53-§. Fonografema tovush tilidagi fonemani ifodalaydi: a fonografemasi "a" fonemasini, z fonografemasi "z" fonemasini ifodalagani kabi.
Fonografemaning ifoda plani (optik-grafik tasviri) bitta harfga teng bo’lishi (masalan, k) yoki ikki harf qo’shilmasidan tarkib topishi (masalan, ng) mumkin. Bunday paytda ular monograf (bir harfli fonografema) va poligraf (ko’p harfli fonografema) nomlari bilan farqlanadi. Poligraflar o’z navbatida ikki harfli (digraflar), uch harfli (trigraflar) va hatto to’rt harfli shakllarda bo’lishi mumkin. Hozirgi lotin o’zbek yozuvida ng,sh,ch poligraflari mavjud. Poligraflar tilshunoslikda analitik grafemalar deb ham ataladi.45
Fonografemaning mazmun planida bitta yoki bir necha fonema kodlashtirilgan bo’lishi mumkin. Chunonchi, o’zbek yozuvidagi o’ fonografemasining mazmun planida bitta "o’" fonemasi (o’zbek tilining lablangan, o’rta keng unlisi), q fonografemasining mazmun planida bitta "q" fonemasi (o’zbek tilining chuqur til orqa "q" undoshi) kodlashtirilgan. Bular grafemikada monofonemali grafemalar deb nomlanadi;46 o’zbek yozuvidagi o va j fonografemalarida esa boshqacharoq holat kuzatiladi: o fonografemasining mazmun planida ikkita fonema- o’zbek tilining quyi keng "o" unlisi (ota so’zi boshidagi fonema) va rus tilining o’rta keng, lablangan "o" unlisi (tonna so’zining urg’uli bo’g’inidagi "o" fonemasi) kodlashtirilgan; j fonografemasining mazmun planida ham ikkita fonema –sirg’aluvchi j (jurnal so’zi boshidagi undosh) va qorishiq "j"(dj) (juda so’zi boshidagi undosh) kodlashtirilgan. Bunday fonografemalar grafemikada bifonemali grafemalar deb yuritiladi.47
Fonografemalarning monograf, poligraf, monofonemali va polifonemali xarakterda bo’lishi ularning paradigmatik tavsifiga xosdir. Sintagmatik tavsifda (yozma nutq oqimida) esa grafemalarning yana bir qator xususiyatlari borligi ko’zga tashlanadi. Xususan, ong, ming so’zlaridagi n va g harflari bir tovushni (sayoz til orqa "η"ni), menga, senga so’z shakllarida esa shu ikki harf bir "η"ni emas, ikki tovushni ("n" va "g"ni) ifodalamoqda. Shunga ko’ra, ong, ming so’zlaridagi ng digrafi sintagmatik planda analitik grafema (yozma nutq oqimida ikki harf bir tovushni ifodalagani uchun), menga, senga so’z shakllaridagi n va g harflari esa oddiy grafemalar (yozma nutq oqimida ikkita boshqa-boshqa tovushni ifodalagani uchun) hisoblanadi; Kirill o’zbek yozuvidagi e monografida esa boshqacharoq holat (grafik qoida) kuzatiladi: u so’z yoki bo’g’in boshida bir yo’la ikki fonemani – "й+э" ni ifodalaydi, demak, sintetik xarakterdagi grafema sanaladi (mas., елкан so’zida), boshi yopiq yoki to’la yopiq bo’g’in tarkibida esa e monografi bitta "e" unlisining o’zini ifodalaydi, demak, oddiy grafema xarakterida (bir tovushga bir harf munosabatida) bo’ladi. (mas., мен so’zida) Bu hol turli fonetik-grafik pozitsiyada qo’llangan э va e grafemalari o’rtasida sinonimik munosabatni ham shakllantiradi. Qiyos qiling: экин (э-"e")-текин (э-"e"). Bu ikki so’zda ifoda plani (shakli) har xil bo’lgan э va e grafemalari bitta "э" unlisini ifodalagan. Bunday holni парад va наряд (a va я ="a"), суд va салют (у va ю ="у"), флот va слёт (o va ё = "o") so’zlari tarkibidagi grafemalar sinonimiyasida ham ko’ramiz. Bular rus grafikasiga asoslangan o’zbek yozuvi fonografemalarining strukturaviy va funksional, paradigmatik va sintagmatik xususiyatlari ancha murakkabligidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |