Hunarmandchilik va savdo-sotiq. SHaharlar. Xorazm hunarmandchiligi ixtisoslashgan bo‘lishiga qaramay, yarim ko‘chmanchi xo‘jaliklarda uy hunarmandchiligi ustunlik qilgan. Hunarmandchilikning asosiy sohalaridan biri to‘qimachilik edi. Ko‘chmanchi aholining turli matolarga bo‘lgan talabi va qisman tashqi bozor uchun mahsulot etkazib beruvchi to‘qimachilik sanoati rivojini taqozo etgan. Xonlikda ipak, yarim ipak va paxta matolar ishlab chiqarilgan. Matolar asosan qo‘lda tayyorlangan.
Undan tashqari xonlikda kulolchilik, misgarlik, degrezlik, temirchilik duradgorlik kabi an’anaviy hunarmandchilik turlari ham rivojlangan. Manbalar shahar va qishloqlarda er haydaydigan moslama tayyorlovchilar (pazachi), ot abzali tayyorlovchilar (kuchanchi), misgarlar, zargarlar, pichoqchilar, qinchilar, bo‘yoqchilar, telpakdo‘zlar, qulfgarlar, juvozchilar, shamchilar, sovunchilar, novvoylar, oshpazlar kabilar maxsus kasb-hunarga ixtisoslashganliklari haqida ma’lumotlar beradi.
Xivada gilam to‘qish o‘zining qadimiy ahamiyatini xonlik davrida ham saqlab qoldi. Ilgarigidek, gilam to‘qish bilan turkmanlar ham shug‘ullanganlar. Xiva gilamlari ichki va tashqi bozorda mashhur bo‘lgan.
Umuman olganda, mahalliy hunarmandlarning mahsulotlari ichki va tashqi bozor uchun ishlab chiqarilgan. XVI asrning oxiriga kelib Amudaryo asosiy o‘zaning o‘zgarishi Xorazmning tashqi savdo aloqalariga ham ta’sir etdi. Xorazmning ilgarigi savdo markazlari o‘z ahamiyatini yo‘qota borib, Rossiya bilan savdo aloqalarida Volganing qo‘yi oqimlari orqali o‘tgan yo‘llar katta ahamiyat kasb eta boshladi. Astraxanda xivalik savdogarlarga imtiyozlar berilgan bo‘lib, ular rus savdo yarmarkalarida ishtirok etib turganlar. XVIII asrning o‘rtalaridan boshlab, Orenburg shahriga asos solingach Xiva savdogarlari Uralbo‘yi orqali savdo-sotiqni yanada jonlantirdilar. Xivadan Rossiyaga paxta matolar, mevalar, qimmatbaho toshlar, qog‘oz mahsulotlari, parcha va buyum shaklidagi ipak va yarim ipak matolar, gilamlar, tuya junidan matolar, qisman qorako‘l, guruch, sayg‘oq (kiyik) shohi, kashmir matosi kabi mahsulotlar olib borilgan. Rossiyadan esa Xivaga oltin va kumush tangalar, mis, cho‘yan, temir va boshqa metallar, paxta, ipak va yung matolar, bo‘yoqlar, shakar, choy, billur idishlar, oshlangan teri kabi mahsulotlar keltirilgan.
Xiva xonligi savdogarlari qo‘shni Buxoro va Qo‘qon xonliklari bilan, shuningdek, Xitoy, Eron, Afg‘oniston, Hindiston bilan ham savdo aloqalari olib borganlar. Bu davlatlarga Rossiyadan keltirilgan mahsulotlar bilan birga mahalliy mahsulotlar (zargarlik buyumlari, gilamlar, otlar) ham olib borilgan. CHet davlatlardan asosan turli matolar, metall, ziravorlar, bo‘yoqlar, fil suyagi, shakar (qand) kabi mahsulotlar keltirilgan.
Xiva xonligining YAngi Urganch, Kichik Vazir, Qiyot, Xonqa, Tirsak, Gurlan, Xazorasp, Qo‘ng‘irot, SHohabboz kabi shaharlari hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlari edi. Manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, XIX asrning birinchi yarmida YAngi Urganch himoya devorlari bilan o‘rab olingan savdo markazi bo‘lib, unda bir yarim mingta xonadon bo‘lgan. Urganchilik savdogarlarni nafaqat Buxoro, Qo‘qon va Turkiston bozorlarida, balki Astraxan, Orenburg, Nijniy Novgorod, Moskva, Qashg‘ar, Mashhad, Qobul bozorlarida ham ko‘plab uchratish mumkin bo‘lgan. Urganch bozorlari asosan ichki savdo mahsulotlariga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, tashqi savdo uchun mahsulotlar yirik savdogarlarning uylaridagi ustaxonalarda tayyorlangan.
SHaharda 300 ga yaqin savdo do‘konlari bo‘lgan. XVII-XVIII asrlarda Qiyot shahri saroylari, machit va madrasalari bilan shuhrat qozongan bo‘lib, XIX asrning birinchi yarmidan o‘z ahamiyatini yo‘qota boshlaydi va 50-60 xonadondan iborat qal’aga aylanadi. Bu erda 30 ga yaqin do‘konlar bo‘lib, seshanba va shanba kunlari bozor bo‘lgan.
Juvarxas kanalining Amudaryodan suv oladigan joyida joylashgan Xazorasp shahri barcha qo‘layliklarga ega edi. SHaharda sakkizta machit va shuncha madrasa bo‘lib, 450-500 ta xonadon istiqomat qilgan hamda 400 ga yaqin savdo do‘konlari mavjud bo‘lgan. Hunarmandchilik mahsulotlari asosan do‘konlarda va qisman uylarda tayyorlangan. Hazoraspda katta bozor dushanba va juma kunlari bo‘lgan.
Xonlikdagi yirik savdo-hunarmandchilik markazlaridan biri Gurlan
edi. Manbalarga ko‘ra, XIX asrning o‘rtalarida shaharda, atrof hududlar bilan qo‘shib hisoblaganda uch mingtagacha xonadon istiqomat qilgan.
SHaharda ko‘plab machit va madrasalar, bog‘lar tutzorlar bo‘lib, dalalardagi sholi, paxta va bug‘doydan yaxshi hosil olingan.
Ma’lmuki, XVII asrning boshlariga kelib Xiva butun xonlikning poytaxtiga aylangan edi. Arabmuhammadxon davrida Xivada yirik madrasa bunyod etilgan bo‘lsa, Abulg‘ozixon davridan boshlab shaharning siyosiy –ma’muriy va iqtisodiy mavqei yanada ko‘tarildi. Poytaxt shahar sifatida shaharning mavqeini mustahkamlash maqsadida XIX asrning oxirlariga qadar Xivada ko‘plab machit va madrasalar, bozorlar va karvonsaroylar, saroy va minoralar, hammomlar bunyod etildi. Manbalarga ko‘ra, Xiva bozorlari haftaning deyarli barcha kunlari ishlab, raislar tomonidan boshqarilgan. Rus sayyohlari Xiva bozorlarini gavjumligi va mahsulotlarga boyligi, ajnabiy savdogarlarning ko‘pligi bilan Buxoro va Qo‘qon bozorlaridan qolishmasligi haqida ma’lumotlar qoldirganlar.
Xiva xonligi madaniyati ko‘pgina o‘ziga xosliklarga ega. Bu adabiyot, tarixnavislik, me’mochilik va madaniyatning boshqa sohalarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xiva xonligida ham asosiy ilm dargohlari madrasalar edi. Quyi ta’lim, ya’ni boshlang‘ich maktablarda savodini chiqargan kishilar xonlik poytaxti Xivadagi madrasalarda, Shuningdek Buxoro madrasalarida o‘qib ta’lim olardilar. Manbalarning guvohlik berishicha, 19-asrda xonlikda 1500 ga yaqin boshlang‘ich maktab va 130 ta madrasa bo‘lgan. Xususan, Xivada 22 ta madrasa bo‘lib, ular ichida Muhammad Rahimxon, Sherg‘ozixon, Raxmonberdiboy, Olloqulixon, Xoja Mahram, Fozilbek, Davlat Qorako‘z, Bekniyoz Devonbegi madrasalari katta mavqega ega edi.
Xorazm madaniyatining eng rivojlangan davri 19-asrga to‘g‘ri keladi. Bu davrda adabiyot, tarixnavislik va xattotlik, musiqa san’ati, me’morchilik va madaniyatning boshqa sohalarida katta yutuqlar qo‘lga kiritildi. Adabiyot sohasida Muhammad Rizo Ogahiy (1809-1874) badiiy merosi katta o‘rin tutadi. Shuningdek shoir, musiqashunos, xattot va taniqli naqqosh Komil Xorazmiy (1825-1899) o‘z o‘rniga egadir. Xorazm muhitida yaratilgan tarixiy asarlar orasida Abulg‘ozixonning “Shajarayi turk” asari etakchi o‘rin egallaydi. Ogahiy tomonidan yaratilgan “Zubdat ut-tavorix”, “Riyoz ud-davla”, “Jomiy’ ul-voqeoti sultoniy” kabi tarixiy asarlar ham Xorazm tarixnavislik maktabining nodir namunalaridir. Xiva xonligining tarixiga bag‘ishlangan asarlar ichida Muhammad Yusuf Bayoniy (1859-1923) ning “SHajarayi XoramShohiy” asari katta o‘rin tutadi.
Xiva olimlari va tarixchilari o’z asarlarini yangi o’zbek tilida yozib, tarixshunoslikka katta hissa qo’shganlar. Xiva xonligida doston kuylovchilar-bahshilar ko’p bo’lgan. Xonlikda ayol ashulachilar ham bo’lgan. Ularning ko’pi faqat ashula aytish bilan bilan cheklanmay, san’atning boshqa turlaridan ham xabardor bo’lishgan. Bunday ayollar xonlikda xalfalar nomi bilan atalgan, Ularning bu nomlari arabchadan olingan bo’lib, ergashmoq, o’rnini bosmoq ma’nolarini bildirgan.
Xiva xonligidagi me’morchilik avvalo shaharlar rivoji bilan bog‘liq ravishda taraqqiy etib bordi. Xiva eng katta shahar bo‘lib, u 3 qismdan: xon qarorgohi, saroy (Ichonqal’a, Dishonqal’a), bevosita shahar va shahar atrofi – rabotdan iborat edi. Shaharda 19-asr boshlarida 22 ta madrasa, 17 ta masjid, bir necha karvonsaroy, hammom va yopiq bozorlar mavjud bo‘lgan. Xazorasp, Gurlan, Urganch, Toshxovuz, Vazir, Shohabbos, Xonqa, Xo‘jayli, Qo‘ng‘irot kabi o‘rta kattalikdagi shaharlar, Pitnak, G‘azovot, Mang‘it va boshqa kichik shaharlar bor edi. Xorazm O‘rta Osiyoda o‘ziga xos uslubga, o‘z me’morchilik maktabiga ega bo‘lgan vohadir. Buni Xivada va xonlikning boshqa shaharlarida 16-19-asrlarda qurilgan ko‘plab inshootlarida ko‘ramiz. Xivadagi me’moriy obidalar ichida 1616 yilda barpo etilgan Arab Muhammad madrasasi, Anushaxon tomonidan qurilgan masjid va hammomlarni (17-asr oxiri), 1719 yilda qurilgan Sherg‘ozixon madrasasini va boshqa binolarni misol qilish mumkin. Ular Xiva me’morchilik maktabining birinchi davriga xosdir.
Xorazm O’rta Osiyoda o’ziga xos uslublarga boy bo’lgan mehmorchilik maktabiga ega voha hisoblanadi. Bu hududda paydo bo’lgan mehmoriy inshootlar nafis bezaklari, jimjimador naqshlari bilan Xorazm mehmorchilik maktabining o’ziga hosligini ko’rsatib turadi. XVIII- XIX asrlarda Xiva xonligida ko’plab inshootlar bunyod etildi. Ayniqsa xonlikning poytaxtlari Urganch va Xiva shaharlarida ko’plab saroylar, masjid va madrasalar, xonaqolar, karvonsaroylar, yopiq bozorlar qurilgan. Xivadagi mehmoriy yodgorliklar asosan Ichan (ichki) qalhada bunyod etilgan. Xonning yozgi qarorgohi bo’lgan Dishan (tashqi) qalha ham nodir mehmorchilik namunasi hisoblanadi. Xonlikdagi boshqa shaharlar – Yangi Urganch, Hazorasp, Toshhovuz, Yangi Vazir, Shohabboz, Gurlan, Xo’jayli, Qo’ng’irot kabilar mudofaa devorlari bilan o’rab olinib, ularda ham ko’plab mehmoriy inshootlar bunyod etilgan.
Xiva me’morchiligining eng rivojlangan davri 19-asrga to‘g‘ri keladi. Bu davr inshootlari ichida Eltuzarxon tomonidan 19-asr boshlarida qurilgan Ko‘rinishxona binosini, Olloqulixon davrida qurilgan Toshxovlini (1832), Said biy masjidini (1835), madrasani, karvonsaroy va bozorni, Muhammad Raxim birinchi davrida barpo etilgan Polvon darvozani, Muhammad Aminxon madrasasini, Polvon ota masjidini (1811) va boshqa inshootlarni aytib o‘tish mumkin.
Xiva xonligida XVII asrda ro‘y bergan madaniy hayotdagi tushkunlik Buxoro xonligidagiga qaraganda kuchliroq bo‘lgan. Bu shunda yaqqol ko‘rinadiki, Xorazmda Abulg‘ozi Bahodirxon xon bo‘lgan davr (1644–1663)da Xorazm tarixini yozib qoldirish masalasi ko‘tarilganda, bu ishni eplay oladigan bir kimsa topilmagan.
XVII asrda yashab ijod qilgan Abulg‘ozi Bahodirxon oliy nasab, toj-taxt sohibi, o‘z sulolasining shon-u shuhrati uchun kurash olib borgan, ayni choqda parchalanib ketayotgan Xiva xonligini kuchli markazlashgan davlatga aylantirish uchun ham qurolbilan, ham qalam bilan kurash olib borib, nisbiy osoyishtalik o‘rnatishga erisha olgan hukmdor ham edi. U qoloqlashib qolgan Xorazmni ham iqtisodiy, ham madaniy jihatdan yuqori ko‘tarishga intildi. Hukmdor sifatida bekliklar o‘rtasidagi ziddiyatlar, o‘zaro qirg‘in urushlarga barham berishga qaratilgan tadbirlar ko‘rgan bo‘lsa, ijodkor sifatida «Shajarayi turk», «Shajarayi taroqima» va «Manofe’-ul-inson» («Inson uchun foydali tadbirlar») kabi tarixiy-badiiy hamda tabiblikka oid nodir kitoblar yozadi. Abulg‘ozi Bahodirxonning birinchi yodgorliklar asari «Shajarayi tarokima» yarim afsonaviy xususiyatga ega bo‘lsada, u mahalliy xalqlarning kelib chiqishi va ularning qadimiy tarixiga oid ma’lumotlar beradi. Abulg‘ozi Bahodirxonning ikkinchi qimmatli asari «Shajarayi turk» bo‘lib, uni oxiriga qadar yozib tugata olmadi. Bu asarni Abulg‘ozi vafotidan so‘ng o‘g‘li Anushaxonning topshirig‘iga ko‘ra urganchlik mulla va Abulg‘ozining qarindoshi Mahmud Ibn Muhammad Urganjiy yozib poyoniga yetkazadi. Bu taxminan 21 sahifani tashkil etgan qo‘shimcha edi, xolos. «Shajarayi turk» asari qisqa muqaddima va to‘qqiz bobdan iborat bo‘lib, Odam Atodan to turklarning qadimgi xonlaridan Mo‘g‘ulxongacha kechgan hodisalar va shunindek Shaybon avlodidan Xorazm mamlakatida podsholik qilganlar zikrini o‘z ichiga oladi.
Abulg‘ozining «Shajarayi turk» asari o‘sha davrning eng noyob asarlar jumlasidandir. Shu bois mojar (Venger) sharqshunosi G.Vamberi: «Jahon uning «Shajarayi turk» nomli tarixiy asari uchun undan minnatdordir degan. Abulg‘ozi Bahodirxonning «Shajarayi turk» va boshqa asarlari nafaqat Sharq tarixchilari, balki butun dunyo ilmiy jamoatchiligining ham diqqat e’tiborini o‘ziga tortgan, juda ko‘plab jahon xalqlarining tillariga tarjima qilingan. Jumladan «Shajarayi turk» asari rus tilida 1825, 1854 va 1871-yilda Qozon shahrida, «Shajarayi tarokima» asari esa 1898 va 1906-yilda bir necha marotaba nashr etilgan. 1871–1874-yillar orasida P.N. Demezon «Shajarayi turk»ni frantsuz tiliga ag‘daradi. Bu asar Angliya va Amerika xalqlari orasida ham keng tarqalgan. Abulg‘ozi Bahodirxon o‘zining «Shajarayi turk» asari bilan Xorazm tarixchilik maktabiga asos soladi. Xorazm xalqining buyuk farzandi Abulg‘ozi boshlagan g‘oyatda ulug‘ va mo‘tabar ishni undan keyingi avlodlar, Munis Xorazmiy va Muhammad Rizo Ogahiylar davom ettiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |