Jismoniy tayyorgarlik tadbirlarini rejalashtirish amallari:
birlashma, qo‘shilma, harbiy qism va muassasa miqyosida – shtab boshlig‘i, komandirning jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari, jismoniy tayyorgarlik va sport boshlig‘i (shtatdan tashqari jismoniy tayyorgarlik va sport boshlig‘i) tomonidan;
alohida batalon miqyosida – batalon komandirining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari (agar shtatda batalon komandirining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari ko‘zda tutilmagan bo‘lsa – shtab boshlig‘i) va shtatdan tashqari jismoniy tayyorgarlik va sport boshlig‘i tomonidan;
batalon miqyosida – batalon shtabi boshlig‘i tomonidan;
vzvod miqyosida – vzvod komandiri tomonidan bajariladi (mazkur Qo‘llanma matni davomida vzvod tushunchasi ostida batareya va shu kabi vzvodga tenglashtirilgan boshqa bo‘linmalar nazarda tutiladi).
Jismoniy tayyorgarlikka oid asosiy tadbirlar tegishli hujjatlarda aks ettiriladi. Jumladan:
harbiy okrug (birlashma) miqyosida o‘tkaziladigan tadbirlar – harbiy okrug (birlashma) qo‘shinlari va boshqaruv organlarini tayyorlash maqsadida o‘quv yili uchun ishlab chiqilgan rejada;
qo‘shilma, harbiy qism (muassasa) miqyosida o‘tkaziladigan tadbirlar – qo‘shilmaning (harbiy qism, muassasaning) o‘quv yili uchun ishlab chiqilgan jangovar, safarbarlik va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik rejasida aks ettiriladi.
Ushbu hujjatlarda:
jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulot rahbarlariga yo‘l-yo‘riq beriladigan uslubiy hamda ko‘rgazmali mashg‘ulotlar mavzularining majmui va bunday mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan muddatlar;
ofitserlar, serjantlar va oddiy askarlar tarkibiga mansub shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar bilan jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan hafta kunlari va buning uchun ajratilgan vaqt;
shaxsiy tarkibning jismoniy tayyorgarlik saviyasini tekshirish maqsadida olib boriladigan nazorat mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan kunlar;
o‘quv yili davomida o‘tkaziladigan asosiy sport tadbirlarining kalendarli rejasi ko‘rsatib o‘tiladi.
Vzvod miqyosida hafta davomida o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar jadvalida:
ertalabki badantarbiya varianti va uning mazmuni;
jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar mavzulari, qisqacha mazmuni va o‘tkazish uslubi;
o‘quv-jangovar faoliyat jarayonidagi yo‘l-yo‘lakay bajariladigan jismoniy mashqlar mazmuni;
ommaviy-sport ishlariga oid tadbirlar o‘tkaziladigan vaqt va ularning qisqacha mazmuni ko‘rsatib o‘tiladi.
Bundan tashqari, vzvodda tegishli oy davomida olib boriladigan ommaviy-sport ishlarining rejasi ishlab chiqiladi.