo`zg`oldi, eshituvchilar yoqalarini yirtdilar, ohu voy bilan o`zlarini yo`qotib quyadilar». Vosifiyning hikoyasiga ko`ra, Navoiyning o`z zamonida uning:
Din ofati ul mug`bachai mohliqodur
mayxorau bebok,
Kim ishqidin oning vatanim dayri fandur
sarmastu yaqom chok...
boshlamali mustazodiga Xoja Abdullo Marvorid nomli bastakor bir kuy bog`lagan. «U vaqtlarda Hirotda bu savt o`qilmaydigan uy yo`q edi», deydi Vosifiy. Vosifiyning gapiga ko`ra, bir bazmdada shu «Sarmastu yaqom chok» savti ijro etilayotganda butun majlis ahli o`z yoqalarini yirtganlarki, bu holni bir tasodif bilan Navoiyning o`zi ham ko`rgan. Navoiy, bu yerdagi misralar bilan o`sha savt va o`sha holatga ishorat qiladi (Alisher Navoiy. Xamsa. Qisqartib nashrga tayyorlovchi S. Ayniy. Toshkent: O`zdavnashr, 1947. 19-bet).
11. Oddiy so`zlashuvda yolg`ondin e`tiborsiz — nopisand narsa yo`q. Lekin nazmdagi yolg`on hatto donolarga ham ma`qul, ya`ni nazmda mubolag`aga yo`l qo`yiladi, deyilmoqchi. Bu bayt Alisher Navoiyning adabiyotda badiiy to`qima, mubolag`a, fantaziyaning roli to`g`risidagi estetik qarashini aks ettiradi. Navoiy ushbu masala to`g`risida yoshlik yillaridan boshlab o`ylay boshlagan. Masalan, «Hayratul-abror»dagi mazkur fikr uning ustozi Sayid Hasan Ardasherga yozgan masnaviysida:
So`z ichraki yolg`on erur nopisand,
Chu nazm ettilar — qildi dono pisand
shaklida ifoda etilgan. E`tiborli tomoni shundaki, Navoiy qariyb butun umri davomida she`riyatda mubolag`aning qimmati yuzasidan bildirgan estetik qarashiga sodiq qolgan. «Mahbubul-qulub»da o`qiymiz: «...Yolg`on so`z juz nazmda nopisand va aning qoyili noxiradmand.
Bayt:
So`z ichraki yolg`on erur nopisand,
Chu nazm ettilar qildi dono pisand».
Ko`ryapsizki, bu bayt she`riy maktubda qanday bo`lsa, «Mahbubul-qulub»da ham ayni o`sha tarzda takrorlangan.
12. «Tish injulari og`izda terilib tursa, nazmday ko`rkam bo`ladi, og`izdan tushib nasrday sochilsa, qimmati ketadi». O`z davri an`anasiga ko`ra bu yerda Navoiy nasrga nisbatan nazmga yuqori baho beradi.
13. Bu bayt tashbih san`ati asosida qurilgan. Unda shoir bog`dagi gul va daraxtlarni nazmga, tog`dagilarni (ular o`tin hisobida qaraladi) nasrga o`xshatadi.
14. Bu va bundan keyingi to`rt baytda nazmning nasrdan afzalliklari shatranj — shaxmat o`yini misolida asoslangan: «Shaxmat taxtasiga donalarni to`kkan odam uning yog`och donalarini qancha maqtamasin, u chiroyli ko`rinadi shu vaqtdaki, birov — ikki tomonga u donalarni ikki qatordan qilib tersa. Shaxmatning ikki tomonidagi ikki qator xuddi ikki misra she`rga, to`rt qator esa she`rning ikki matlaiga o`xshab ketadi. Bundagi har dona ajoyib muammo bo`lib, ularning orasida otlar ham paydo bo`ladi. Odam qancha to`g`ri fikr qilmasin, bunda ozgina parishonlikka yo`l qo`ysa otning yurishi tufayli mot bo`lib qolishi mumkin».
15. Bu ikki satrda gulning o`z shoxida ochilib turishi nazmga, xazon bo`lib sochilishi nasrga o`xshatilgan.
16. Bu baytda «nazm mo``jiza yo`sunlik bo`lmaganda, xudo kalomida ham nazm bo`lmagan bo`lur edi» deb Qur`onda ham nazm borligi aytiladi. Navoiy nazm va nasrga munosabatini «Xamsa»ning keyingi dostonlarida ham davom ettiradi. Ular oxir-oqibatda yaxlit bir ijodiy konцepцiya sifatida ko`zga tashlanadi. Lekin shuni ham ta`kidlash kerakki, Navoiyning bu masalaga doir qarashlari «Xamsa»ning boshqa dostonlarida u yo bu tarzda «Hayratul-abror»dagi fikrlardan o`sib chiqqan yoki bevosita ularning uzviy davomidir. Masalan, «Sab`ai sayyor»dagi mana bu so`zlarga diqqat qiling:
Har kishi qilmoq istasa ma`lum
Biri mansur erur, biri manzum.
Nasru nazmi angaki mudrakdur,
Nazmning poyasi buyukrakdur...
Xud javohir nechaki dilkashroq.
Nazm silkiga cheksalar xushroq.
17. Shakl va mazmun birligi — badiiy ijoddagi eng muhim masaladir. Navoiyning ushbu muammoga munosabati mazkur baytlarda nihoyatda ko`rkam uslubda badiiy talqinini topgan. Ulug` shoir shaklning ahamiyatini kamsitmagan holda badiiy asarda g`oyaning birlamchi qimmatiga alohida e`tibor beradi.
XV
1. «Kim ma`no durining sadafidan o`ziga jom qilgan bo`lsa, so`z mayini o`sha kishi to`la simiradi».
2. Roh — may ma`nosida. Misboh — chiroq «So`z shu qadar ajoyib va safoli sharobki, ko`ngulning eng qorong`u kunjlarini chiroq bo`lib yoritadi».
3. «Men so`z mayidan mast bo`lib, o`tkinchi dunyo kishilari safiga qo`shilganman».
4. Jomi hidoyat — haqiqat jomi. Shoir demoqchiki, garchi haqiqat jomiga qo`lim yetgan bo`lsa-da, ko`p vaqt so`zda sukut saqladim.
5. «Turkiy ohangga qo`limni o`ynatib, «hay tulugum, hay tulum» deb kuylasam». Shoir buning bilan o`z ona tilida asarlar yaratishga kuchli ishtiyoqi bo`lganligini ta`kidlagan.
6. Tuyuq — turkiy she`riyatning qadimiy janrlaridan. Bu haqda Navoiyning o`zi «Mezonul-avzon» risolasida shunday deydi: «Birisi «tuyug`»dirkim, ikki baytqa muqarrardur va sa`y qilurlarkim, tajnis aytilg`oy va ul vazn ramali musaddasi maqsurdur...». Tuyuq poetikasining asosiy shartlaridan biri uning ramali musaddasi maqsur (foilotun foilotun foilon) vaznida yozilishidir. Navoiy mazkur baytda shoirlik da`vosida yurgan, ammo she`riyatning qat`iy belgilangan qonun-qoidalariga ham rioya qila olmaydigan qofiyabozlarni tanqid qilayotir.
7. «Binoyi rafi`»dan maqsad — «Xamsa». Shoir yaratilajak «Xamsa»sining mohiyatini badiiy sharhlayotir.
XVI
1. Kahkashon — osmonda uzunasiga ko`rinadigan oq yo`l, samon yo`li.
2. Rustam — O`rta Sharq xalqlari og`zaki va yozma adabiyotidagi an`anaviy obraz. Rustam obrazi fors afsonalari va Firdavsiyning «Shohnoma»sida Eron himoyachisi sifatida naql etil-sa, turkiy xalqlar eposi va afsonalarida Afrosiyobning bobosi — Turning avlod-ajdodidan deb ta`riflanadi. U Turonni chet el bosqinchilaridan himoya qilgan. Navoiy Sulton Husayn Boyqaroning Rustamga o`xshab qudratli, jasur, yengilmas bo`lishini orzu qilayotir.
3. Jamshed — 1. Ulug` podshoh. 2. Eronning qadimgi afsonaviy podshohlaridan. Navoiy «Tarixi muluku Ajam» asarida Jamshid haqida shunday ma`lumotlarni yozgan: «Ba`zi ani Tahmurasning qardoshi debturlar va ba`zi qardoshining o`g`li. Chun saltanatqa o`lturdi, jahon mulkin adal va dod bila tuzdi. Va
husnu jamolida dilpazir va fazlu kamolida benazir erdi. G`arib ixtirolar qildi... Va saltanatining zamoni yetti yuz yilg`acha bo`ldi...
She`r:
Chu Jamshid taxt uzra tutti maqom
Dimog`ig`a yo`l toptn savdoyi xom...»
Bu yerda «Chu Jamshid taxt uzra tutti maqom» misrai garchi boshqa maqsadni ifodalasa-da, «Hayratul-abror»dagi «Taxt uza Jamshiddek etsa maqom» satrining qariyb varianti shaklida takrorlanganini ham aytish kerak.
Jamshidning eng mashhur kashfiyotlaridan biri — uning sehrli jomi bo`lgan. Bu jomda go`yo butun olam, zamon va kelajak hodisotlari aks etar emish. Ammo Jamshid borib-borib kekkayib, mag`rurlanib, Navoiy so`zlari bilan aytganda «olamni o`z ibodatig`a amr qilib, o`z surati bila butlar yasab, aqolim va kishvarlarg`a yiborib» uni xudo hisoblashlarini buyuradi. Xalq va a`yonlar undan yuz o`girib, arab shahzodasi Zahhokni taxtga o`tqazadilar. U Jamshidni bandi qilib «arra bila iki bo`lub, jismin pora-pora» qilib tashlatadi.
Navoiy «Taxt uza Jamshiddek etsa maqom» deganda Husayn Boyqaroning mag`rurlanmasdan «adl va dod bila» ish yuritishini nazarda tutgan.
4. Bog`i Iram — Afsonaviy go`zal, xushhavo bir bog`ning nomi. Uni xudolik da`vo qilgan Shaddod degan podshoh bino etgan emish. Idealdagi hayot ramzi sifatida bu nom Sharq adabiyotida juda ko`p tilga olinadi.
XVII
1. Bu misralarda inson gulistonga va uning a`zolari turli
gullarga o`xshatilib, yaratuvchi (xudo)ni dehqon atab, azal tongida yaratish (sun`) dehqoni odam tanasini gulistonday yasaganda, bu gulistonga va undagi turli-tuman gullarga mayin yel esib, bu gullar ochilgani, tan gulshaniga ruh kirgani, undan g`araz hech gul bo`lmay, maqsad yolg`iz ko`ngul ekanini go`zal tashbihlar orqali ta`kidlangan.
2. Bu va so`nggi uch baytda takror san`atidan foydalanilgan. Shoir satrlar boshida «goh» so`zini ketma-ket qaytarish bilan fikrni ta`kidli ohanglarda tarmoqlantirgan.
3. Farhod — Sharq xalqlari sg`zaki ijodiyoti va yozma adabiyotida keng o`rin ishg`ol etgan obraz. Badiiy adabiyotda Farhod dastlab fors-tojik shoiri Og`ochiy (X—XI asrlar) she`rlarida tilga olingan. Bal`amiyning «Tarixi Tobariy», Abu Dulafning «Risolai soniya» asarlarida u Shirin bilan bog`liq qahramon sifatida naql etilgan.
Farhod obrazi Sharq adabiyotida birinchi bo`lib Nizomiy Ganjaviyning «Xusrav va Shirin» dostonida tasvirlangan. Lekin u dostonda bosh qahramon darajasiga olib chiqilmagan. Orif Ardabiliyning (XIV asr) «Farhodnoma» dostonidan boshlab Farhod markaziy qahramon holida ko`rsatilgan. Navoiy «Farhod va Shirin» dostonida birinchi bo`lib Farhodning mukammal epik xarakterini yaratdi. Navoiy Husayn Boyqaroni «dardu balo tog`ida» Farhodga o`xshab jasorat namunalarini ko`rsatishini orzu qilayotir.
4. Majnun—1. Jinni, devona. 2. Sharqdagi eng mashhur qahramonlardan. Qadimiy arab manbalarining shahodat berishicha, Majnun tarixiy shaxs bo`lib, Arabistondagi Bani Omir qabilasiga mansub bo`lgan. Majnunning oshiqlik qismati haqida
Sharqda juda ko`p rivoyatlar to`qilgan. U Nizomiy, Dehlaviy, Navoiy kabi ulug` san`atkorlarning ijodida fojiaviy qahramon sifatida o`rin egallagan.
XVIII
1. Shams — quyosh; zuho — choshgoh vaqti. «Vash-shamsi» bilan «Vaz-zuho» «Qur`on» oyatining dastlabki so`zlari bo`lib, bu yerda quyosh chiqishi, kun yoyilishi tasvir etilgan.
2. «Shu payt tong so`fisi ham paydo bo`lib, osmon bo`ylab o`z nurli joynamozini yoydi».
3. «Nilufariy osmon tepadan shabnamlar yog`dira boshlagan-da, sahar bog`ida sarig` lola ochila boshladi (ya`ni quyosh chiqa boshladi)».
4. «Obnus (qora daraxt)dan yasalgan panjara oqqa aylanib, sarig` manqaldondan o`t sochila boshladi (ya`ni tong yornb, quyosh nuri tarala boshladi)».
5. «Inson» so`zi o`rnida shoir «xoja» so`zini ishlatgan: «xoja», «ega», «xo`jayin» degan ma`nolarni bildirib, shoir bunda ko`ngul egasi — insonni tushunadi.
6. A`juba—ajoyib narsalar.
7. «Fikr qilib, qancha ko`p o`ylasa, bu orzuga erishish shuncha qiyinlashar edi. Qancha ko`p toat-ibodat qilsa ham bu pardadagi sirlar ochilmadi».
8. Bu bayt qofiyasida tajnis san`ati qo`llanilgan.
9. Xo`d— ikki chakka va iyakni yopib turadigan temir qalpoq.
10. Xalxol— oyoqqa taqiladigan halqa.
11. Bunda Navoiy sariq kasalini suvdagi baliqqa tikilish bilan tuzatish hodisasiga ishorat qilmoqda.
12. Nomiya — o`simliklarning avj olish xususiyati.
13. «Lola olifta qimorbozday hayajonlandi, tosidagi ikki tomchi shudring uning qimor o`yinidagi oshig`i bo`ldi».
14. «Ma`yuslik, umidsizlik uning aql ishlarini jinnilikka olib bordi, vasvasalar hushini oldi».
15. Bir dehqon — xudo ko`zda tutiladi.
16. «Haqiqat sirridin bahramand bo`lib, sen, yaxshisi, hammasiga ko`ngul ko`zi bilan boq!».
17. «Shamol ham, suv ham o`zicha kuy kuylarkan, yaratgan ularning har biriga o`ziga xos bir sirni ato etgan».
XIX
1. «Humoyun qanotli ul qush (ko`ngul)ning narsalar olami gulistonidan farishtalar olami shabistoniga parvoz qilib, u keng manzilning sham va mash`allarinnng so`zlovchi tili bilan asl yaratuvchi yodiga mashg`ul ekanini bilib, hayratdan bu olamdan boshqa bir olamga borgani va bu hayrat yana uni behush qilgani».
2. Bu baytda quyosh botib, qorong`i tusha boshlashi to`g`risida gap bormoqda. «Xo`tan go`zali»— Quyosh. Xo`tan — Sharqiy Turkistondagi bir shaxar nomi. Bu o`rinda ushbu so`z quyosh chiqadigan sharq ramzi ma`nosida qo`llanilgan.
3. Abhar shamim — nargis hidli. Ya`ni: «Nargis hidli varaqlarni shamol yopdi».
4. «Karak (bulduruq qush) egnini qisib, parda yopinganday o`ltirib oldi, parda qanotlarini ochib, ko`rshapalaklar ucha boshladi».
5. Osmonga qarab yo`l olgan boyqush doira shakldagi oyni o`ziga childirma qilib oldi».
6. «Ko`k o`lanlar atrofida rang-barang atir gullar yulduzlardan tashkil topgan lojuvard doiraga o`xshaydi».
7. «Bu kecha unga (ko`ngulga) yuz qiyinchiliklar yuz berdi; bu mashaqqatlarning biri ikkinchisidan ajablanarli edi». Oldingi baytlardagi bulduruq, ko`rshapalak, boyqush — bular xayoliy obrazlar. Bu obrazlar orqali shoir «humoyun qanotli ul qush» – ko`ngulning «farishtalar olami shabistoni»dagi hodisotlardan ta`sirlanishini go`yo voqelashtirib ko`rsatadi.
8. «Ul muqaddas qush (ko`ngul) navo istab, yana balandga havolandi». Endi bu — farishtalar olamidan boshqa, uni behush qiladigan yanada yuksak olam.
9. «Uning tuproqidan iborat vujudi yerda qolgan edi. O`zi falak yulduzi bo`lib, samoga ko`tarildi».
10. «Ruh qanotli qushga aylanib, tun qorong`usida sayr qilardi».
11. «Ushbu jannat bog`ining qushi birinchi chamanni sayr eta boshladi». «Birinchi chaman» — oy. Qadimgi Sharq astronomiyasining fikricha, oy birinchi ko`kda joylashgan. Navoiy keyingi misralarni tundagi oy tasviriga bag`ishlaydi. Oy avval oliy javhar halqaga o`xshatiladi. Shoir dostonning oldingi qismlarda sevib qo`llagan badiiy usuli — ruju`ga murojaat qilib, fikrini yana o`zgartiradi: «Xalqa dema, balki mudavvar lagan...» — Aylana laganning sham`i esa majlislarning mash`alidir...
12. «U (ko`ngul) yana bir (osmon) bog`iga kirib, joy oldi. Unda kumush badanli bir mahbuba turardi». Klassik poetikada tashxis degan san`at bor. Bu san`at shoirga borliqdagi jonsiz narsalarni jonlantirib, insoniy sifatlarda shaxslantirib tasvirlash imkonini beradi. Bunda Navoiy xuddi shu usulni qo`llagan. Chunki shoir nazarda tutgan «buti simnibadan» qandaydir «qoshi fusungar, ko`zi tannoz» bir malak emas, balki ikkinchi osmonda joylashgan Atorud (Merkuriy) sayyorasidir. Navoiy keyingi «nodirai nukta sanj» — Zuhra (Venera), Mirrix (Mars) Mushtariy (Yupiter), Zuhal (Saturn) planetalari xususida tashxis usulida mulohaza yuritgan. Dostonning bu va bunga o`xshash joylarida fantaziyaning roli nihoyatda katta.
13. Tahmtan — qudratli pahlavon Firdavsiy «Shohnoma»sidagi qahramon Rustami Zolning laqabi. «Qo`liga nayza ushlagan pahlavon» —Mirrix (Mars) Tahmtanga o`xshatilgan.
14. «Etti osmon unga borib tutashgan. «Ko`p burjlar»-(«Qur`on»dagi) haqidagi gap ham shu osmonga tegishli».
15. «Shundan keynn u (ko`ngul) eng yuqori osmonga (so`nggi to`qqizinchi osmon nazarda tutilayotir) bayroq tikdi, uning eng yuqoridagi poyasiga qadam qo`ydi».
16. «Bu yerda naq bir butxonaga ko`zi tushdi. Undagi har butning ko`rinishi durdonaga o`xshardi». «But» — budda so`zidan. Baytdagi fikr budda haykallari haqida. Butparastlik jahonga keng tarqalgan dinlardan biri. «Rivoyat qilinishicha, bu din asoschisi Budda insoniyatni azob-uqubatlardan qutqarish uchun yaralgan. Uning asli ismi Siddhargha Gautma. U miloddan avval 623—544 yillarda qadimgi Xindistonda yashagan.
U podsholikning valiahdi bo`lgan. Gautma o`ziga yaratilgan shohona hayotdan kechib, yoshlik yillaridayoq tarki dunyochilikka yuz burgan. U go`yo kishilar boshiga tushadigan kulfatlar sabablarini o`rganish va ularni bundan qutqarish maqsadida o`rmonga borib, diniy kitoblarni mutolaa qilgan, braxmanizmdan yuz o`girib, yangi diniy ta`limot yaratishga uringan. Nihoyat, 36 yoshida u «haqiqiy bilim»ni topganligini e`lon qilgan. Shundan so`ng Budda nomini olgan. Dastlab Banorasda, keynn umrining oxirigacha boshqa shahar va qishloqlarda o`z ta`limotini targ`ib qilgan emish. Bu shaxsning tarixda bo`lganligi haqida aniq ma`lumot yo`q. Buddizm tarqalgan juda ko`p Osiyo mamlakatlarida Budda haqida turli afsonalar paydo bo`lgan. Buddaning obrazi, unga qo`yilgan haykallar buddizmda muqaddas hisoblangan» (O`zSE. II tom. Toshkent, 1972. 455-bet). Navoiyning «but sajdasida butparast» so`zlari buddizm ta`limotiga ishoratdir.
XX
1. «Quyosh Sharqqa o`z bayrog`ini tikib, jahon mamlakatlarini birlashtirdi».
2. Ko`ngul bu dunyo sahnidan zavqlanib turganda, uning oldida ajoyib bir shahar paydo bo`ldi». «Ajoyib bir shahar» — bu o`rinda inson va uning gavda tuzilishi ko`zda tutilgan. Ushbu satrlardan boshlab inson organizmining tuzilishi, unga xos xususiyatlar, organizmdagi a`zolar to`g`risida gap boradi.
3. «Uning gavda tuzilishiga tartib berayotganda, uni to`rt javohirni bir-biriga qo`shib yaratgan». «To`rt javohir» — o`t, suv, havo, yer.
4. «Bundagi ikki javohir (o`t, havo) eng yuqori sifatli, qolgan ikkisi (suv, yer) esa quyi sifatlisi edi».
5. «Unda yongan o`tning Muso o`ti yanglig` yorug`i bor». Muso— yaxudiydikka e`tiqod qiluvchilar tomonidan payg`ambar deb e`tirof etilgan afsonaviy shaxs, iudaizm dinining asoschisi. Yuqoridagi «Muso o`ti» iborasining zamirida fantastik ma`no bor. Uni Navoiyning o`zi ham «Tarixi anbiyo va hukamo» asarida naql qilgan. Emishki, Shu`ayb alayhissalom Musoni uyiga chaqirib, hasab va nasabini» ma`lum qilib, sakkiz yil qo`ylariga qarash sharti bilan Safura ismli qizini unga berishga qaror bildiradi. Belgilangan muddat o`tgach u Musoni uylantirib, «molidin biror nima berib», uni Misrga jo`natadi. Muso besh kun yurib Tursuno tog`iga yetishadi. Oltinchi kun havo sovuq bo`lib, hamma yoqni bulut qorong`uligi qoplaydi. Ittifoqo, Safurada tug`ish to`lg`og`i boshlanadi. O`tga ehtiyoj paydo bo`ladi. Muso olov keltirish uchun tog` tomon yo`l oladi. Yurub-yurub bir daraxtda yorug`lik ko`radi. O`sha daraxtga chiqadi. «Va ul yorug`lik qoshida quyosh tiyra ko`rinadi». O`t negadir daraxt shoxlarini kuydirmaydi. Muso bundan qattiq hayratlanadi. Shunda «ano Olloh nidosi kelib, uning boshiga «risolat toji» qo`yiladi. U shu o`t yorug`ida go`yo Olloh diyoriga vosil bo`ladi. Navoiy esa talmih san`atiga asoslanib, maqsad yuzasida yana shu afsonaviy hodisani eslatayotir.
6. «Bu qasrning tuzilishi har qanday nozik aqlni ham hayron qoldiradi; uning loyihasidan chin naqqoshlarini lol bo`lmishlari tabiiy. Gap insonning boshi haqida bormoqda.
7. «Bu qasrga ajoyib bir eshik ochib qo`yilgan; undan duru gavhar sochiladi». Shoir mazkur baytda og`iz va undan chiqadigan tovush (so`z) ta`rifini bergan.
8. Mana bu gaplar lab va tishga doir; «Bu eshikning ikki tabaqasi ham la`ldan, uning har bir tishi toza durdan. Palosi yoqut bilan to`qilgan, durlar yoqutning orasida qolib ketgan».
9. Shoir qizilo`ngach, ahlat yo`llari haqida gapirib, bunda burun teshiklarini eslatadi.
10. «Bu shaboda shoh saroyigacha o`tib boradi, uning bazmiga yuz shodlik yetkazadi». «Shoh»dan muddao – aql, ong.
11. «Qasrda beshta sahn tayyorlangan bo`lib, u yerdan hamma yoqni tomosha qilish mumkin». Navoiy ana shu baytdan boshlab insonning besh sezgi a`zosiga doir mulohazalarini talqin etadi. Shoir ularda bilish nazariyasiga oid konцepцiyasini olg`a surgan. U besh sezgi a`zosini «Basirau somiau lomisa, Zoyiqau tomma bila xomisa, deb sanaydi. 1. Basira — ko`z, ko`rish sezgisi; 2. Somia — quloq eshitish a`zosi; 3. Lomisa — sezish a`zosi; 4. Shomia — hidlash a`zosi; 5. bilish a`zosi.
12. «U o`zligidan har bir mo`yigacha xabardor bo`lib, o`zini bilgan xudoni ham biladi» degan gap foyda berdi».
XXI
1. Xo`ja Bahovuddin Naqshbandiy— so`fizmdagi naqshbandiylik deb nom olgan panteistik oqimning asoschisi. U Buxoroda tug`ilgan (1314 melodiy). Naqshbandiylik mohiyati e`tibori idealistik ta`limot bo`lsa-da, unda dunyoviy va hayotiy tendenцiyalar muhim o`rin ishg`ol etgan. «Naqshbandiylik,— deb yozgan edi akademik I. Mo`minov,— tarki dunyo qilishga, dunyo ishlaridan voz kechishga qarshi chiqdi, real hayotning noz-ne`matlaridan foydalanish to`g`risida maslahat berdi va mehnat qilishga, bilim olishga chaqirdi. Naqshbandiylikning XIV asr sharoitidagi ma`lum progressiv ahamiyati ham shundan iboratdir, uning bu ijobiy tomoni O`rta Osiyo xalqlari malakiyati hamda adabiyotining rivojlanishiga ta`sir ko`rsatdi» (I. Mo`minov. Mirzo Bedilning falsafiy qarashlari. Toshkent, 1958. 17-bet). Mana shuning uchun ham Alisher Navoiy Naqshband g`oyalariga katta baho berib, o`zini naqshbandiylik sulukiga mansub bilgan edi.
Navoiy o`z qit`alaridan birida naqshbandlik tariqat shartlari (Ular to`rtta: 1. Xilvat dar anjuman; 2. Safar dar vatan; 3. Nazar dar qadam; 4. Hush dar dam) va ularga rioya qilish qoidalarining mohiyatini quyidagicha sharhlab bergan edi:
Qanoat tariqiga kir, ey ko`ngul,
Ki xatm o`lg`ay otini izzat sanga.
Desang shoh o`lay yeru ko`k basdurur,
Bu bir taxtu ul chatri rif`at sanga.
Fano shu`lasida yoshur jismni,
Kerak bo`lsa zarboft xil`at sanga.
Etar lola butgan qiyo qullasi,
Murod o`lsa gulgun hashmat sanga.
Erur bas arig` nuktai qon yoshing,
Duru la`ldin zebu ziynat sanga.
Desang xilvatim anjuman bo`lmasin,
Kerak anjuman ichra xilvat sanga.
Vatan ichra sokin bo`lub soyir
Safardin agar bo`lsa mehnat sanga.
Nazarni qadamdin yiroq solmag`il,
Bu yo`l azmi gar bo`lsa rag`bat sanga.
Damingdin yiroq tutmag`il hushni,
Ki yuzlanmagay har dam ofat sanga.
Bu to`rt ish bila rub`i maskun aro,
Chalinmoq ne tong ko`si davlat anga.
Bu ohang ila bo`lgusi naqshband,
Navoiy, agar yetsa navbat sanga.
Alisher Navoiy Xoja Bahouddin Naqshbandga «Nasoimul- muhabbat» asarida ancha keng o`rin ajratgan. «Xayratul-abror»dagi mazkur bob ham to`lig`icha Naqshband madhini aks ettiradi. Navoiy Naqshband ta`limotining sodiq tarafdorigina emas, ma`lum bir o`rinlarda targ`ibotchisi hamdir. Uning lirik merosida bo`lganidek, «Xamsa» dostonlarida ham Xo`ja Bahouddin aqidalariga hamohang fikrlar tez-tez ko`zga tashlanadi.
Masalan, «Saddi Iskandariy» dostonidagi
Musofir bo`l, ammo vatan ichra bo`l,
Tila xilvatu anjuman ichra bo`l,
degani naqshbandiylik tariqotining ayni ikki muhim shartining she`riy sharhidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |