3. Sememaning tarkibi
Leksema nomemasi fonemalar tizmasidan iboratligi haqida gapirib o’tdik. Fonemalar tizmasi bir necha fonemaning oldinma-keyin kelishi demakdir. Binobarin, har bir nomema tarkibiy qismlarga — alohida-alohida fonemalarga ajraladi. Masalan, quyidagi leksemalarning nomemalarini solishtirsak, buning guvohi bo’lamiz: [ber; bir; bo’r; bur; bor; ter; ber; sher; bez; bek; bel; bet].
Tilimizdagi fonemalarning tarkibiy qismlarga, muayyan farqlovchi belgilarga ajralishini ko’rib o’tgan edik. Nomema va fonemalarda bo’lgani kabi sememada ham tarkibiy qismlar, sememani tashkil etuvchi mantiqiy bo’laklar mavjud va ular ham ajratiladi. Tilshunoslikda sememani hosil qiluvchi ma’no bo’laklari (sememaning tarkibiy qismlari) sema deb aytiladi. Masalan, [daraxt] leksemasining sememasini olsak, bu semema taxminan quyidagi ma’no bo’laklaridan, tarkibiy qismlardan — sememalardan iboratdir: 1) «predmet», 2) «o’simlik», 3) «yerda o’suvchi», 4) «tanali», 5) «ildizli», 6) «shoxli», 7) «bargli». Binobarin, bu o’rinda [daraxt] leksema sememasining yettita ma’no bo’lakchalari — semalari ma’lum bo’ldi, xolos. Semalar sanog’ini yana davom ettirish mumkin. Ayni vaqtda ushbu semalarning o’ziyoq [daraxt] leksemasi haqida muayyan tasavvur bera oladi. Shuni ham aytish kerakki, semema tarkibidagi semalar tabiati bir xil emas. Semalar ma’no xususiyatiga, umumiylik darajasiga ko’ra o’zaro farqlanadi. Ma’no xususiyatiga ko’ra semema tarkibidagi semalar uch xil bo’ladi:
Atash semalari (denotativ semalar).
Ifoda tasvir, qo’shimcha ma’no semalari (konnotativ semalar).
Vazifa semalari (funksional semalar).
Har bir semema tarkibida shunday semalar mavjuddir. Ammo ularning (har bir semaning) muayyan semema tarkibidagi o’rni, ahamiyati, mavqei turlicha bo’ladi.
Atash semalari ob’ektiv borliqdagi narsa-buyum, belgi-xususiyat, miqdor kabilarni atovchi, nomlovchi semalardir. Ular ongimizdagi tushunchalar bilan sememalarning aloqasini belgilab beradi. Masalan, yuqorida keltirilgan [daraxt] leksema sememasining barcha semalari atash semalaridir. Avval ko’rib o’tilgan [tuzuk], [durust], [yaxshi], [ajoyib] leksema sememalarining belgining darajasiga ko’ra ajratiluvchi ziddiyat belgilari ham atash semalaridir. Bu qatordagi so’zlarining atash semalarini quyidagicha ko’rsatish mumkin: 1) «belgi», 2) «barqaror belgi», 3) «sifat belgi», 4) «shaxsiy baho», «ijobiy», 5) «ichki-tashqi». Ushbu atash semalari qayd etilgan so’zlarning barchasi uchun umumiydir. Ayni semalar orasidagi farq esa belgining me’yordan ikki pog’ona («tuzuk»da), bir pog’ona («durust»da) pastligi, me’yordaligi («yaxshi»da), me’yordan bir pog’ona yuqori («ajoyib»da) ekanligidadir. [ota], [ona], [aka], [ona] leksema sememalaridagi atash semalarini quyidagicha ajratish mumkin: 1) «qarindosh», 2) «qon-qarindosh», 3) «bevosita mendan katta». Bu uch sema har to’rtala leksema sememalari uchun umumiydir. «I avlod» semasi. [ota], [ona], ni [aka], [opa] dan ajratadi. Chunki keyingi ikki leksema sememasi uchun 6) «men» bilan bir avlodga mansublik» semasi xosdir. [ota] va [ona], [aka] va [opa] leksema sememalari 7) «erkak jinsiga mansub»; 8) «ayol jinsiga mansub» semalariga ko’ra o’zaro farqlanadi. Demak: [ota] = qarindosh, qon = qarindosh, bevosita «men» dan katta;
«I avlod», erkak.
[ona] = qarindosh, qon = qarindosh, bevosita «men» dan katta;
«I avlod», ayol.
[aka] = qarindosh, qon-qarindosh, bevosita «men»-dan katta; bir avlod, erkak.
[opa] = qarindosh, qon-qarindosh, bevosita «men» dan katta, bir avlod, ayol.
Sememalarni semalarga ajratishda, semalarning o’ziga xosliklarini aniqlashda sememalar, albatta, leksemalar qatori (paradigmasi)da ko’rib chiqilishi va tahlil etilishi lozim. Aks holda, qaysi xil sememalar ahamiyatli (relevant), qaysi xillari esa ahamiyatsiz (irrelevant) ekanligini aniqlolmay qolamiz. Chunonchi, rus tilida «sestra» leksema sememasida «qarindosh», «qon-qarindosh», «bevosita», «bir avlod», «ayol» kabi semalar mavjud. Ammo «mendan katta // kichik» semasi yo’q. Chunki rus tili qon-qarindoshlik leksemalari paradigmasida [sestra] leksemasi shu belgi asosida biror leksemaga zid quyilmaydi. O’zbek tilida esa bunday ziddiyat bor. Qiyoslang: [opa], [singil] ; [aka] : [uka]; [baytal] : [biya] va b. O’zbek tilidagi oxirgi har ikkala leksema, ham «urg’ochi» semasiga ega. Ammo bu leksemalar orasidagi ziddiyat «urg’ochi» semasi asosida emas, balki — «qulunli» semasi asosida voqelashdi. Ushbu ziddiyat noto’liq bo’lib, [biya] kuchli, [baytal] esa zaif a’zodir. Rus tilida esa [kobыla] leksema sememasida «qulunli // qulunsiz» semasi yo’q. Chunki leksemalar paradigmasida ham leksemalarning ayni belgiga ko’ra ziddiyati yo’q.
Demak, sememaning semalar tarkibini aniqlashda leksik paradigma hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Sememaning semalar tarkibidagi atash semashari sememaning eng muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Chunki muayyan leksema mana shu semalar orqali ongimizdagi tushunchalar bilan bog’lanadi. Shuning uchun an’anaviy tilshunoslikda ma’nodoshlik (sinonimiya) munosabatlarini aniqlashda, asosan, atash semalariga tayaniladi. Atash semalari sememani muayyan tushuncha bilangina bog’lab qolmay, balki voqelikdagi leksema ifodalanmishining xususiyatlarini ham o’z ichiga oladi. Ammo ifodalanmish xususiyatlarini ifodalovchi atash semalari semema tarkibida hamma vaqt ham markaziy o’rinni egallamaydi, bo’rttirilmaydi. Masalan, [ota] sememasining atash semalari qatorida «g’amxur», «ta’minotchi», «yo’l ko’rsatuvchi» kabi, ona sememasida esa «g’amxur», «mushfiq», «hamdard» kabi atash-xususiyat semalarini ham ko’rish mumkin. Ifodalanmish xususiyatlarini ifodalaydigan atash semalarini shartli ravishda yo’ldosh-atash semalari deb nomlaymiz. Tilshunoslikda bunday semalar periferiya (chekka) semalari, yo’ldosh semalar (periferiynыe i sopustvuyuщiye semы) deb ataladi. Yo’ldosh semalar deyarli har bir semema tarkibida mavjud. Masalan, [bo’ri] sememasi «hayvon», «sut emizuvchi hayvon», «yovvoyi hayvon», «yirtqich hayvon», «itlar oilasndan» kabi atash semalari bilan birga «qonxo’r», «rahmsiz», «o’z manfaatidan boshqa narsani ko’zlamaydigan» kabi yo’ldosh semalarga ham ega. [arslon]) sememasi esa «qo’rqmas», «mo’ljalidan qaytmas», «ochiq hujum qiladigan» kabi yo’ldosh-atash semalariga egadir.
Yo’ldosh-atash semalari ko’p hollarda ifoda semalari bilan bog’lanib, ifoda hamda atash semalari orasida oraliq uchinchi vazifasini o’taydi.
Ifoda semalari deganda semema tarkibidagi, atash semasidan tashqari, turli qo’shimcha ma’nolarni (uslubiy buyoqni, shaxsiy munosabatni, qo’llanish doirasini) anglatuvchi semalar tushuniladi. Atash semalari kabi ifoda semalari ham leksemalar paradigmasida aniqlanadi. Chunonchi, [yuz], -[aft], [bet], [bashara], [turq], [chehra], [jamol] leksik paradigmasini olaylik. Ushbu qatordagi atash semalari bir xil. Ular bir ifodalanmishni (anglatmishni) ifoda etadi. Ammo bu qatordagi [yuz], [bet], [aft], [bashara], [turq] leksemalari so’zlovchi salbiy munosabatining darajasiga ko’ra o’zaro darajali ziddiyatga ega. Bu o’rinda salbiy munosabat [aft] dan [turq]qa tomon o’sib boradi. [yuz] : [chehra] : [jamol] so’zlarida esa aksincha. Ya’ni bu leksemalarda ijobiy munosabat semalari mavjud. Bu so’zlar ham o’zaro darajali ziddiyatni tashkil etadi. Aniqrogi, [yuz] sememasida shaxsiy munosabat aniq belgilanmagan (ya’ni u ziddiyatning zaif a’zosi). Boshqa leksemalarda esa shaxsiy munosabat aniq ifodalangan (ya’ni ular noto’liq ziddiyatning kuchli a’zosi). Ayni leksemalar o’z navbatida «salbiy», «ijobiy» belgisi (semasi) asosida teng qiymatli ziddiyatni- hosil qiladi. Bular o’z navbatida belgining I, II, III, VI va h. k. darajasiga ko’ra o’zaro mutanosib darajali ziddiyatlarni hosil etadi.
Ifoda semalari semema tarkibida, albatta, berilgan bo’ladi. Ular leksemalarni farqlashga xizmat qiladigan yoki oddiy, ifodalanmagan, neytral bo’lishi mumkin. Shuning uchun tilshunoslikda leksemalarni farqlovchi semema tarkibidagi ifoda semalari (ingerent konnotadiya va muayyan sharoitdagina (matnda, ko’pincha ko’chma ma’noda ishlatilganda) hosil bo’ladigan ifoda semalari (adgerent konnotatsiya) farqlanadi. [yuz] : [bet] ... paradigmasidagi ifoda semalari semema tarkibiga kiruvchi semalardir. [daraxt] sememasida ifoda semasi oddiy, belgilanmagandir. [chinor] leksemasida esa ifoda semalari semema tarkibiga kirmaydi. Ammo muayyan matnda, nutq sharoitida bu so’z ifoda semalariga (umrboqiy», «sershox», «mustahkam» va h. k.) ega bo’lishi mumkin.
Ifoda semalari nafaqat shaxsiy munosabatni, balki boshqa uslubiy buyoqlarni, uslubiy xususiyatlarni ham o’z ichiga oladi. Masalan, [turq], [bashara], leksemalari [aft], [aft-angor] leksemalariga «jonli tilga xos» semasiga ko’ra, [ajib] leksemasi [ajoyib] leksemasiga «kitobiylik», [g’alati] leksemasi esa [ajoyib] leksemasiga «jonli so’zlashuv tiliga xos» semasiga ko’ra ziddir. Bu semalar ham ifoda semalari sirasiga kiradi.
Hozirgi kunda —«yangilik» semasi bilan ajralib to’rgan juda ko’p leksemalar 1930—88 yillarda qo’llanilgan leksemalar o’rnida ishlatilmoqda. Masalan, [samolyot] : [tayyora], [aeroport] : [tayyoragoh], [oppozitsiya] : [ziddiyat], [assimilyatsiya] : [singish] va h. k. Badiiy adabiyotda o’tmish davri nutqini, ruhini to’g’ri aks ettirish uchun mualliflar maxsus eskirgan so’zlardan ham keng foydalanadilar. Arxaizm va istorizm deb ataluvchi bunday leksemalar «eskirgan» semaga ega bo’ladi, [aeroplan] : [samolyot] va h. k. Ifoda semalari undov va taqlidiy so’zlarda benihoya kuchli bo’lib, semema tarkibida asosiysanaladi. [oh], [uh], [voybu] kabi undovlarda ma’lum bir holat yoki his-hayajonni atashdan, nomlashdan ko’ra uni ifodalash, tasvirlash kuchli bo’ladi. Xuddi shunga o’xshash hodisani [tiq-tiq], [taq-taq] kabi leksemalarda ham ko’rish mumkin.
An’anaviy tilshunoslikda so’zlarning uslubiy buyog’i (ya’ni ifoda semalari) asosida so’zlarning uslubiy tasnifi keng o’rganilgan. Bu tasnifda so’zlar, asosan, umumiste’mol so’zlari, qo’llanishi cheklangan so’zlar, uslubiy buyoqda ega so’zlar, kitobiy so’zlar va so’zlashuv tiliga xos so’zlar kabi guruhlarga bo’linib, maktab va oliygoh darsliklarida, ilmiy tadqiqotlarda keng izohlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |